YANGI ZELANDIYA

YANGI ZELANDIYA — Tinch okeanning jan. gʻarbiy qismidagi davlat. Mayd. 268,7 ming km2. Aholisi 3,994 mln. kishi (2004). Poytaxti — Vellington shahri Maʼmuriy jihatdan 10 provinsiya (rgoutse)ga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Yangi Zelandiya — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi parlamentar monarxiya. Buyuk Britaniya parlamenti va asosan, Yangi Zelandiya parlamenti tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlariga amal qilinadi. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi, uning nomidan generalgubernator davlatni boshqaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 1 palatali parlament — vakillar palatasi, ijrochi hokimiyatni generalgubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Yangi Zelandiya Kuk boʻgʻozi orqali ajralib turgan Shim. va Janubiy orollarda joylashgan. Yangi Zelandiyaga Tinch okeandagi bir qancha mayda orollar ham kiradi. Mamlakatning 3/4 qismi togʻ, qir va tepaliklar bilan band. Sohili va daryo vodiylari pasttekislik. Shim. orolda tez-tez zilzila boʻlib turadi, soʻnmagan vulkanlar, geyzerlar, qaynoq mineral buloqlar bor. Janubiy orolda Janubiy Alp togʻlari joylashgan (eng baland joyi 3764 m — Kuk togʻi; choʻqqilarda abadiy qor va muzliklar bor). Shim. orol qirgʻogʻi yaqinidagi shelfda neft, gaz, temir, mis, polimetall rudalari, oltin, koʻmir konlari bor. Iqlimi subtropik dengiz iqlimi, chekka jan. da moʻtadil iqlim. Iyulning oʻrtacha t-rasi shim. da 12°, jan. da 5°, yanv. niki shim. da 19°, jan. da 14°. Oʻrtacha yillik yogʻin 400—700 mm, togʻ yon bagʻirlarida 2000—5000 mm. Daryolari sersuv, gʻidroenergiya zaxirasiga boy. Eng yirik daryosi — Uaikato (uz. 354 km). Koʻl koʻp: eng yirigi — Taupo (mayd. 612 km2). Yangi Zelandiyada sariq, qoramtir va kashtan tuproq, togʻlarda togʻoʻrmon, togʻoʻtloqi tuproqlar tarqalgan. Oʻrmon, asosan, baland togʻlarda saqlanib qolgan (mamlakat hududining 23%). Oʻsimlik turlarining 75% dan ziyodi endemik. Paporotnik, daraxtsimon epifit va lianalar, mahalliy daraxt turlari (kauri, namaki, rimu, tarairo va boshqalar) koʻp. Hayvonot dunyosi kambagʻal. Sut emizuvchilardan kalamush, it, koʻrshapalaklar, sudralib yuruvchilardan tuatara, qushlardan pingvin, nayburun, chagʻalay va boshqalar koʻp. Uchmaydigan qushlardan kivi, ueka, moa va uchadigan moyqut, chittak, chugʻurchiq bor. Soʻnggi 100 yil davomida hayvonot dunyosi bugʻu, serna, tulki, quyon va boshqalar hisobiga ancha boyidi. Yangi Zelandiyada 10 milliy bogʻ (MauntKuk, Tongariro, Fyordlend va boshqalar), 2 dengiz parki, koʻplab rezervatlar bor.

Aholisining asosiy qismi yangi zelandiyaliklar; ular yangi zelandiyalik inglizlar va maorilar (15%) ga boʻlinadi. Bundan tashqari, polineziyaliklar, ingliz, shotland, irland, xitoy, hind va boshqalar xalklar ham yashaydi. Rasmiy tillar — ingliz va maori tillari. Dindorlarning aksariyati — protestantlar. Shahar aholisi 85%. Yirik shaharlari: Vellington, Oklend, Kraystcherch.

Tarixi. Yangi Zelandiyaga 10—14-asrlarda maorilar kelib joylashgan. Yevropaliklardan birinchi marta 1642-yil gollandiyalik dengizchi A. Tasman borgan. 1769 — 70 yillarda ingliz dengizchi sayyohi J. Kuk orollarni tadqiq qilgan. 19-asr ning boshlarida yevropaliklarning dastlabki aholi punktlari paydo boʻldi. Ayni vaqtda maorilarga tegishli yerlarni bosib olish jarayoni boshlandi. 1840-yil dastlabki ingliz muhojirlari Vellington shahrini barpo etdilar. 1840-yildan Angliya Ya. Z. ni oʻz mustamlakasiga aylantirdi. 1843-yil maorilarning ingliz mustamlakachilariga qarshi qurolli qoʻzgʻoloni boshlandi. 1872-yilga kelib maorilarning qarshiligi toʻla bostirildi. 1907-yil Yangi Zelandiya dominion maqomini oldi. 1-jahon urushi (1914—18)da Ya. Z. Buyuk Britaniya tomonida boʻldi. Urushdan soʻng Ya. Z. Germaniyaning sobiq mustamlakalari boʻlgan Gʻarbiy Samoa va Nauruni Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan birgalikda boshqarish uchun mandat oldi. 1926-yilgi imperiya konferensiyasi va 1931-yilgi Vestminster statuti bilan tasdiqlangan qarorlar asosida Yangi Zelandiya tashqi va ichki ishlarda toʻla mustaqillikka ega boʻldi. Ammo 2-jahon urushi (1939—45) gacha Buyuk Britaniya Yangi Zelandiyaning barcha tashqi aloqalarini nazorat qilib turdi. 2-jahon urushida Yangi Zelandiya antifashistik koalitsiya tomonida boʻldi. 1930-y. lardan hokimiyatni navbatmanavbat Milliy partiya va Leyboristlar partiyasi egallab kelmoqda. Yangi Zelandiya 1945-yildan BMTaʼzosi. 1992-yil 19-martda OʻzR suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 6 fev. — Vaytanga kuni (1840).

Asosiy siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. Umumiy kelajak partiyasi, 2002-yil tuzilgan; Leyboristlar partiyasi, 1916-yil asos solingan; Ya. Z. milliy partiyasi, 1936-yil tashkil etilgan; Ya. Z. demokratik partiyasi, 1954-yil tuzilgan; Sotsialistik birlik partiyasi, 1993-yil tashkil etilgan; Taraqqiyparvar koalitsiya, 2002-yil tuzilgan. Yangi Zelandiya kasaba uyushmalari kengashi, 1987-yil asos solingan.

Xoʻjaligi. Yangi Zelandiya — qishloq xoʻjaligi yuksak darajada rivojlangan industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. 9%, sanoat 25%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi 66% ni tashkil etadi.

Qishloq xoʻjaligi ning asosi — sut, goʻsht va goʻshtjun chorvachiligi. 47,5 mln. qoʻy, 9 mln. qoramol boqiladi. Yangi Zelandiya sariyogʻ, goʻsht, jun va pishloq eksport qilish boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi. Yemxashak ekinlari, bugʻdoy, arpa, suli, dukkakli don ekinlari, sabzavot ekinlari ekiladi. Meva, jumladan, kivi yetishtiriladi. Bogʻdorchilik (sitrus mevalar, olma, nok, shaftoli, gilos). tokchilik rivojlangan. Baliq va kit ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.

Sanoatida oziq-ovqat va yengil sanoat rivojlangan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, yogʻochsozlik va sellyulozaqogʻoz, kimyo, toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Alyuminiy, plastmassa, oʻgʻit, sement, chinni zdlari bor. Kon sanoatida tabiiy gaz, temir rudasi, mis, qoʻrgʻoshin, rux, oltin, kumush, qoʻngʻir va toshkoʻmir, titanmagnetit qumi qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 32,4 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi.

Transportida dengiz transportining ahamiyati katta. Yirik portlari: Vellington, Oklend, Littelton. T. y. lar uzunligi 3,9 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 92 ming km. Vellingtonda xalqaro aeroport bor. Tashqi savdoda Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Xitoy bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Yangi Zelandiya dollari.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Vrachlar untlarning tibbiyot ftlarida tayyorlanadi. Taʼlim 6 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy va bepul. Davlat maktablari bilan birga xususiy maktablar ham bor. Oʻqish muddati boshlangʻich maktablarda 6 yil, oraliq maktablarda 2 yil, 8 yillik maktab (boshlangʻich va oraliq)dan keyingi bosqich oʻrta maktab (oʻqish muddati 3 yil). Kollej va oliy oʻquv yurtlarida oʻqish pulli. Mamlakatda 7 un-t va texnika intlari bor. Untlar Oklend, Kraystcherch, PalmerstonNort, Danidin, Vellington, Gamiltonda joylashgan. I. t. lar mamlakatning oliy ilmiy muassasasi — Ya. Z. qirollik jamiyati (1867-yil tashkil etilgan, turli shaharlarda 50 ga yaqin boʻlim va filiallari bor), ilmiy va industrial tadqiqotlar departamenti (1926), pedagogik tadqiqotlar kengashi (1933), Yangi Zelandiya nafis sanʼat akademiyasi, Karterov rasadxonasi, hammasi — Velington shahrida, Danidin shahridagi tibbiy tadqiqotlar kengashi (1950), Vellingtondagi iqtisodiy tadqiqotlar instituti (1958), Kraystcherchdagi geofizika va astronomiya rasadxonasida olib boriladi. Vellingtonda Milliy kutubxona (1966), Oklend (1880), Kraystcherch (1859), Vellington (1893) shahrilarida kutubxonalar, Milliy muzey kutubxonasi bor. Muzeylari: Vellingtondagi milliy muzey (1865), Milliy badiiy galereya (1936), Danidin, Kraystcherch, Oklend shahrilaridagi muzeylar, Oklenddagi badiiy galereya, Transport va texnika muzeyi va boshqalar Matbuoti, radioeshittirishi va teleqoʻrsatuvi. Yangi Zelandiyada bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Yiriklari: «Dominion» (kundalik gaz., 1907-yildan), «Ivning post» («Kechki pochta», kechki kundalik gaz., 1865-yildan), «Nyu Zilend gerald» («Yangi Zelandiya xabarchisi», kundalik gaz., 1863-yildan), «Nyu trus» («Yangi haqiqat», haftalik gaz., 1904-yildan), «Otago deyli tayms» («Otago provinsiyasi kundalik vaqti», kundalik gaz., 1861-yildan), «Press» («Matbuot», kundalik gaz., 1861-yildan), «Soushelist politiks» (jur.). Nyu Zilend Press Assoshieyshn, Yangi Zelandiya kundalik gaz. larning kooperativ birlashmasi, 1879-yil asos solingan. «Radio Nyu Zilend» radiosi 1936-yil, «Televiji Nyu Zilend» televideniyesi 1960-yil tashkil etilgan.

Adabiyoti 19-asr oʻrtalaridan ingliz tilida rivojlanmoqda. 19-asr oʻrtalarida va undan keyingivaqtlardagi yozuvlarda maorilarning boy folklori (afsona, rivoyat, qoʻshiq, maqol) saqlangan. Dastlabki yangi zeland adabiyoti asarlari ingliz adabiyoti anʼanalari asosida barpo etildi. 19-asrning 50 — 80-y. laridagi shoirlar A. Domett va T. Brekken asarlari romantik yoʻnalishda yaratiddi, U. Golder va J. Barr sheʼriyatida erksevarlik ruhi namoyon boʻldi. M. E. Barker, J. Uayt, J. G. Uilson kabi adiblar oʻz asarlarida mustamlakachilik davrini aks ettirdilar. 19-asrning 90-y.

lari oxiri — 20-asr boshlarida adabiyotda milliylikning oʻziga xos belgilari paydo boʻldi. Bunda Yangi Zelandiya hayotidagi ijtimoiy va irqiy masalalar oʻz aksini topdi. 19-asrning 90-y. laridan U. Pember, J. Makkey va boshqalarning ijtimoiy adolatsizlikka qarshi qaratilgan sheʼrlari, J. Veston, G. V. Vogel, J. Shamyer, U. Satchell romanlari, A. A. Greys, U. Bok va boshqalarning hikoyalari, 20-asr boshlarida K. Mensfildning ruhiy novellasi yaratildi. 20-asrning 30—40-y. larida adabiyot jahon iqtisodiy boʻhronini, mehnatkashlarning oʻz huquqlari uchun kurashini aks ettirdi. J. A. Li, R. Xayd, F. Sarjeson romanlari, R. A. K. Meyson, D. Glover, A. Kernou sheʼrlari shu mavzuga bagʻishlandi. 50-y. lardan sheʼriyatda axloqiyfalsafiy muammolar yetakchi oʻringa chiqdi (J. Bakster, A. Kempbell va boshqalar). 1940—60-y. larda D. Ballantayn, L. Devin, N. Xilliard va boshqalarning realistik romanlari paydo boʻldi. Bu davrda M. Shedbolt, B. Mitkaf va boshqalar novella janrida ijod qildilar. Ayrim yozuvchilar ijodida (J. Freym romanlarida) modernizm taʼsiri yaqqol namoyon boʻldi. 1970-y. larda adabiyotga maori yozuvchilari — V. Iximaer va X. Tuvare kirib keldilar. Yangi Zelandiyada K. Mensfild romanlari, A. P. Gaskell, M. Daggan, X. Shouning psixologik novellalari mashhur.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Ingliz mustamlakachilari kelgunga qadar maorilar toʻgʻri burchakli, ikki nishabli tomi oʻtlar bilan yopiladigan yogʻoch uylardan iborat qishloqlarda yashagan. 19-asrning 2-yarmidan aniq reja bilan (Kraystcherch, Oklend) yoki tabiat manzarasi bilan uygʻunlashtirib qurilgan (Vellington) shaharlar qad koʻtara boshladi. Maʼmuriy bino va ibodatxonalar avval neoklassitsizm va neogotika uslubida, 20-asrning 20—30-y. lari zamonaviy shakllarda qurildi. 1960—70 yillardan yangi qurilish materiallari va konstruksiyalar qoʻllanila boshladi. Bir qavatli uylar inglizlarnikiga oʻxshatib qurilsa ham, oʻziga xos mahalliy xususiyatlarga ega.

Maorilar sanʼatining qadimiy yodgorliklari — tosh va suyak oʻymakorligi, naqqoshlik va devoriy yezuvlardir. 19asr oxiri — 20-asr boshlarida mahalliy rassomlik maktabi shakllandi (rassomlar G. Lindauer, Ch. F. Goldi, P. van der Velden, J. Neyrn, A. F. Nikoll, L. Mitchell, haykaltarosh R. O. Gross, fafik E. Mervin Teylor va boshqalar). Rassomlar maorilar turmushi va mamlakat tabiatini tasvirladilar. Monumental rassomlik, haykaltaroshlik, shahar va industrial manzara rivojlanmoqda. Musiqasi. Maori xalqlarida marosim qoʻshiq va raqslari rasm boʻlgan; epik, lirik, mehnat qoʻshiqlari har doim nafosat bilan ijro etilgan. Musiqa asboblari: truba (pu; chigʻanoq, yogʻoch, qovoqdan yasaladi), fleyta turlari (porutu, uio, koauau), shaqildoq, hushtak, gong, kastanyet (tokere). Qoʻshiqraqs sanʼatida tabiatdagi tovushlarga taqlid qilish keng tarqalgan. 19-asr boshlarida Yevropadan koʻchib kelgan (asosan, ingliz)lar sanʼati rivojlandi. 19-asrda mahalliy va Gʻarbiy Yevropa musiqa anʼanalari negizida professional musiqa paydo boʻldi. 19-asr oxirida dastlabki simfonik orkestrlar tuzildi. 20-asrda mahalliy sanʼatga qiziqish ortdi (A. Ngata boshchiligidagi yosh maorilar deb nomlangan harakat). Bir qancha folklor ansambllari, jumladan, Vellingtonda «Ngati Poneke» (maori musiqachilari V. Guata, T. R. Karepa) ansambli tashkil etildi. 20-asr mamlakatdagi professional jamoalar orasida Yangi Zelandiya radiosi simfonik orkestri (1947), Yoshlar orkestri (1959), Milliy opera (1954) va Milliy balet (1955) truppalari, kompozitorlardan G. Xill, D. Lilbyorn, D. Farkuaer, K. Smol, E. Lokvud mashhur.

