VERGUL (frans. vergul) — tinish belgisi(,). Eng koʻp qoʻllanadigan tinish belgilar jumlasiga kiradi. Qoʻllanish oʻrni, shakli turli davrlarda va turli tillarga oid yozuvlarda turlicha boʻlgan. Oʻzbek tilida Vergul teskari pesh, pesh, yarim turish, yarim tinish kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Vergul dastlab qisqa pauza uchun ishlatilgan, keyinchalik uning qoʻllanish doirasi va vazifasi kengaygan. Oʻzbek tilida Vergul uyushiq (Sen kuychi, paxtakor, olim…) va ajratilgan boʻlaklarni (Azizga, sobiq talabaga, bu soʻz yoqmadi), kirish (Lekin, menimcha haqsiz) va kiritma konstruksiyalarni (Yolgʻiz borishga, ochigʻini aytsam, yuragim dov bermadi), undalma (Azizlar, bir oz sabr qilamiz) va undov soʻzlarni (Hoy, nima qilyapsan?), «ha», «yoʻq», «xoʻp», «qani»… kabi soʻzlarni, nutqda takrorlangan soʻzlarni, bogʻlovchisiz va murakkab qoʻshma ran tarkibidagi gaplarni (Kun botib, osmon qoraygan), muallif gapini koʻchirma nutqdan ajratish (Bugun men kelolmayman, — dedi u) uchun ishlatiladi. Vergul qavs, qoʻshtirnoq bilan qoʻllanganda ulardan keyin, tire bilan qoʻllanganda undan oldin qoʻyiladi, koʻp nuqta bilan kelganda tushib qoladi.