YANGIOBOD TUMANI

YANGIOBOD TUMANI — Jizzax viloyatidagi tuman. 1999 yil 30 apr. da tashkil qilingan. Gʻarbdan Zomin tumani, jan., sharq, shim. dan Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 0,72 ming km2. Aholisi 22,7 ming kishi (2005). Tumanda 5 qishloq fuqarolari yigʻini (Xovos, Sarmich, Xoʻjamushkent, Savat, Xavotogʻ) mavjud. Markazi — Balandchaqir qishlogʻi.

Tabiati. Tumanning shim. qismi pasttekislik, jan. qismi qiradir va togʻlardan iborat. Yer yuzasi jan. ga tomon koʻtarilib boradi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuqroq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 3°, iyulniki 28°. Yiliga 350 — 360 mm yogʻin tushadi. Tekislik va qirlarda boʻzqoʻngʻir tuproqlar, jan. sharqida chaqirtosh, qumtosh bilan qoplangan tepaliklar uchraydi.

Tuman hududi, asosan, oʻrqirdan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, yantoq, shuvoq, kovrak, ismaloq, yalpiz, qoqi, lolaqizgʻaldoq, lola, chuchmoma va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, jayra, tipratikan, quyon; qushlardan burgut, bulbul, zogʻcha va boshqalar yashaydi. Yangiobod tumanining jan. qismidagi qishloqlarda buloq suvlari chiqib turadi. Xoʻjamushkent va Sarmich suv omborlari bor. Ekinzorlar Mirzachoʻl kanalidan (nasoslar yordamida) sugʻoriladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km2 ga 32,1 kishi.

Xoʻjaligi, asosan, q. x. ga ixtisoslashgan (gʻallachilik va chorvachilik yetakchi oʻrinda). Kichik, oʻrta va yirik biznes korxonalari, MTP, mikrofirmalar, qurilish korxonalari faoliyat koʻrsatadi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. 380 ga yaqin fermer xoʻjaligi bor, shu jumladan, 350 tasi dehqonchilik, 27 tasi chorvachilik bilan shugʻullanadi. Shirkat xoʻjaliklari mavjud. Tumanda 28,9 ming gektardan ziyod yer maydonida dehqonchilik qilinadi, shundan sugʻoriladigan yerlar 4,1 ming ga, lalmikor yerlar 24,9 ming ga. Tokzorlar, bogʻlar va boshqalar koʻp yillik daraxtzorlar, Xoʻjamushkent oʻrmon xoʻjaligi mavjud. Umumiy taʼlim maktablari, litsey, kasbhunar kolleji, 5 klub, 7 kutubxona bor. Kasalxona (120 oʻrin), 8 qishloq vrachlik punkti, 3 dorixona aholiga xizmat koʻrsatadi. Balandchaqir — Yangiyer, Julangar — Yangiyer, Xoʻjamushkent — Yangiyer yoʻnalishlarida avtobuslar va Dashtobod, Jizzax, Xovos, Yangiyer shahar va shaharchalariga marshrutli taksilar qatnaydi. Yangiobod tumani hududida Xoʻjamushkent bobo, Rustam bobo, Sayidon Aziz, Changaul ziyoratgohlari bor. 2000-yildan «Yangiobod hayoti» tuman gaz. nashr etiladi. Faxriddin Abdusattorov.


Lotin alifbosida maqola: YANGIOBOD TUMANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
YER
JIZZAX VILOYATI
TOJIKISTON
YAPONIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты