VERMIKULITLI BETON — toʻldirgichi koʻpchigan vermikulit boʻlgan yengil beton. Bogʻlovchi materiallar sifatida sement, bitumlar, eriydigan shisha, sintetik smola va b. ishlatiladi. Issiq saqlaydigan va konstruksion-issiq saqlaydigan xillari bor.
Issiq saqlaydigan (teploizolyatsion) Vermikulitli beton uchun eng yuqori t-ra 600° (bogʻlovchisi sement boʻlganda) va 150° (bogʻlovchisi sintetik smola boʻlganda) hisoblanadi. Bunday Vermikulitli betondan plitalar, qobiqlar, segmentlar, bloklar tayyorlanadi, u sanoat jihozlari, katta suv va gaz quvurlarini issiqlik jihatdan izolyatsiyalash, toʻsuvchi qurilish konstruksiyalarini issiq saqlaydigan qilish uchun ishlatiladi. Konstruksion-issiq saqlaydigan Vermikulitli betondan devor panellari, orayopmalarning plitalari va b. tayyorlanadi. Sement yoki eriydigan shisha qoʻshib tayyorlangan bunday Vermikulitli beton issiqbardosh boʻladi va 800° gacha t-rali sharoitda qoʻllaniladi.