VEGETATSION UY — devorlari va tomi oynavand, shamollatib turishga moslashtirilgan kichik bino, turli vegetatsion tajribalar olib boriladi. Oynavand uy yonida metall toʻr bilan oʻralgan (parrandalardan himoya qilish maqsadida) maxsus maydoncha boʻladi. Tungi sovuq paytida va ob-havo ayniganda vegetatsion idishlarda oʻstirilgan oʻsimliklar joylashtirilgan vagonchalar temir izlar orqali gʻildiratib uyga kiritib, kunduz kunlari va havo iliq paytlarda esa yana maydonchaga chiqarib qoʻyiladi. Vegetatsion uy mumkin qadar koʻproq yorugʻlik bilan taʼminlangan va yaxshilab shamollatib turiladigan boʻlishi kerak. Shunga koʻra, Vegetatsion uylar soya tushmaydigan ochiq joyga quriladi. Binoda tajribaga tayyorgarlik koʻrish uchun yordamchi xonachalar ham boʻladi (yana q. Vegetatsion usul). Oʻzbekistondagi qator i. t. in-tlarida zamonaviy jihozlangan Vegetatsion uylar qurilgan.