VOHIDOV Shavkat (1932.11.10, Samarqand) — fizik olim, Oʻzbekistan FA akad. (2000), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1982), «Koinot» ilmiy i. ch. boshqarmasi Bosh direktori (1980-y. dan). Oʻzbekiston Respublikasi Kosmonavtika federatsiyasi prezidenti (1987-y. dan), iqtidorli maktab oʻquvchilari Xalqaro aerokosmik maktabi tashkilotchisi va rahbari (1990-y. dan). Ilmiy ishlari qattiq jismlar fizikasi, kosmonavtika, spektroskopiya, kristallografiya, radiotexnika va aloqa, asbobsozlikka oid. Vohidov rahbarligida orbitadagi sunʼiy yoʻldoshlarga meteorlar, fazodagi chiqindilar yoki maxsus jismlar bilan taʼsir koʻrsatilganda shu hodisa qachon va qayerda sodir boʻlganligidan xabar beradigan ixcham yoʻldosh, shuningdek tabiiy ofatlar (sel, qor uyumining koʻchishi va b.) yuz berishidan xabar beradigan va oldini oladigan asboblar, q. x. uskunalari yaratildi.