XATTOTLIK (arab. — husnixat yozuvchi) , kalligrafiya — yozuv (xat) sanʼati, kitob koʻchirish hamda meʼmoriy inshootlar, badiiy buyumlarning kitobalirini yaratish kasbi. Yozuvning paydo boʻlishi natijasida yuzaga keldi. Ayniqsa, arab yozuvining keng tarqalishi tufayli Xattotlikning rivojlanishi jadallashdi. Sharqda, jumladan, Oʻrta Osiyoda kitob bosish vujudga kelguniga qadar qoʻlyozma kitob tayyorlash, ularning nusxalarini koʻpaytirish (matn koʻchirish) bilan xattotlar shugʻullangan (q. Kitobat sanʼati). Xattotlar saroylarda, ayrim amaddorlar huzurida guruh boʻlib ishlagan. Jumladan, temuriy shahzoda Boysungʻur Mirzo (1397—1433) Hirotda tashkil qilgan kutubxonada musavvir, naqqosh va b. ustalar bilan bir qatorda 40 dan ortiq xattotlar qoʻlyozma kitoblar tayyorlash, yaroqsiz holga kelganlarini taʼmirlash bilan mashgʻul boʻlgan. Xattotlik sanʼatiga bagʻishlangan koʻplab risolalar 10 xil asosiy xat uslublari (nasx, kufiy, muxakkak, nastaʼlik, suls, tavqe, taʼliq, devoniy, riko, rikʼiy) mavjudligi haqida darak beradi.
Oʻrta Osiyoda arab yozuvlari tarqalguniga qadar turli yozuv usullari boʻlgan [mas, sugʻdiy, urxunenisey (qad. turkiy xoqon yozuvlar) va b. ]. Qad. yozuvlardan boʻlgan kufiy yozuvi koʻpgina meʼmoriy va b. yodgorlik obidalarining bezagida, saqlanib qolgan. Jumladan, Oʻzbekiston musulmonlari diniy idorasida saqlanayotgan Usmon Qurʼoni ham ana shu kufiy (qad. hijoz adabiy yozuvi) da koʻchirilgan. Qurʼon koʻchirishda nasx, buyruq va farmonlar yozishda tavqe, maktublar bitishda riqo ishlatilgan. Bulardan tashqari tumor, gʻubor, shajariy, tugʻro va b. yozuv usullari ham boʻlgan. 15-a. dan kitob koʻchirish (fors, eski oʻzbek tillari)da nastaʼliq xati rayem boʻlgan. X. Markaziy Osiyoda Temuriylar, Shayboniylar va soʻnggi sulolalar (ashtarxoniylar, mangʻitlar) davrida yuksak darajada taraqqiy etgan. Amir Temur davrida Mavlono Shamsuddin Munshiy, sangtarosh va xattot Oltun juda mashxur boʻlgan. Alisher Navoiyning shaxsiy kutubxonasida 11 ta yirik sanʼatkorlar (Sultonali Mashhadiy, Abduljamil Kotib, Darvesh Muhammad Toqiy va b.) X. da samarali ijod kilgan. «Xattotlar sultoni» Sultonali Mashhadiy, Mir Ali Tabriziy va b. nastaʼliq xatini sanʼat darajasiga koʻtargan. Temuriy shahzodalar (Ibrohim bin Shohruh, Boysungʻur Mirzo, Badiuzzamon Mirzo va b.) ham Xattotlikka homiylik qilish bilan birga oʻzlari bu sanʼat turi bilan shugʻullangan; Zahiriddin Muhammad Bobur esa yangi xat va alifbo «Xammu Boburiy» ixtirochisidir. Kitobat sanʼati bilan bir qatorda binolarning kitobalari, qabrtoshlardagi bitiklar va buyumlarda X. keng qoʻllanilgan. Shayboniylardan Muhammad Shayboniyxon va Ubaydullaxon X. bilan shaxsan shugʻullangan va nasx xatida yuksak mahorat bilan yozgan. 16-a. Movarounnaxr X. maktabini yuzaga kelishida Mir Ali Hiraviynnsh hayoti va ijodi alohida oʻrin tutadi. Bosmaxona paydo boʻlguniga qadar kotib, xattotlar mehnati kitob tayyorlashda muhim oʻrin tutgan. Bu borada Boysungʻur Mirzo, Alisher Navoiy, Muhammad Rahimxon II (Feruz) va b. ning faoliyatlari diqqatga sazovor. 20-a. da yirik kutubxonalarda xattotlar qoʻlyozma kitoblar nusxasini koʻpaytirish bilan shugullandilar. Mas, Navoiy kutubxonasi (Oʻzbekiston milliy kutubxonasi) da bir guruh xattotlar ishlagan. 1943-y. da Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik inti tashkil topgach, malakali xattotlar (Ibodulla Odilov, Abduqodir Murodov, Abdulla Nosirov, Usmon Karimov va b.) shu yerga toʻplandi: ular koʻhna qoʻlyozmalarni tiklash, koʻchirish, tavsif varaqalari tuzish bilan shugʻullana boshladilar. 20-a. 80-y. lariga kelib kitobat sanʼati bir guruh kishilar tomonidan qayta tiklandi. Bunda Habibulla Solih, Abdulla Mirsoatov, Toʻxtamurod Zufarov, Alisher Shomuhammedov va b. ning xizmatlari katta. Jumladan, Habibulla Solih Musʼhafi Usmon Qurʼonining asl nusxasidan pergamentga 3-marta nusxa koʻchirib tayyorlagan (bir nusxasi Malayziyaning KualaLumpur sh. da; pergamentga koʻchirib tayyorlagan yana bir nusxasi Toshkent islom universitetida), Katta Langar Qurʼonidan (SanktPeterburg va Oʻzbekistondagi nusxalari asosida) teriga koʻchirib nusxa tayyorlamoqda. Habibulla Solih 1998-y. da Istanbulda oʻtkazilgan Xalqaro xattotlar bellashuvida «Devoniy» xat uslubi boʻyicha kuchli oʻnlikdan oʻrin oldi; 1999-y. da Xattotlikda yangi tarz (naqshin bezak yozuvining alifbosini kashf kilib bu sohada yangilik) yaratgani uchun Lohurdagi Xalqaro xattotlar bellashuvida «Parvin raqam» («Sharq yulduzi») unvoniga sazovor boʻldi. Abdulaziz Mansurov, Islom Mamatov, Salimjon Badalboyev, Gʻafurjon Haqberdiyev va b. bugungi kundagi eng mashhur xattotlardir. X. hoz. kunda Toshkent sharqshunoslik inti, Toshkent islom universiteti, Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn intida oʻrgatiladi.
Ad.: Murodov A., Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971.
Abdumajid Madraimov.