YEM — 1) mollarga beriladigan toʻyimli ozuqa. Chorvachilikda suli, arpa, makkajoʻxori, oq joʻxori, bugʻdoy, qora bugʻdoy, soya, vika, noʻxat donlari va b. Ye. oʻrnida ishlatiladi. Yem boʻladigan donlar tarkibida 75% gacha uglevodlar, 12% protein, 2—5% yogʻ, 1—4% mineral moddalar hamda V guruhiga mansub vitaminlar mavjud. 100 kg Yemda 38—133 ozuqa birligi, 6,7—14,2 kg hazm boʻluvchi protein bor. Barcha hayvonlar va parrandalarga Yem aralash yem va yem aralashmasi koʻrinishida beriladi. Yemning toʻyimliligini oshirish maqsadida kepak, kunjara, pivo, spirt, shakar zavodlari chiqiti, baliq uni, goʻsht uni, goʻsht-suyak uni, qon uni va b. Ye. ga aralashtiriladi yoki boshqa turdagi ozuqalarga Yem aralashtirib tert qilinadi. Yem yengil hazm boʻlishi uchun maydalanadi, tuyiladi, tegirmonda un qilib tortiladi, achitiladi va h. k. Mogʻorlagan, qoʻlansa hidli, qora yoki qoʻngʻir tusdagi, rangi aynigan, zaharli moddalari boʻlgan don va don mahsulotlarini Yem oʻrnida ishlatib boʻlmaydi (yana q. Aralash yem, Yemxashak);
2) ot oyoqlarida hosil boʻladigan chiqiq, shish kasalligi («yem tushishi»).