Teatri. 1930-y. larda opera va drama havaskorlari truppalari, 1950-yillarning boshida koʻchma professional truppalar («Nyu Zilend pleyers», «Sautern komedi pleyers», «Daunsteyj», «Komyuniti arts servis tietr») paydo boʻldi. 1960-yil professional yangi zeland baleti vujudga keldi. Oklend shahrida yarim professional «Sentral tietr», Danidinda xususiy «Glob tietr» teatrlari ishlaydi. Rej. lar S. Birn, R. Barker, K. Ketkart, aktyorlar R. Stoun, D. Fermeyd, dramaturglar J. Bakster, J. Koppard, A. Kernou mashhur.

Kinosi. 1898-yil dastlabki qisqa metrajli hujjatli film suratga olingan. 1912-yil Vellingtonda «Neeshenal film yunit» davlat kinostudiyasi tashkil etildi. 1-jahon urushi yillari (1914—18) harbiy xronika, 20-asrlarda, asosan, qisqa metrajli filmlar yaratildi. Badiiy kinematografiyaning asoschisi rej. R. Xeyuorddir [«Doʻstlik yoʻllari boʻylab» (1936), «Maorilarni sevish» (1972) filmlari]. 1936-yil ingliz kinorej. J. Grirson yordami bilan bir qancha hujjatli filmlar yaratildi. Badiiy filmlardan «Bardosh bera olmagan toʻsiq» (rej. lar R. Mayrams va J. Oʻshi), «Testlar uchun suratchalar» (rej. D. Stivens), «Farzandlar qaytmoqda» (1980, rej. P. Monder) kabi filmlar diqqatga sazovor Oʻzbekiston — Ya. Z. munosabatlari. Ikki davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yil 19-martda oʻrnatilgan boʻlishiga qaramay, Yangi Zelandiyaning geografik jihatdan uzoqda joylashganligi mamlakatlar oʻrtasidagi savdoiqtisodiy munosabatlarga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. 2004-yil yanv. — noyab. da OʻzR bilan boʻlgan tovar aylanmasi 210,2 ming AQSH dollarini, undan eksport 20,3 ming, import 189,9 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Oʻzbekistonda «Shʼyek .1e\uye11egu» Oʻzbekiston — Ya. Z. qoʻshma korxonasi bor. Yangi Zelandiya hukumati oʻz mamlakatidagi oliy oʻquv yurtlari magistraturasida taʼlim olish uchun oʻzbekistonlik 4 talabaga moliyaviy yordam koʻrsatdi. Shuningdek, kam taʼminlangan oila ayollari taʼlimi uchun Samarqand tadbirkor ayollar assotsiaiiyasiga 5 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.


Lotin alifbosida maqola: YANGI ZELANDIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XITOY
BUYUK BRITANIYA
YAPONIYA
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты