TOSHKENT DARVOZALARI

TOSHKENT DARVOZALARI — oʻrta asrlarda shahar mudofaa devoriga oʻrnatilgan darvozalar. Toshkent darvozalari tarixiy manbalarda Binkat darvozalaridan maʼlum. Ibn Havqalning yozishicha, Binkat ark, shahriston, ichki va tashqi raboddan iborat boʻlib, ularning har biri mudofaa devori bilan oʻrab olingan. Arkning 2 darvozasi, shahristonning Abbos (Abul Abbos), Kesh (Qasr) va Junayd (Gunbaz) deb atalgan 3 ta darvozasi boʻlgan. Ichki rabodning Raboti Hamdeyn (Xumdon), Ohanin (temir qoplangan), Mir (amir), Farkon (Anhor boʻyi), Surkada, Karmanj, Koʻyi Saxl, Roshidizak, Koʻyi Xoqon, Koʻshki Dehqon deb atalgan 10 ta darvozasi, tashki rabodning esa Fagʻkat (Parkat), Xaskat (Xushkat), Sandijak (Sangdizak), Ohanin, Bakrdizak, Sakrak, Sagʻrbod (Bofaryad) deb atalgan 7 darvozasi bor edi.

Shahar hududining kengayishi bilan shahar devori xam, u boʻylab oʻrnatilgan darvozalarning oʻrni va nomlari ham oʻzgarib turgan. Shahar yagona mudofaa devori bilan oʻrab olinib, mustahkam istehkomga aylangan. Tarixchi Muhammad Solihnint yozishicha, 14-a. oxirida shaharning 12 darvozasi [Qiyot, Turk, Oʻzbek, Taxtapul, Qorasaroy, Chigʻatoy, Suʼboniyon (Sagʻbon), Koʻkcha, Kamondaron, Qangʻli, Beshogʻoch, Qatagʻon] boʻlib, ularni qoʻriqlash maʼlum bir qabila vakillariga topshirilgan, shu tufayli darvozalar qabila nomlari bilan atalgan.

Abdullaxon P 1580-y. Toshkentni qamal qilganda shaharga 6 tarafdan hujum qilishga farmon bergan. «Abdullanoma» da shaharning Farkat, Shibli, Koʻkcha, Turkiston(yangi qurilgan), Samarqand, Registon kabi darvozalari boʻlganligi qayd etilgan. Keyingi asrlarda shahar mudofaa devori tashqi dushmanlar hujumlari taʼsirida vayrona holiga kelgan. Yunusxoʻja davrida qayta tiklangan. Qoʻqon xonligi Toshkentni xonlikka qoʻshib olgach (1810), Lashkar qushbegi tomonidan shahar devori qayta taʼmirlanib, har yer, har yerda minoralar qurilgan, yangi darvozalar oʻrnatilgan.

Toshkent podsho Rossiyasi tomonidan bosib olingan vaqtda (1865), uning quyidagi 12 darvozasi boʻlgan: Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sagʻbon, Chigʻatoy, Koʻkcha, Samarkand, Kamolon, Beshogʻoch, Qoʻymas, Qoʻqon, Qashqar. Bundan tashqari, Qorasaroy darvozasidan sharqroqda bir otliq oʻtishiga moʻljallangan Teshik qofqa (Darvishak qofqa) joylashgan boʻlib, u Darvishxon (16-a.) zamonida ochilib, darvoza oʻrnatilgan; yana bir qofqa Beshogʻoch va Kamolon oraligida boʻlgan.

Darvozalarni qoʻriqlash darvozabonlarga topshirilgan, ular tongda darvozalarni ochib, qorongʻi tushishi bilan yopib qoʻyganlar. Toshkent darvozalarining har birining alohida ramziy kaliti boʻlgan. 19-a. ning 70—90-y. larida shahar hududining kengayishi va Toshkent darvozalariga ehtiyoj boʻlmagani sababli ular buzib tashlangan. Hoz. da Toshkent darvozalari joylashgan yerlarni aniqlash va ramziy darvozalar oʻrnatish boʻyicha muayyan ishlar olib borilmoqda.

Ad..Hofiz Tanish alBuxoriy, Abdullanoma, 1 va 2j., T., 1999—2000; Oʻrinboyev A., Boʻriyev O., Toshkent Muhammad Solih tavsifida, Toshkent darvozalari, 1983; Muhammadjonov A., Qadimgi Toshkent, Toshkent darvozalari, 2002.

Mashhura Sharipova.


Lotin alifbosida maqola: TOSHKENT DARVOZALARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: T harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
AMIR TEMUR
TEMURIYLAR
IBN SINO
YER


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты