TOSHKOʻPRIKSOY — Surxondaryo viloyatidagi soy. Hisor togʻlarining jan. tarmogʻi (Ketmonchopti togʻlari) yon bagʻirlaridan, 2160 m balandlikdan boshlanadi. Uz. 82 km, havzasining mayd. 491 km2. Oʻrtacha yillik suv sarfi 1,67 m3/sek. dan (koʻp suvli yilda) 0,190 m3/ sek. gacha (kam suv yilda). Qor, yomgʻir va yer osti suvlaridan toʻyinadi. Soyda qish va bahorda suv boʻladi. Toshkoʻpriksoy boʻyida Bandixon, Oqqopchigʻay qishloqlari bor.