TOʻYCHI HOFIZ

TOʻYCHI HOFIZ, Toshmuhamedov Mulla Toʻychi (1868 — Toshkent — 1943.1.6) — xonanda, oʻzbek ashulachilik sanʼatining yirik namoyandasi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1927). Eski maktabda oʻqigan (1878—84). Hofiz, Navoiy, Mashrab, Bedil, Fuzuliy kabi mumtoz shoirlarning ijodi bn yaqindan tanishib, ularning gʻazallari bn ashulalar ijro etgan. Toʻychi hofiz yoshligidan amakisi Qoʻchqor otadan ashula aytish sirlarini oʻrgangan. Taniqli hofizlardan Abduqahhor, Saidahmad, Nazirxonlar bn hamnafaslikda «Qoʻshiq bazmi» kechalarini tashkil etgan. Dastlabki repertuaridan «Ey dastai gul, marhabo», «Figʻon», «Shitob aylab» kabi ashulalar oʻrin olgan. Shojalil hofiz, Shobarot tanburchi joʻrligida «ShahnozGulyor» ashulalar turkumi Toʻychi hofizga shuhrat keltirgan (1890). Keyinchalik uning dovrugʻi Turkiston oʻlkasining hamma shaharlariga taralgan.

Toʻychi hofiz oʻzi ijro etgan ashulalarni birinchilar qatori gramplastinkaga yozdirgan, «Grammofon» jamiyatining «Pishuhiy Amur» firmasi (Riga, 1905; Skobelev, 1911) undan 25 ta ashula, jumladan, «Ilgʻor», «Xisrav», «Suvora» (uchalasi ham 2 qismli), «Bobo Ravshan», «Yangi kurd», «Avji kurd» va b. ni yozib olgan. Toʻychi hofiz 1908—10 y. larda Fargʻona vodiysidan boʻlgan Adolatxon, Mozidaxon kabi ayol xonandalar ijrosidagi koʻshiqlarni ham birinchi marta gramplastinkaga yozdirgan. Uning tashabbusi bn Andijon, Fargʻona, Xoʻjand va b. shaharlarda grammofon va plastinka doʻkonlari tashkil etilib (1906—12), ularda uzbek, rus va b. tillarda kuy, qoʻshiq va ashulalari yozilgan plastinkalar sotilgan.

Toʻychi hofiz Eron, Turkiya, Italiya, Misr, Hindiston (1900)da va Sharqiy Turkiston (1913—14) sh. larida boʻlib, oʻz ijrochilik mahoratini namoyish qilgan. Oʻzbekistonda mahalliy xalq musiqa ansambllari tashkil etishda, 1920-y. larda sahnalashtirilgan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» spektakllariga musiqa tanlashda faol ishtirok etgan. 1927-y. dan umrining oxirigacha Oʻzbekiston Radioqoʻmitasi oʻzbek xalq cholgʻu ansamblida ustoz xonanda, shuningdek, Oʻzbek davlat filarmoniyasining yetakchi xonandasi boʻlgan. Toʻychi hofiz aytgan oʻzbek mumtoz ashulalari — «Bayot», «Figʻon», «Ushshoq», «Segoh», «Girya», «Ilgʻor», «Suvora», «Chorgoh», «Koʻcha bogʻi», «Taronai Dugoh» («Dugohi Xusayniy» turkumining taronasi) va b. oʻzbek musiqa madaniyatida muhim oʻrin tutadi. Toʻychi hofiz ashulalari talqin etilishi, jumlalarining maromiga yetkazib aytilishi, qochirimlarga boyligi, oʻzbek musiqa anʼanasidagi mumtoz ijro uslubi, ovozning kuchliligi bn oʻziga xosdir. Ayniqsa, noyob zebolik bn Navoiy gʻazali («Qaro koʻzum»)ga ijro etgan «Ushshoq» hofizlik sanʼati yuksak namunasiga aylangan. Toʻychi hofiz Moskvada oʻtkazilgan q. x. koʻrgazmasi (1923) va Oʻzbek sanʼati dekadasi qatnashchisi (1937).

Toʻychi hofiz repertuaridagi ashula matnlarining koʻpi shoir Xislatning «Armugʻoni Xislat» (T., 1912) bayoziga kiritilgan va bularning qaysi kuyda ijro etilishi ham koʻrsatilgan. Ittifoq radioqoʻmitasi Toʻychi hofizdan «Bayot» va «Ushshoq»ni (1937), Sanʼatshunoslik inti (V. A. Uspenskiy) «Chorgoh», «Bayot», «Koʻcha bogʻi», «Suvora» va b. ni yozib olgan. Sh. Shoumarov, Yunus va Rixsi Rajabiylar, K. Zokirov, B. Mirzayev va boshkalar Toʻychi hofiz ijrochilik anʼanalarining davomchilaridir. Toshkent gramplastinkalar zdi va Qashqadaryo viloyati musiqali drama va komediya teatriga Toʻychi hofiz nomi berilgan. Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bn mukofotlangan (2000).

Ad.: Nasriddinov B., Toʻychi Hofiz, Toʻychi hofiz, 1971.

Baxriddin Nasriddinov.


Lotin alifbosida maqola: TOʻYCHI HOFIZ haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: T harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
ALISHER NAVOIY
XALQ IJODI
RAJABIYLAR
YAPONIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты