YALLIGʻLANISH

YALLIGʻLANISH — kasallik qoʻzgʻatuvchi zararli omillar (fiz., kimyoviy, biol.) taʼsiriga qarshi organizmning murakkab mahalliy nomaxsus himoya reaksiyasi. Shikastlangan soha Yalligʻlanish reaksiyasi tufayli organizmning sogʻlom toʻqimalaridan ajralib qoladi; u joyga qondan immun hujayralar kelib, ular har xil destruktiv effektlarni rivojlantiradi. Arteriyalar va kapillyarlarning qon bilan toʻlishi Yalligʻlanish oʻchogʻida qizarish va gipertermiyaga, tomirlar oʻtkazuvchanligining oshishi shish va ogʻriqqa sabab boʻladi (nerv oxiriga bosim boʻlganligi hisobiga). Leykotsitlar migratsiyasi (birinchi navbatda, neytrofillarning) va ularning faollashishi atrofdagi toʻqimalarning sitolizi va yiring hosil boʻlishiga olib keladi. Yalligʻlanish oʻchoklari zararli omilni bostiruvchi asosiy mexanizmlarga fagotsitoz, hujayradan tashqari sitoliz, nomaxsus kontaktli killing, hamda komplement tizimining sitolitik reaksiyalari hisoblangan gumoral reaksiyalar kiradi. Shu bilan bir vaqtda Yalligʻlanish mahalliy va umumiy immunitetining rivojlanishiga turtki boʻladi. Yalligʻlanish organizmning ilk reaksiyalaridan biri hisoblanib, u organizmni yot jismlardan himoya qilish yoki parchalangan oʻz hujayralaridan tozalash kabi vazifalarni bajaradi.

Yalligʻlanish uchta muhim tarkib (komponent)dan: alteratsiya (hujayra va toʻqimalarning shikastlanishigacha boʻlgan oʻzgarishlari), ekssudatsiya (suyuqlik va qon hujayralarining tomirlaridan chiqishi) va proliferatsiya (hujayralarning koʻpayishi va toʻqimalarning oʻsib ketishi)dan tashkil topgan. Yalligʻlanish reaksiyalarining har qanday koʻrinishlarida bu uch komponent albatta mavjud boʻladi. Ulardan qaysi birining ustunligiga koʻra, Yalligʻlanishning uchta asosiy — alterativ, ekssudativ va proliferativ shakli farq qilinadi.

Alterativ Yalligʻlanish koʻpincha ichki aʼzolar (yurak, jigar, buyrak)da yuzaga keladi. Yalligʻlanishning bu shakli baʼzi bir allergik reaksiyalar, kuchli toksik (mas, patogen mikroblar ajratadigan ekzotoksin) modsalar taʼsir etganda, autoimmun jarayonlarda vujudga keladi.

Ekssudativ Yalligʻlanish boshqalariga nisbatan koʻproq uchraydi; Ya. oʻchogʻida tomirlarning tavsifi oʻzgarishi hisobiga tomir devorining oʻtkazuvchanligi oshadi, natijada qonning suyuq qismi va leykotsitlar tomirdan atrofdagi toʻqimaga chiqib, Yalligʻlanish oʻchogʻida toʻplanadi (bu suyuqlik ekssudat deb ataladi). Agar ekssudat deyarli tiniq va tarkibida 8% gacha oqsil boʻlsa, seroz Yalligʻlanish deb ataladi. Ekssudatda maxsus oqsillar — fibrinogen koʻp boʻlsa, fibrinoz Yalligʻlanish deyiladi. Yiringli Yalligʻlanishda ekssudatda juda koʻp miqdorda nobud boʻlgan leykotsitlar va boshqalar boʻladi.

Proliferativ Yalligʻlanish hujayra elementlarining koʻpayishi, tugunlar hosil boʻlishi bilan ifodalanadi, bu zaxm, sil, toshmali terlama kabi kasalliklarda kuzatiladi.

Yalligʻlanishning asosiy belgilari (qizarish, qavarish, qizish, ogʻriq va funksiyaning buzilishi) yuzada joylashgan aʼzolarning oʻtkir Yalligʻlanishi uchun xos, agar u ichki aʼzolarda vujudga kelgan boʻlsa, bu belgilarning hammasi kuzatilmasligi ham mumkin. Odatda, Yalligʻlanishda organizmda isitma, qonda leykotsitlar sonining koʻpayishi (leykotsitoz), moddalar almashinuvining buzilishi, Yalligʻlanishning ogʻir shakllarida esa umumiy intoksikatsiyaning rivojlanishi kabi reakpiyalar paydo boʻladi.

Yalligʻlanish himoya, moslanish reaksiyasi boʻlsada, maʼlum sharoitlarda organizm uchun hayotiy zarur toʻqimalarning shikastlanishiga olib keladi. Yalligʻlanishning oqibatlari har xil, yalligʻlangan soha butunlay tuzalib ketishi, baʼzan toʻqimalarning talaygina qismiga putur yetgan boʻlsa, yalligʻlangan joy chandiqlanib qolishi ham mumkin. Agar Yalligʻlanish ichki aʼzolarda boʻlsa, qoʻshni aʼzolarni bir-biriga tutash joylarida bitishma hosil boʻladi, natijada shikastlangan aʼzo funksiyasi oʻzgaradi.

Yalligʻlanishning har qanday koʻrinishida shifokorga murojaat etish va uning koʻrsatmalariga amal qilish lozim.


Lotin alifbosida maqola: YALLIGʻLANISH haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
IMMUNITET
KOMPLEMENT
TOSHKENT
IMMUNOLOGIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты