YASAMA TISH

YASAMA TISH, tish protezi — turli sabablar tufayli tushib ketgan yoki olib tashlangan tabiiy tishlar oʻrnini toʻldirish hamda tish nuqsonlarini yoʻqotish maqsadida ishlatiladigan maxsus ortopedik moslama. Bolalar tishi notoʻgʻri joylashganda va jagʻ tishlar jipslashuvi buzilganda maxsus moslama qoʻllaniladi (ortodontik davo), bu esa ular yuzidagi nuqsonlarning oldini olish va davolash imkonini beradi.

Yasama tish har bir kishining oʻziga, uning organizmiga zarar qilmaydigan materiallar: plastmassa, chinni va metall qotishmalar (oltin, kumush, platina, maxsus poʻlat va h. k.)dan yasaladi.

Yasama tishni oʻz vaqtida qoʻyish kerak, chunki bir nechta tish oʻrni boʻshab qolsa, ovqat toʻliq chaynalmaydi, bu esa meʼda va ichak faoliyatining buzilishiga sabab boʻladi.

Yasama tish qoʻyishqoʻymaslikni stomatolog vrach belgilaydi. Yasama tishlar doimiy va olinadigan qilib qoʻyiladi.

Doimiy Yasama tish larning qoplama (koronka), koʻpriksimon, shtift (mix) li va qistirma (vkladka) xillari bor.

Qistirma Yasama tishlar plastmassa va chinnidan yasaladi: ular, asosan, oldingi tish koronkasi chetnaganda yoki koʻp qismi yemirilib ketganda shaklini tiklash uchun qoʻllaniladi (q. Tish chirishi). Qoplamalar zanglamaydigan poʻlat, oltin, plastmassa va chinnidan yoki ularni aralashtirib qilinadi. Oldingi tish koronkasi yemirilganda, tish ildizini toʻla davolab, shtiftli tish bilan tiklash mumkin; uni tish ildiziga oʻrnatib qoʻyiladi. Koʻpriksimon Yasama tish 1—2 ta tish boʻlmaganda qoʻyiladi. Ular tayanch tishlar oraligʻiga qoplanadi — bu koronkalar plastmassa yoki chinnidan yasaladi, yo hammasini metalldan qilish mumkin. Koʻpriksimon Yasama tish shikastlanmagan yoki toʻliq davolangan tishlargagina oʻrnatiladi. Olinadigan (plastinkali) Yasama tish milkka yoki qattiq tanglayga mahkamlab qoʻyiladigan va sunʼiy tishlar oʻrnatilgan plastinka (asos)dan iborat. Koʻp tishlar yoʻq va sogʻlom tayanch tishlar boʻlmaganda olinadigan Yasama tish tavsiya etiladi. U toʻliqmas va toʻliq (hamma tishlar oʻrnini toʻldiradigan) boʻladi. Koʻp tishlar yoʻq va tayanch tishlar sogʻlom boʻlsa, yoysimon (byugel) Yasama tish qulay, bunda asos plastinka oʻrnida metall yoydan foydalaniladi. Hamma tish boʻlmaganda toʻliq Yasama tish qoʻllaniladi: uning plastinkasi shilliq qavatga tiralib, soʻlak bilan hoʻllanib yopishib turganligi sababli protez ogʻizda yaxshi oʻrnashadi.

Yasama tish qoʻyishdan oldin, albatta, ogʻiz boʻshligʻini sogʻlomlashtirish (chirigan tishlarni davolash, juda yemirilgan tishlar va tish toshlarini olib tashlash), tayanch tishlar ildizi atrofidagi toʻqimalar holatini tekshirish shart. Yasama tish qoʻydirishga muhtoj boʻlgan kishiga mos protez tuzilishini stomatolog vrach aniqlaydi.


Lotin alifbosida maqola: YASAMA TISH haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TISH
TOSHKENT
TIBBIYOT
YER
IBN SINO


Добавить комментарий