VASILEVSKAYA Vanda Lvovna (1905.21.1, Krakov – 1964.29.7, Kiyev) — polyak va rus yozuvchisi, jamoat arbobi. Polyak tilida yozgan. Krakov un-tini tugatgan (1927). «Shu kunning qiyofasi» (1934) qissasi, «Vatan» (1935) romanida ishchi va dehqonlarning 20-a. boshlaridagi hayoti, 2-jahon urushidagi xalq qahramonliklari madh etilgan. Vasilevskaya «Kamalak» (1942), «Chin muhabbat» (1944), «Chiroq yonganda» (1946). «Hayot-mamot kurashida» (1958) qissalari, «Suv uzra qoʻshiq» trilogiyasi («Botqoqlikdagi olov», 1940; «Kuldagi yulduzlar» 1946; «Daryolar yonmokda», 1951) kabi asarlar muallifi. «Chin muhabbat» asarini Asqad Muxtor oʻzbek tiliga tarjima qilgan (1947).