TOKSOPLAZMOZ — ichki aʼzo va sistemalar funksiyasini izdan chiqaradigan parazitar kasallik; bir hujayrali sodda hayvon — toksoplazmalar qoʻzgʻatadi. Odam, hayvon (choʻchqa, quyon, qoramol, qoʻy, kiyik, tulki, olmaxon, yumronqoziq) va parrandalar (tovuq, oʻrdak, kaptar)da uchraydi. Kasallik manbai, asosan, itlar, mushuklar va Toksoplazmoz bilan ogʻrigan bemor hisoblanadi; ular oʻzlarining soʻlagi, siydigi, najasi, suti, burun shilimshigʻi orqali tashqi muhitga koʻplab kasallik qoʻzgʻatuvchisini tarqatadi. Toksoplazmalar odamga ovqat mahsulotlari (xom goʻsht, pishirilmagan sut, xom tuxum) orqali, shuningdek, bevosita kasal hayvonlar bilan muloqotda boʻlganda (chorvachilik xoʻjaliklari va goʻsht kti xodimlari yoki teriga ishlov beruvchilar) yuqishi mumkin. Uy sharoitida, ayniqsa, ayollar qiyma taʼmini totib koʻrganida ham toksoplazma yuqadi. Toksoplazma shilliq pardalar (ogʻiz, burun, koʻz shilliq pardasi) yoki chaqalangan teriga tushishi, shuningdek, transmissiv va b. yoʻllar bilan yuqishi mumkin. Odam organizmiga tushgan toksoplazma qon tomirlar orqali turli aʼzolar (miya, koʻz, jigar, taloq, yurak va limfa bezlari)ga tarqaladi va shu aʼzolarning zararlanishiga sabab boʻladi.
Tugʻma va orttirilgan Toksoplazmoz farq qilinadi. Tugʻma Toksoplazmozda kasallik ona organizmidan qon orqali homilaga oʻtadi. Toksoplazmoz homilaga dastlabki oylarda yuqsa, bola tushadi yoki ulik, yoxud majruh boʻlib tugʻiladi. Orttirilgan Toksoplazmoz oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir Toksoplazmozda bemor isitmalaydi, boshi, muskullari ogʻriydi; limfa bezlari, koʻz, teri, miya qobiklari va ichki aʼzolariga putur yetadi. Surunkali Toksoplazmoz yillab choʻzilishi mumkin. Bunda bemorning trasi yuqori boʻladi, boshi ogʻriydi; quvvatsizlik, asabiylashish kuzatiladi; koʻrish, xotira va ish qobiliyati pasayadi; jigar, taloq va limfa bezlari shishadi; gepatit, miokardit, zotiljam yuzaga kelishi mumkin.
Kasallikning oldini olish uchun kasal uy hayvonlarini aniqlash va ularni ajratib qoʻyish; bolalarni it, mushuk bilan oʻynashlariga yoʻl qoʻymaslik lozim. Isteʼmol qilinadigan goʻsht, sut mahsulotlarini albatta yaxshilab pishirish yoki qaynatish kerak.