YAQINDAN KOʻRISH, miopiya koʻrish nuqsoni; bunda yaqindagi narsalar yaxshi, uzoqdagilar esa xira koʻrinadi. Homiladorlik davrida onaning turli infeksion kasalliklar (gripp va boshqalar) , anemiya bilan ogʻrishi; yotib oʻqishga odatlanish, qorongʻida yoki engashib uzoq vaqt koʻzga dam bermay oʻqish va boshqalar yaqindan koʻrishga sabab boʻladi. Yangi tugʻilgan bolalarda koʻz soqqasi kichkina boʻlib, bola 9—12 yashar boʻlganida u normal shaklni oladi (q. Koʻz). Baʼzan koʻz soqqasi uzunchoklashib, qorachiqdan toʻr pardagacha boʻlgan masofa kattalashib ketadi. Bunda uzoqdagi shakllardan keladigan parallel nurlar koʻzdagi toʻr pardaga yetmay, oʻrta yoʻlda sinib, fokusga yigʻiladi, natijada koʻriladigan buyum shakli toʻr pardada aniq aks etmay kishi uzoqni yaxshi koʻrmaydi. Yaqindan koʻrish uch darajaga boʻlinadi: yengil — 3,0 D gacha, oʻrta — 3,0 D dan 6,0 D gacha va kuchli — 6,0 D dan yuqori. Yaqindan koʻrish darajasi koʻzga taqiladigan koʻzoynakning nur sindirish kuchiga qarab aniqlanadi. Taqilgan koʻzoynak shishasi nurlarni sindirishi tufayli koʻrinadigan tasvir toʻr pardaga tushadi. Yaqindan koʻrish koʻz pardalari (oqsilli, tomirli, toʻr parda) va muskullarini toliqtiradi, ular choʻzilib, koʻzning optik oʻqi uzunlashadi, natijada Yaqindan koʻrish zoʻrayadi, bu koʻzning koʻrish qobiliyatini pasaytiradi.
Yaqindan koʻrishning zoʻrayishiga akkomodatsiya (koʻz gavharining dam qalinlashib, dam yupqalashish qobiliyati)ning taʼsiri katta. Odatda, Yaqindan koʻrish koʻz akkomodatsiyasi susaygan odamlarda koʻproq kuzatiladi, u naslga ham bogʻliq.
Yaqindan koʻrishni kamaytirish, uni zoʻraytirmaslik uchun dastlabki belgilariga ahamiyat berish kerak. Mas, agar oʻquvchi doskadagi yozuvni uzoqdan yaxshi koʻrmasa, kitobni engashib oʻqisa, kino yoki teatrlarda oldingi qatorga oʻtirishga harakat qilsa, tezda koʻz kasalliklari vrachiga murojaat qilishi lozim. Vrach oʻquvchini yaxshilab tekshirgach, lozim topsa, unga koʻzoynak yoki kontaktli linzadan foydalanishni tavsiya etadi.
Yaqindan koʻrishning oldini olish uchun koʻz gigiyenasiga amal qilish, koʻzni toliqtirmaslik, uzoq vaqt engashib turmaslik, boshni birdan qattiq egib yubormaslik lozim. Kuchli darajadagi Yaqindan koʻrishda vrach maslahatlariga amal qilish zarur.