TOGʻLAR, togʻli oʻlkalar — yer yuzasining tevarakatrofdagi tekisliklardan yakka yoki qator koʻtarilib turgan baland joylari. Togʻlar turli yoʻnalishda, har xil masofada toʻgʻri chiziq shaklida (Ural, Katta Kavkaz, Kordilyera, Olay, Zarafshon va b.) yoki yoysimon shaklda (Alp, Karpat va b.) choʻzilgan boʻladi. Togʻli oʻlkalar Yer poʻstining burmali va burmalipalaxsali strukturaga ega, balandligi dengiz sathidan bir necha ming m gacha koʻtarilgan va oʻz doirasida balandliklari keskin farq qiluvchi keng (boʻyi minglab, eni yuzlab km ga choʻzilgan) hududlaridir. Togʻli oʻlkalarda togʻ tizmalari, yakkayakka togʻlar, vodiylar, keng soyliklar ham mavjud. Togʻ tizmalari har ikki tomondagi yon bagʻirlari tik boʻlgan, uzunasiga choʻzilgan yirik relyef shakllaridir. Togʻlarning balandligi dengiz sathidan 200 m dan (qirlar, adirlar) boshlab bir necha km ga yetishi mumkin. Mas., Yer sharining eng baland nuqtasi Himolay togʻlaridagi Jomolungma choʻqqisi (8848 m). Togʻlar yon atrofidagi tekisliklardan togʻ etag i, baʼzan adirlar bilan ajralib turadi. Togʻ etagi Togʻlar shaklining turiga qarab har xil koʻrinishda boʻlishi mumkin. Togʻlar relyefining tarkibiy qismlari — togʻ zanjirlari, ularning ayrim tarmoqlari — tizmalar, ular orasidagi tektonik choʻkmalar, qad. denudatsion koʻtarilmalar va q. k. dan iborat. Morfologik jihatdan qor chizigʻidan yuqori koʻtarilgan baland yoki alp tipidagi (bal. 3000—5000 m dan ziyod) Togʻlar alohida ajralib turadi. Bunday Togʻlar relyefi tik, muzlik hosil qilgan relyef shakllari: qirlar, piramidasimon choʻqqilar, oʻtkir qirrali togʻ tepalari, togʻorasimon vodiylardan iborat boʻladi. Bularga Kavkaz, Pomir, Tyanshan, Himolay, Alp, Kordilyera togʻlarini misol qilish mumkin. Alp tipli togʻlardan farqli ravishda, oʻrtacha balandlikdagi (bal. 2000— 3000 m) Togʻlarning tepalari yumaloqroq, yon bagʻirlari qiyaroq. Kopetdogʻ, Oʻrta va Shim. Ural, Karpat, Shvarsvald togʻlari oʻrtacha balandlikdagi Togʻlar dir. Tashqi omillar, ichki va tashqi kuchlar taʼsirida Togʻlar yemirilib, pasaya boradi, choʻkindilar koʻproq toʻplanadi, relyef shakllari silliqlanadi. Balandligi dengiz sathidan 1000 — 2000 m gacha koʻtarilgan boʻlsa past Togʻlar deyiladi: Qozogʻiston past togʻlari, ChuIli, Jan. Tojikistondagi Togʻlar past togʻlardir. Tabiatda Togʻlar toʻla ravishda yemirilmay turib, yana koʻtarila boshlaydi va bunday oʻzgarishlar bir necha marta takrorlanadi.
Kelib chiqishiga koʻra, tektonik, erozion va vulkanik Togʻlar farq qilinadi. Tektonik T. Yer poʻstining kuchli dislokatsiyaga uchragan, asosan, geosinklinal sistemalar, baʼzida platformalarning jadal surʼatlarda koʻtarilishi natijasida vujudga keladi, bunda muvofiq ravishda epigeosinklinal va epiplatformalar ham shakllanadi. Ular burmali va palaxsali (uzilmali) Togʻlarga boʻlinadi. Burmali T. Yer poʻstining harakatchan zonalarida paydo boʻladi. Palaxsali Togʻlar burmalangan zonalarda Yer poʻsti burmalanmasdan ayrim palaxsalarga ajralgan, ularning bir qismi koʻtarilib gorstlar hosil qilgan, ikkinchi qismi choʻkib, grabenlarga aylangan. Shuning uchun tektonik Togʻlar burmalipalaxsali Togʻlar deb yuritiladi. Erozion Togʻlar dengiz sathidan baland koʻtarilgan va oqar suvlar taʼsirida chuqur oʻyilib ketgan, gorizontal yotgan togʻ jinslaridan tarkib topgan maydonlar, yaʼni parchalangan plato va yassitogʻliklardan iborat. Vulkanik Togʻlar, asosan, tektonik asos, yosh togʻli oʻlka yoki qad. platformalar ustida yotgan va keng maydonlarga yoyilgan vulkan konuslari, lava oqimlari va tuf yotqiziqlaridan yuzaga keladi.
Togʻlarning yoshi geologik yosh va morfologik yoshga ajratiladi. Togʻlarning geologik yoshi deb, uning geosinklinaldan dastlab koʻtarilgan vaqti tushuniladi. Jumladan, kaledon yoki gersin burmalanishidan gʻosil boʻlgan Togʻlar alp burmalanishidagi Togʻlardan geologik jihatdan keksaroq hisoblanadi. Morfologik yosh relyefning geologik rivojlanishi tarixi toʻgʻrisida fikrlash imkonini beradi. Koʻtarilayotgan Togʻlar «yosh» hisoblanadi.
Dengiz sathidan baland koʻtarilib turgan Togʻlarda atmosferaning turli qatlamlari joylashganidan, togʻ yon bagʻirlarida iklim vertikal tarzda almashinib boradi va shu yoʻsinda togʻli oʻlkalar landshafti vertikal mintaqalarga ajralib turadi. Landshaft mintaqalari soni, ularning xususiyati, izchilligi va balandlik chegaralari turli togʻli oʻlkalarda turlicha boʻlib, geografik kengligiga, shuningdek, Togʻlarning balandligiga bogʻliq. Togʻlarni oʻrganish katta amaliy ahamiyatga ega.