YAMAN, Yaman Respublikasi (AlJumhuriya al-Yamaniya) — Arabiston ya. o. ning jan. qismidagi davlat. Mayt. 528 ming km2. Aholisi 19,3 mln. kishi (2002). Poytaxti — Sano shahri Maʼmuriy jihatdan 19 viloyat (muhofaza)ga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. Yaman — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991 yil 15 — 16-mayda qabul qilingan; 1994 va 2001-yillarda oʻzgartirishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1990-yildan Ali Abdulloh Solih; 1978—90 yillarda Yaman Arab Respublikasi prezidenti), u umumiy yashirin ovoz berish yoʻli bilan 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni deputatlar palatasi (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Yaman aksariyat togʻli mamlakat; mamlakat gʻarbida Yaman togʻlari joylashgan (eng baland joyi 3600 m — AnNabi-Shoib togʻi). Qizil dengiz va Adan qoʻltigʻi sohili boʻylab Tixoma choʻli choʻzilgan.
Sharqida Rub ulXoli choʻliga tutashib ketadngan uncha baland boʻlmagan yassitogʻlik va tepaliklar joylashgan. Qizil dengiz qirgoqlari kam parchalangan, ayrim joylarda marjon riflari bor. Ya. da osh tuzi, alebastr, neft, marganes rudasi, yarim qimmatbaho toshlar bor. Iqlimi tropik, hududining katta qismida quruq iqlim. Urtacha t-ra yanv. da 20—25°, iyunda 21—32°. Yillik yogʻin 40—1000 mm. Daryolari yilning koʻp qismida quriydi. Eng muhim daryosi — Masila. Tuproqlari qizil qoʻngʻir, ayrim joylarda shoʻrxoklar uchraydi. Togʻlarning koʻp qismida oʻsimlik oʻsmaydi; togʻ yon bagʻirlari akatsiya, mimoza, oleandr, aloe, fikus oʻsimliklari bilan qoplangan. Tekisliklarda choʻl va chala choʻl oʻsimliklari, vohalarda xurmo palmasi oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan gʻizol, yovvoyi eshak (onagr), yirtqichlardan sirtlon, boʻri, tulki, qoshtop bor; gamadril va pavian maymuni uchraydi. Qirgʻoqqa yaqin suvlarida baliq turi koʻp.
Aholisining koʻpchiligi arablar; shuningdek, efiop, hind, yahudiy, somalilar, pokistonliklar ham yashaydi. Rasmiy til — arab tili. Davlat dini — islom. Shahar aholisi 23,5%. Yirik shaharlari: Sano, Adan, Taiz.
Tarixi. Mil. av. 2-ming yillik oxiri va 1-ming yillik boshida Yaman hududida oʻziga xos jan. arab madaniyati shakllandi. Shu davrda Xadramaut, Qatabon, Saba, keyinchalik Mani davlatlari paydo boʻldi. Mil. av. 1-ming yillik oʻrtalarida Saba davlatining mavqei oshib, qoʻshni davlatlar unga tobe boʻlib qoldi. Mil. 4-asr boshida Yamanning barcha hududi Himyariylar podsholigiga birlashdi. 4—6-asrlarda Yamanda iudaizm va xristianlik tarqaddi. 6-asr boshida Yamanni efioplar, 6-asr oxirida Sosoniylar bosib oldi. 629—630-yillarda Yaman Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Yaman hududida arabmusulmon madaniyati qaror topdi. Islom dini sekin asta hukmron dinga aylana bordi. 9-asrda Yamanda mustaqil Ziyodiylar davlati (poytaxti Zabid shahri), Yafuriylar davlati (poytaxti Sano shahri) vujudga keldi. 10-asrda Yaman hududining bir qismi shialarning Zaydiylar mazhabi tarafdorlari qoʻliga oʻtdi. Keyingi davrlarda Yamanda turli sulolalar hukmronlik qildi. 16asr boshida Yaman Usmonli turk imperiyasi tarkibiga kirdi. 17-asr boshida u yerda turklarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarilib, Zaydiy imomlari boshchiligida 1633-yil mustaqil davlat (imomatlik) tuzildi. 19-asr boshida Yamanga vahhobiylar tez-tez hujum qilib turdi, keyinchalik Misr podshosi Muhammad Ash qoʻshinlari bostirib kirdi. 1840-yilgacha Ya. Misrga tobe boʻlib qoldi. 1839-yildan Janubiy Yaman (Adan mustamlakasi va Adan protektoratlari)da Buyuk Britaniya oʻz hukmronligini oʻrnata boshladi. 19-asrning 70-y. lari boshida Shim. Yamanda Turkiya hukmronligi tiklandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida Shim. Yamanda Turkiya hukmronligiga qarshi bir necha bor qoʻzgʻolon koʻtarildi. 1904—11 yillarda boʻlib oʻtgan qoʻzgʻolonlar natijasida Shim. Yaman muxtoriyatga erishdi. 1918-yil mustaqil qirollik deb eʼlon qilindi. 1962-yil 26-sentyabrda Sanoda boʻlgan inqilob natijasida monarxiya tuzumi agʻdarib tashlandi va Shim. Yamanda Ya. Arab Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Janubiy Yaman xalqining inglizlar hukmronligiga qarshi ozodlik kurashi Shim. Yamandagi ozodlik harakatlarining muvaffaqiyatlaridan soʻng avj olib ketdi. Buyuk Britaniya Adan shahri va Adan protektoratida oʻz mavqeini saqlab qolish maqsadida 1959-yil jan. da Arab amirliklari federatsiyasi (1962-yildan Janubiy Arabiston federatsiyasi, JAF)ni tuzdi. Xalq ommasi JAFga qarshi kurash olib bordi. Bu kurash Shim. Yamanda Ya. Arab Respublikasi tuzilganidan keyin yanada kuchayib ketdi. Mustaqillik uchun kurash natijasida Janubiy Yamanning katta hududi ozodlik kuchlari qoʻliga oʻtdi. Buyuk Britaniya Janubiy Yamanni mustaqil deb tan olishga majbur boʻldi va 1967-yil 30 noyab. da Adandan oʻz qoʻshinlarini olib chiqib ketdi. Oʻsha kuni mustaqil Janubiy Yaman Xalq Respublikasi (1970-yildan Ya. Xalq Demokratik Respublikasi) tuzilganligi eʼlon qilindi. 1990-yil Yaman Arab Respublikasi bilan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi birlashishi natijasida Ya. Respublikasi tashkil topdi. Ammo mamlakatda janublik va shimolliklarni ajratib tashlashga boʻlgan harakatlar saqlanib qoldi; bu 1994-yil shimolliklar gʻalabasi bilan tugagan yirik harbiy toʻqnashuvga ham olib keldi. Yaman — 1947-yildan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1991-yil 30 dek. da tan olgan va 1996-yil 21-mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Midliy bayrami — 22 may — Milliy birlik kuni (1990).
Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Umumiy xalq kongressi, 1982-yil tuzilgan; Ya. sotsialistik partiyasi, 1978-yil asos solingan; Islohotlar uchun Yaman birligi, 1990-yil tashkil etilgan. Ya. Respublikasi ishchilari kasaba uyushmalari umumiy federatsiyasi, 1990-yil tuzilgan.
Xoʻjaligi. Yaman — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. 23,9%, kon sanoati 16,6%, qayta ishlash sanoati 10,1% ni tashkil etadi.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi dehqonchilik. Faol aholining 70% dan ortigʻi q. x. da band. Mahsuloti eksport qilinadigan asosiy oʻsimligi kofe; xurmo oʻstiriladi. Bogʻdorchilik (anjir, oʻrik, mango, anor va boshqalar) va tokchilik rivojlangan. Texnika va efir moyli oʻsimliklardan zanjabil, kunjut, paxta, tamaki, donli ekinlardan durra, tariq, arpa, bugʻdoy, makkajoʻxori, dukkaklilar, sabzavot ekinlari ekiladi. Mamlakatning jan. va jan. sharqidagi choʻl va chala choʻllarda voha dehqonchiligi rivojlangan (tariq, joʻxori, bugʻdoy, arpa, kunjut, paxta, kofe, tamaki, sabzavot, kokos va xurmo palmasi yetishtiriladi). Chorvachilikda qoramol (asosan, zebu), ʻ qoʻy, tuya, ot, eshak, parranda boqiladi. Mamlakat jan. va jan. sharqida koʻchmanchi chorvachilik rivojlangan. Asalarichilik bilan ham shugʻullaniladi. Baliq ovlanadi. Qizil dengizning qirgʻoqqa yaqin joylaridan marvarid olinadi.
Sanoatida neft, osh tuzi, temir rudasi, yarim qimmatbaho toshlar qazib olinadi. Neftni qayta ishlash, energetika, toʻqimachilik, paxta tozalash, oziq-ovqat (tamaki, kofeni qayta ishlash korxonalari) sanoati mavjud. Yiliga oʻrtacha 1,96 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Hunarmandchilikda uyroʻzgʻor anjomlari, mato, koʻnpoyabzal, kulolchilik va zargarlik butomlari, tigʻli qurollar ishlab chiqariladi.
Yamanda temir yoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. 64,6 ming km. Dengiz savdo floti tonnaji 13,6 ming t dedveyt. Dengiz portlari: Adan, Hudayda, Moxa, Salif, Muqalla. Yaman chetga neft va neft mahsulotlari, kofe, baliq va dengiz mahsulotlari, paxta, teri, tamaki chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat, jihozlar, sanoat buyumlari oladi. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yaman riali.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Davlat maktablarida oʻqish bepul. Xususiy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktablarda oʻqish muddati 6 yil, oʻrta maktablarda ham 6 yil Oliy oʻquv yurtlari: Adandagi oliy ped. kolleji (1970-yil tashkil etilgan), un-t (1975), Musiqa inti, Sano shahridagi un-t (1974). I. t. lar Adandagi untda olib boriladi. Sano shahrida kutubxona (1925), Adan shahrida «Misvat» va un-t kutubxonalari, arxeologiya muzeyi bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Yamanda bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Asosiylari: «Arbaatashar oktobr» («14-oktyabr», arab tilidagi kundalik gaz., 1968-yildan), «AlJumhuriya» («Respublika», arab tilidagi kundalik gaz., 1948-yildan), «AsSakafa alJadida» («Yangi madaniyat», arab tilidagi oylik jur., 1970-yildan), «AsSaura» («Inqilob», arab tilidagi kundalik hukumat gaz., 1948-yildan), «AsSauri» («Inqilobchi», kundalik gaz., 1967-yildan), «Saut alUmmal» («Ishchilar ovozi», arab tilidagi kundalik gaz.). Adan axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970-yil tuzilgan; Saba axborot agentligi, hukumat agentligi, 1970-yil tashkil etilgan. Yaman radiotelevideniye xizmati, davlat tomonidan nazorat qilinadi, Adan shahrida joylashgan.
