YAKKABOGʻ TUMANI

YAKKABOGʻ TUMANI — Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926 yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Yakkabogʻ tumani turli yillarda Shahrisabz, Chiroqchi, Qamashi tumanlariga qoʻshilgan. Keyin yana ajratilgan. Shim. dan Chiroqchi, Shahrisabz, sharq, gʻarb va jan. dan Qamashi tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 1,3 ming km2. Aholisi 190 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Yakkabogʻ), 1 shaharcha (Eski Yakkabogʻ), 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Samoq, Sandal, Xiyobon, Chaydari, Esat, Oʻrta, Qayragʻoch, Qishlik, Qoʻshchinor) bor. Tuman markazi — Yakkabogʻ shahri.

Tabiati. Yakkabogʻ tumani Qashqadaryo viloyatining sharqiy qismida joylashgan. Hududining sharqiy chekka qismlarida Hisor tizmasining, bal. 2500 m gacha boʻlgan, jan. gʻarbiy tarmoqlari (Chaqchar, Beshnov, Xontaxta) bor. Bu togʻlar gʻarbga tomon pasayib, Qashqadaryo tekisliklari bilan qoʻshilib ketadi. Togʻ etaklari adirlardan iborat. Togʻlardan koʻp daryo va soylar oqib tushadi. Asosiy daryosi — Yakkabogʻdaryo (Qizildaryo) va uning irmoqlari (Choʻyanlisoy, Tirnasoy). Iqlimi kontinental. Yanv. ning oʻrtacha trasi—1°, eng past t-ra —25°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 28,5°, eng yuqori t-ra 44°. Yillik oʻrtacha t-ra 15°. Tumanning oʻziga xos relyefi (gʻarbga tomon pasayib borishi) hududga bahorikor dehqonchilik uchun yetarli nam tushishiga sharoit yaratgan. Oʻrtacha yillik yogʻin 350 mm dan (tekislik qismida) 450 mm gacha, togʻlik qismida yogʻin koʻproq. Yogʻinning asosiy qismi (70%) bahor va qish fasllariga toʻgʻri keladi. Suv sarfini tekislash maqsadida daryo va soylarga toʻgonlar qurib suv omborlari barpo etilgan. Qorabogʻ, Noʻgʻayli, Yangiqoʻrgʻon va boshqalar suv omborlari, Darxon, Beshariq, Xoʻjailgʻor, Qurjab ariqlari tumanning asosiy sugʻorish shoxobchalaridir. Sugʻorishda artezian quduqlari suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari, asosan, tipik boʻz tuproq, togʻlarda qoʻngʻir boʻz tuproq. Oʻsimlik dunyosi xilmaxil. Tekisliklarda, asosan, choʻl efemer oʻsimliklari, shuvoq, yantoq, shoʻra, archa, mevali yovvoyi daraxtlar (olcha, nok, olma, pista, doʻlana, bodom va boshqalar), zarang, qatrangʻi, zirk, itburun va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, quyon, qobon, ayiq, qoplon, boʻrsiq, kiyik; parrandalardan kaklik, bedana, toʻrgʻay, qargʻa, chumchuq, qaldirgʻoch va boshqalar, kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli xil zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar; suv havzalarida sazan, laqka, marinka baliqlari yashaydi. Foydali qazilmalardan toshkoʻmir, kumush, qoʻrgʻoshin, mis, rux rudalari, neft bor. «Hisor qoʻriqxonasi» mavjud.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, qozoq, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 146,2 kishi. Shahar aholisi 33,4 ming kishi, qishloq aholisi 156,6 ming kishi (2004).

Xoʻjaligi Yakkabogʻ tumanida jami 2300 dan ziyod korxona, tashkilot va savdo shoxobchasi ishlab turibdi. Paxta tozalash, un tortish, «Sharobkonserva» zdlari, Yakkabogʻ toʻqimachilik kti, MTP, q. x. mashinalarini taʼmirlash korxonalari, q. x. mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, mikrofirmalar, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekiston—Germaniya «Yakkabogʻteks», Oʻzbekiston— Rossiya «alMaʼruf» qoʻshma korxonalari, shirkat uyushmalari, jamoashirkat, fermer xoʻjaliklari va boshqalar bor. Q. x. da paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, ipakchilik bilan shugʻullaniladi. Umumiy ekin mayd. 116,2 ming ga. Shundan 18,7 ming ga don ekinlari bilan. band. Shuningdek, paxta, sabzavot va kartoshka, ozuqa ekinlari ham ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 44,4 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 24,4 mingga yaqin sigir), 45,9 mingga yaqin qoʻy va echki, 44 mingga yaqin parranda, 1,5 mingdan ziyod yilqi boqiladi (2004). Yakkabogʻ tumani dagi oʻrmon xoʻjaliklarida dorivor oʻsimliklar yigʻiladi.

2004/05 oʻquv yilidagi 107 umumiy taʼlim maktabida 53,8 ming oʻquvchi taʼlim oldi. Litseyinternat, sanʼat maktabi, 3 kasb-hunar kolleji (2200 talaba), kasb-hunar maktabi (400 oʻquvchi) mavjud. 35 jamoat qutubxonasi, 6 klub muassasasi, madaniyat va istirohat bogʻi bor. «Nozigul» folklor dastasi, «Dilnavoz» xalq ansambli faoliyat koʻrsatadi. Stadion, bolalar sport maktabi mavjud. 4 sanatoriy aholiga xizmat koʻrsatadi. 4 kasalxona, vrachlik tibbiy punktlar, poliklinika, 3 ambulatoriya, tugʻruqxona majmuasi va boshqalar tibbiy muassasalarda 337 vrach, shuningdek, oʻrta tibbiy xodimlar ishlaydi. Tuman hududidan Qarshi — Kitob t. y., Katta Oʻzbekiston trakti (Toshkent — Termiz) oʻtadi. Tuman markazi (Yakkabogʻ shahri) bilan qoʻshni tumanlar va Qarshi shahri orasida avtobuslar qatnaydi.

Latif Erdonov.


Lotin alifbosida maqola: YAKKABOGʻ TUMANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
QASHQADARYO VILOYATI
YAPONIYA
XITOY
ROSSIYA


Добавить комментарий