VULKANIZATSIYA — 1) kauchukni rezinaga aylantirish jarayoni. Vulkanizatsiya agentlari (oltingugurt, organik peroksidlar, baʼzi sintetik smolalar) ishtirokida yoki ionlovchi radiatsiya taʼsirida amalga oshiriladi. Vulkanizatsiyada plastik kauchukning barcha fizik-mexanik xossalari yaxshilanib, rezinaga aylanadi. Kauchukni oltingugurt bilan ishlash natijasida toʻrsimon tuzilish (struktura) hosil boʻladi. Vulkanizatsiyani turli xil organik moddalar va tezlatkichlar (aktivatorlar — ZnO, MgO va b.) bilan tezlatish mumkin. Bu jarayon 140…200° da bajariladi. Vulkanizatsiya qoraquya ishtirokida olib borilsa, tezligi ortadi. Kauchukka 0,5—5% oltingugurt qoʻshilsa, kamera va pokrishka yasaladigan yumshoq rezina hosil boʻladi. Oltingugurt miqdori 30—50%ga yetkazilsa, elastik boʻlmagan qattiq rezina (ebonit) olinadi. Kauchukni oltingugurt bilan Vulkanizatsiya issiq V. deyilib, uni birinchi marta 1839-y. Ch. Gudir (AQSH) ochgan. 1846-y. da A. Parke sovuq Vulkanizatsiya jarayonini taklif kildi. Keyingi vaqtlarda oltingugurtsiz va qizdirmay Vulkanizatsiya reaksiyasini oʻtkazish mumkinligi aniqlandi. Ionlovchi radiatsiya (kobaltning radioaktiv gammanurlanishi, tezlatilgan elektronlar oqimi) yordamida olib boriladigan Vulkanizatsiyaga radiatsion Vulkanizatsiya deyiladi. Bu usulda kimyoviy taʼsirlarga va issiqqa chidamli rezinalar olinadi;
2) avtomobil, velosiped, mototsiklning rezina kameralari va pokrishkalarini yamash. Maxsus apparat — vulkanizator yordamida amalga oshiriladi;
3) qogʻozga kimyoviy ishlov berib, uning pishiqligini, qovushoqligini, elektr izolyatsiya xossalarini yaxshilash; 4) qogʻoz va b. tolali materiallardan pishiq charmsimon material — vulkanfibra olish. Vulkanfibradan tasmalar, jomadonlar, izolyatsiya plastinalari va b. buyumlar tayyorlanadi.