XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN

«XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN» — Alisher Navoiy tomonidan uning piri va ustozi Abdurahmon Jomiy vafoti munosabati bilan 1494-y. da yozilgan, adabiyotning xotira turiga oid asar nomi.

«Xamsat ul-mutahayyirin ulM.» iborasi «hayratlanarli beshlik» maʼnosida. Jomiy 14-a. ning 40-y. lari oxiri va 50-y. larida Samarqandda Ulugʻbek madrasasida, soʻng boshqa madrasalarda oʻqib yurar ekan, darslarni yaxshi oʻzlashtirishda u boshliq 5 talaba «Xamsat ul-mutahayyirin ulM.» deb nom chiqargan. «Xamsat ul-mutahayyirin ulM.» deganda odatda 5 yorug yulduz (aniqrogʻi, sayyoralardan Atorud, Zuhra, Mirrix, Mushtariy, Zuhal) koʻzda tutiladi. Bunda Navoiy oʻsha iboradan foydalangan.

«Xamsat ul-mutahayyirin ulM.» risolasi ham 5 qismdan tashkil topgan boʻlib, muqaddima, 3 maqolat hamda xotimadan iborat. «Muqaddima»da Jomiyning qachon va kayerda tugʻilgani, koʻproq qayerda yashagani, naslnasabi, juda erta savod chiqargani, oʻtkir isteʼdod egasi boʻlib, kichiklikdan sheʼrlar yoza boshlagani, tasavvufda Saʼdiddin Koshgʻariyga shogird tushgani, ilmda tez kamol topib, odamlar bilan muomalada oʻzini har tomondan oddiy tutgani toʻgʻrisida maʼlumotlar beriladi.

«Xamsat ul-mutahayyirin ulM.»ning asosiy qismi 3 maqolatdan tashkil topgan boʻlib, birinchi makrlatda Navoiy shaxsan oʻzi bilan Jomiy orasida yuz bergan voqea va hodisalar, noyob ijodiy suhbat va uchrashuvlar haqida 16 hikoya keltirgan. Ularning har birida Jomiyning yuksak aqlzakovati, oʻz yaqinlari va shogirdlariga samimiyligi, shu bilan birga, talabchan boʻlgani, hozirjavobligi, hazilmutoyibaga moyilligi, koʻp masalalarda Navoiy bilan hamfikr boʻlgani yaqqol koʻzga tashlanadi.

Ikkinchi maqolatda Navoiy va Jomiyning oʻzaro yozishmalariga izoxdar berilgan. Bu ikki ulugʻ shaxs bevosita muloqot imkoniyati yoʻq vaqtlarda birbirlariga uzluksiz xat yozib, holahvol soʻrashib turishgan. Ular oʻz maktublarida baʼzan oʻz davrining muhim ijtimoiysiyosiy muammolari yuzasidan ham fikr almashishgan. Bu nomalar goh nasrda, goh nazmda bitilgan. Mas, Jomiyning 1472-y. haj safariga chiqib, Iroqning Dajla daryosi boʻyidan Navoiyga Vatanini sogʻinib yoʻllagan xatidagi gʻazalida shunday bir bayt bor: Bar kanori Dajla dur az yoru mahjur az diyor, Doram az ashki shafaqgun Dajlai xun bar kanor. Mazmuni: Dajla boʻyida yoru diyor bilan ayrilikda, Shafaqrang koʻzyoshlarimdan shu yerda yana bir Dajla paydo boʻldi.

Navoiy esa oʻsha «gʻazalgʻa tatabbuʼ qilib», noma yozib, Jomiyga joʻnatgan. «Xamsat ul-mutahayyirin ulM.»dan maʼlum boʻladiki, Navoiyning «Tuhfat ulafkor» qasidasining yaratilishida Jomiyning xam roli katta boʻlgan.

Uchinchi makrlatda Jomiy yozgan va turli adabiy janrlarga oid 40 asarning roʻyxati, bu asarlarning bir qanchalarining yuzaga kelishida Navoiy sababchi boʻlgani aniq misollar bilan izoxlab berilgan.

«Xotima» qismida Navoiy Jomiy xuzurida mutolaa qilgan va foydalangan kitoblarning sharhlari, uning baʼzi zamondoshlari haqida oʻta salbiy fikrlar bildirgani va buning sabablari, shoirning vafoti va dafn etilish tafsilotlari gʻoyat taʼsirli koʻrsatilgan. Asar oxirida Navoiyning ustozi motami munosabati bilan forsiy tilda yozgan marsiyasi matni toʻla keltirilgan.

Nashri: Alisher Navoiy, Mukammal asarlar toʻplami [20 j. li], 15j., T., 1999.

Ad.: Oʻzbek adabiyoti tarixi [5j. li], 2j., T., 1977.

Abduqodir Hayitmetov.


Lotin alifbosida maqola: XAMSAT UL-MUTAHAYYIRIN haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: X harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ALISHER NAVOIY
JOMIY
ULUGʻBEK
TEMURIYLAR
TOSHKENT


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты