YOʻGʻON ICHAK — odam va umurtqali hayvonlar ichagining bir qismi; oʻng yonbosh sohasida bevosita ingichka ichakdan keyin boshlanib orqa chiqaruv teshigi (anus) bilan tugaydi. Evolyutsiya jarayonida umurtqali hayvonlar yoʻgʻon ichagining shakli oʻzgargan: tuban umurtqalilar, reptiliylar va qushlarda Yoʻgʻon ichak qisqa, u bilan ingichka ichak oʻrtasida aniq chegara yoʻq. Togʻayli va ikki xil nafas oluvchi baliqlar, quruqda va suvda yashovchilar, sudralib yuruvchilar Y. i. kloakaga tutashadi. Koʻpchilik sut emizuvchilar, xususan, odamda Yoʻgʻon ichak koʻrichak (appendiks oʻsimtasi b-n), chambar ichak (koʻtariluvchi, koʻndalang, tushuvchi va sigmasimon qismlari b-n) va toʻgʻri ichakdan iborat. Odam yoʻgʻon ichagining uz. 1,5—2 m boʻlsa, diametri ingichka ichakka nisbatan ikki hissa katta. Uning devori esa shilliq, shilliq osti qavati, muskul va seroz pardadan iborat. Shilliq pardada koʻndalang joylashgan burmalar boʻlib, unda shilliq ishlovchi mayda bezlar va limfoid toʻqimalar mavjud. Uzunasiga yoʻnalgan muskul tolalari lentasimon tarqalganidan ichakdagi moddalar sekin (16—18 soat) yoʻnaladi. Yoʻgʻon ichakning koʻtariluvchi qismida ovqat qoldigʻining bir qismi va suv shimiladi. Ovqat tarkibidagi kletchatka Y. i. da par-chalanib, uning maʼlum bir qismi shimiladi. Axlat, asosan, Yoʻgʻon ichakda shakllanib toʻgʻri ichakda yigʻiladi va ixtiyoriy boʻshalish roʻy beradi. Yoʻgʻon ichak kasalliklaridan appenditsit, kolit, proktit va b. kuzatiladi.