TRIARILMETAN BOʻYAGICHLAR, trifenilmetan boʻyagichlar — asosli va kislotali boʻyagichlar, triarilmetan hosilalari. Triarilmetan boʻyagichlar qizil, binafsha, koʻk va yashil rangda boʻladi. Triarilmetan boʻyagichlar qaytaruvchilar taʼsirida rangsiz leykobirikmalarga, ishqorlar taʼsirida rangsiz karbinol birikmalarga aylanadi. Asosli Triarilmetan boʻyagichlar qogʻoz, teri, plastmassalarni boʻyashda, siyoh, poligrafiya va shtempel boʻyoklar tayyorlashda ishlatiladi. Kislotali T. b. teri, jun, ipakni boʻyashda qoʻllanadi. Triarilmetan boʻyagichlar aldegidlar, ketonlar, angidridlarni aromatik aminlar yoki fenollar (naftillar) bilan kondensatlash yoʻli bilan olinadi.