TOM — binoning ustini yopib turuvchi qismi. Devorlar va binoning ichini yogʻinsochindan asraydi. Yuk koʻtaruvchi (ferma, sarrov, stropil, xari va b.) hamda tunuka, shifer, tol singari yopuvchi qismlardan iborat. Shakliga koʻra, Tomlar bir nishabli, ikki nishabli, toʻrt nishabli, koʻp nishabli, shatr (qubba) shaklli, chordoqli yoki chordoqsiz (yassi), baland chordoqlimansarda koʻrinishida boʻlishi mumkin.
Eni keng sanoat binolarida tabiiy yoritish va havo almashtirish maqsadlarida Tom oʻrtasiga fonar (oynavand tuynuk) ishlanadi. Bundan tashqari T. larning gumbazli, piramidasimon, konussimon va qobiqsimon xillari ham boʻladi. Gumbazli Tomlar Oʻrta Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda qadimdan keng tarqalgan. Bular hozir ham quriladi (q. Gumbaz).
Oʻzbekistonda oddiy uyjoylar qadimda, asosan, yassi Tom li boʻlib, uy devoriga toʻsinlar tashlab, ularning ustiga toqi (vassa) terilgan, ustiga boʻyra, qamish yoki poxol toʻshalgan, tuproq solib tekislangan, keyin somonli loy bilan suvalgan. Ayrim joylarda hozir ham shunday Tomlar bor. Aksar turar joy binolari nishabli qilinadi. Oldin stropila ishlab olinib, ustiga yopish materiali (tunuka, shifer va b.) krplanadi.
Yopish materiallarining xossalari va hududning iqlimiy sharoitiga qarab Tomning nishabi har xil (tunuka, tol va ruberoidlar uchun pastroq; asbotsement, cherepitsa va shiferlarda — tikroq) olinadi. Bir nishabli Tomlar, asosan, yordamchi xoʻjalik binolariga quriladi. Ikki nishabli Tomlar eng keng tarqalgan. Koʻp nishabli Tom eng murakkab hisoblanadi.
Oʻzbekiston hududida mansardali (chordoqli qismi xonaga moslangan) uylar kam quriladi, uyjoy masalasi tanqis boʻlgan hollarda ularning ahamiyati katta.