XALQ CHOLGʻULARI ORKESTRI

XALQ CHOLGʻULARI ORKESTRI — orkestr turi; koʻp ovozli musiqa asarlarini ijro etish uchun moslashtirib qayta ishlangan milliy sozlardan iborat. Bir turdagi (mas, faqat torlichertma) cholgʻulardan va turli (mas, torli, puflama va urma) cholgʻular guruhlaridan tashkil topishi mumkin. Turli xalqlarda keng tarqalgan milliy cholgʻu ansambllar tarkibida oiladosh cholgʻular (mas, dutorning prima, alt, bas, kontrabas turlaridan iborat) guruxlarining mavjudligi, garmoniya va polifoniya uslubidagi asarlarning muayyan kuy yoʻllarini ijro etish imkoniyatlari bilan ajralib turadi.

Oʻzbekistonda birinchi Xalq cholgʻulari orkestri 1937-y. da N. Mironov tashkil etgan «Nota orkestri»dir. Mazkur jamoa Oʻzbek davlat filarmoniyasining ashula va raqs Katta ansambli (rahbar T. Jalilov) sozandalaridan qaror topdi. Tarkibi anʼanaviy xalq cholgʻulari, fortepiano, truba, trombondan iborat boʻlib, repertuaridan qayta ishlangan «Qarinavo», «Segoh» kabi oʻzbek mumtoz kuylari hamda chet el kompozitorlarining ommabop musiqa namunalari oʻrin olgan.

1938-y. da Oʻzbek davlat filarmoniyasi qoshida Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestri tashkil topdi. Asoschisi — A. Petrosyans (1966-y. da orkestrga Toʻxtasin Jalilov nomi, 1980-y. «Davlat», 1991-y. «akademik» unvonlari berildi. 1976-y. dan badiiy rahbari va bosh dirijyori — Foruq Sodiqov). Mazkur jamoa tarkibiga dastlab anʼanaviy (nay, qoʻshnay, surnay, gʻijjak, doira, nogʻora kabi), soʻngra qayta ishlangan (12 pogʻonali teng temperatsiya qilingan tenor va bas changlari, afgon va qashqar ruboblari, dutor) hamda yangitdan yaratilgan (rubobprima, dutor-bas, gʻijjak-kontrabas va b.) sozlar kiritilgan. Repertuaridan M. Burhonov, S. Aliyev, S. Gabrielyan, B. Giyenko va b. tomonidan qayta ishlangan oʻzbek xalq kuylari, Oʻzbekiston kompozitorlari (S. Boboyev, Sayfi Jalil, Gʻ. Qodirov, F. Nazarov, T. Qurbonov, F. Alimov va b.) yozgan uvertyura, rapsodiya, poema, konsert va simfoniya kabi yirik shakldagi asarlar hamda chet el mualliflari (P. Sarasate, P. Chaykovskiy, G. Sviridov kabi)ning ommabop musiqa asarlari oʻrin olgan.

1957-y. Oʻzbekiston radiosi qoshida Xalq cholgʻulari orkestri tashkil etildi (1989-y. dan Doni Zokirov nomida). Asoschisi, birinchi badiiy rahbari va bosh dirijyori — D. Zokirov (1986—2000-y. larda — M. Bafoyev, 2002-y. dan H. Rajabov). Ijro uslubida koʻp ovozli musiqa tamoyillari bilan milliy musiqa anʼanalari uygʻunlashgan. Orkestr tarkibida sozanda sifatida faoliyat koʻrsatgan bastakorlar (M. Mirzayev, F. Toshmatov, K. Jabborov, Faxr. Sodщov, S. Kolonov, X. Joʻrayev va b.) orkestr uchun koʻpgina asarlar yaratishgan. Repertuaridan, shuningdek, D. Zokirov, T. Jalilov, S. Yudakov, S. Hayitboyev, M. Bafoyev va b. oʻzbek kompozitorlari asarlari asosiy urin olgan.

1991-y. «Soʻgʻdiyona» oʻzbek xalq cholgʻulari kamer orkestri tashkil topdi (asoschisi — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsattan artist, prof. F. Abduraximova). Repertuaridan qayta ishlangan oʻzbek kuylari hamda zamonaviy oʻzbek kompozitorlari asarlari oʻrin olgan. Mazkur jamoa chet el mamlakatlarida (AQSH, Ispaniya va b.) gastrolda boʻlgan.

Ozoda Toshmatova.


Lotin alifbosida maqola: XALQ CHOLGʻULARI ORKESTRI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: X harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
MUSIQA
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
XITOY
YAPONIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты