VARSHAVA — Polsha Respublikasining poytaxti, Varshava voyevodaligining maʼmuriy markazi. Mamlakatning eng katta shahri, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy markazi. Vislaning har ikki sohilida joylashgan. Iqlimi moʻtadil kontinental, oʻrtacha yillik yogʻin 558 mm; yanv. ning oʻrtacha t-rasi —3,5°, iyulniki 19°. Aholisi 1,628 mln. kishi (1997). Shahar 8 ta maʼmuriy r-nga boʻlingan.
Varshava tarixiy manbalarda 13-a. dan boshlab tilga olinadi. 15—16-a. larda Ma-zoveskiy knyazligi, 16-a. oxiri — 19-a. boshigacha butun Polsha poytaxti, 1807—13 y. lar Varshava knyazligi, Vena kongressi (1814—15) qaroriga muvofiq, Varshava Rossiya tarkibiga kirgan Polsha qirolligining poytaxti. 19-a. oxiridan yirik sanoat shahri. 1915 — 18y. larda Varshavani Germaniya qoʻshinlari bosib oldi. 1918-y. kuzidan mustaqil Polsha davlatining poytaxti. 1939-y. sent. da Varshavani nemis qoʻshinlari egalladi. 1945-y. 17 yanv. da Varshava ulardan ozod kilindi. Oʻsha vaqtdan boshlab, shaharni tiklash ishlari boshlanib ketdi. Qayta tiklash ishlarining butun dunyo miqyosidagi ramzi sifatida Varshavaga jahon Faxriy muko-foti berilgan (1950). 1955-y. da Varshavada Varshava shartnomasi imzolandi.
Varshava mamlakatdagi transport yoʻllarining yirik tuguni va muhim sanoat markazi. Shahardan 9 t. y. va 9 avtomobil yoʻli chiqadi. 2 dare porti va Okense xalqaro aeroporti bor. Mashinasozlik va metallsozlik (avto qurilish, elektrotexnika va b.), metallurgiya, kimyo, poligrafiya, tikuvchilik va oziqovqat sanoati tarmoqlari rivojlangan.
Varshavada 15 oliy oʻquv yurti, jumladan un-t (1918-y. dan), politexnika in-ti (1915), iqtisod va q. x. oliy oʻquv maktabi joylashgan; konservatoriya, Polsha FA, med., nafis sanʼat va jismoniy tarbiya akademiyalari bor. Koʻplab kutubxona, 20 dan ziyod muzey, teatrlardan Katta teatr, Xalq teatri mavjud. Meʼmoriy yodgorliklardan gotika uslubidagi Yan sobori (14-a.), Qasr maydonidagi (1643) Sigizmund III ustunlari (1644), Krasinskiylarning sobiq saroyi (17-a.), Vilyanuv (17-a.) va Lazenki (18-a.) bogʻ saroy ansambllari va b. saqlangan.