Adabiyoti. Oʻrta asr yaman adabiyoti umumarab adabiyoti oqimida rivojlandi va asosan diniy mavzudagi sheʼriyat keng tarqaldi. 12-asrda Nashvan alHimyariy tomonidan yaratilgan «Himyariy qasidasi» dostoni, alHamadoniyning «Sheʼrlar devoni» bundan mustasno. 19-asrda milliy ozodlik harakatining avj olishi realistik adabiyotning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Yahyo bin Muhammad alAryoniy, Abdul Karim Mazxar va boshqalar qasida janrida ijod qildilar. Yozuvchilardan Ahmad alFeys, Shauki Abdulla, Jafar Abdo, shoirlardan Farid Barakat, Abdurahmon Faxri, Ali Mahdi ashShinvax, Abadan Muhammad Duxays realistik yoʻnalishdagi adiblar guruhiga kiradi. Jafar Lutfi Aman romantik yoʻnalishda asarlar yaratdi. Muhammad Said Misvat, Muhammad Abdul Vali, Ahmad Mahfuz Omar, Ali Baazib, Muhammad Abdurahmon Ahmad, Muhammad Solih Haydariy kabilar oʻz novella va kichik dramatik asarlari bilan mashhur.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Yaman hududida Mariba, Karnovu va boshqalar qadimgi shahar qoldiqlari topilgan (mil. av. 2-ming yillikka oid), ularning aksariyati toʻrtburchak shaklida qurilib, atroflari baland (10—12 m) devorlar bilan oʻralgan; irrigatsiya inshootlari (Maribadagi toʻgʻon, mil. av. 7-asr) va tosh ibodatxonalarning qoldiqlari, tosh va bronzadan ishlangan haykalchalar ham topilgan. Qatabon podsholigi (mil. av. 9—1-asrlar)ning poytaxti — Timna shahri xarobalari: tosh istehkomlarning qismlari, toshdan qurilgan binolarning devoriy yozuvlari, boʻrtma tasvirli stelalar, Xadramautda mil. av. 4—3-asrlarga oid shahar vayronalari (istehkom devorlari, minora tipidagi uylar, qabrtoshlar), suv havzalari (Adanda) saqlanib qolgan. Mamlakatning turli r-nlaridan mil. av. 1-ming yillikka oid odam va hayvonlarning bronza va oltindan ishlangan tasvirlari, geometrik naqshli sopol buyumlar, Timnada devoriy bronza boʻrtmalar va ellini tusidagi haykalchalar (mil. av. 1-asr) topilgan. Yamanda islom dini tarqalishi bilan masjidlar qurila boshladi. 7—16-asrlarda minorali masjidlar (Sano shahridagi al-Jomiy al-Kabir masjidi, 670-y. lar, 8, 10 va 12-asrlarda kengaytirildi; Taiz shahridagi alAshrafiya masjidi, 13asr), «qubba» — avliyolar maqbaralari qurildi. 20-asrda shaharlarda milliy meʼmoriy anʼanalar saqlangan holda zamonaviy tipda sanoat va irrigatsiya korxonalari, turar joy va maʼmuriy binolar barpo etildi. Yamanda qadimdan amaliy bezak sanʼati turlari (kumush, toshdan buyumlar yasash, gilamchilik, zargarlik, kiyimga gul tikish) keng tarqalgan.
Musiqasi. Yaman musiqasida Vizantiya, Bobil, Misr madaniyati taʼsiri seziladi, boshqa arab mamlakatlari (Saudiya Arabistoni, Iroq va boshqalar) musiqa anʼanalariga yaqinlik mavjud. Arxiak musiqa namunalari saqlanib qolgan (folklar sheʼriyatini badiiy oʻqish); qoʻshiq va cholgʻu uslubini belgilovchi lad (maqam), ritmik formulalar tizimi shakllangan. Musiqa asboblari:: ud (lyutna), qonut (sitra), mizmar (surnay turi), zarbli — tabl, def, mirvas, xager va boshqalar Qadimda shoirdostonchilar, roviylar (rivoyat, nasihat aytimlarini ijro etuvchilar) sanʼati rivojlangan. Islom davridan boshlab diniy shakllar bilan birga dunyoviy mazmundagi maual, muvashshax, takasim va boshqalar janrlar keng oʻrin olgan. Shuningdek, Yamanda erkaklarning jangovar davra qoʻshiqlari (albara), toʻy raqslari (zeffa, murakkax va boshqalar), ayollarning yakka va jamoa qoʻshiqlari tarqalgan. Musiqaning zamonaviy shakllari ham rivojlangan. Musiqa boʻyicha kadrlar Adan shahridagi Musiqa in-tida tayyorlanadi. Milliy qoʻshiq va raqs ansambli bor.