YENGIL SANOAT

YENGIL SANOAT — xilma-xil xom ashyodan keng isteʼmol mahsulotlari va buyumlari i. ch. ga ixtisoslashgan sanoat tarmoqlari majmui. Yengil sanoatda xom ashyoga ham dastlabki ishlov berish, ham tayyor mahsulot i. ch. amalga oshiriladi. Yengil sanoatda paxta, ipak, zigir, kanop, jut tolalari, hayvonlar terisi, juni, sunʼiy tolalar, sunʼiy charm xom ashyo sifatida foydalaniladi. Uning asosiy tarmoqlari toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻnchilik, moʻynadoʻzlik, poyab-zal sanoatlari hisoblanadi. Yengil sanoat maq-sulotlari, shuningdek, mebelsozlik, aviatsiya, avtomobil, oziq-ovqat va b. sanoat tarmoqlarida, q. x., transport, sogʻliqni saqlash va b. sohalarda ishlatiladi.

Yengil sanoat yirik f-ka industriyasining tarmogʻi tarzida 18-a. ning 2-yarmida barpo qilindi. Yengil sanoatning qad. tarmoqlaridan biri boʻlgan toʻqimachilik sanoatida texnika taraqqiyoti toʻqimachilik sanoatining kapitalistik manufaktura bosqichidan yirik mashinalashgan industriya bosqichiga oʻtishi uchun baza yaratgan 18-a. dagi ulkan kashfiyotlar bilan bogʻliq. Lekin qoʻlda paxta va jundan ip tayyorlash va toʻqish, charmdan poyabzal tikish uchun terini kay-ta ishlashning oddiy usullari Hindiston, Xitoy, Misr, Oʻrta Osiyoda mil. av. bir necha asr ilgari maʼlum boʻlgani tarixiy adabiyotlarda qayd etilgan va arxeologik topilmalar bilan tasdiqlangan. Hoz. Oʻzbekiston hududida 19-a. ning oxiriga qadar xoʻjalik taraqqiyoti xonaki, kosibchilik,hunarmandchilik ishlab chiqarishidan iborat edi. Sanoat usulida ishlab chiqarilgan ki-yim-kechak, poyabzal, trikotaj mahsulotlari, gazmollar asosan Rossiyaning markaziy shaharlaridan olib kelingan, chetga, asosan Rossiyaga paxta tolasi, xom ipak, teri va b. xom ashyo turlari chiqarilgan.

Oʻzbekistonda Yengil sanoat mahsulotlarini sanoat asosida i. ch. ga 19-a. ning oxirida, 1874-y. da Toshkent sh. da paxta tozalash z-di qurilishi bilan asos solingan. 20-a. boshlarida Yengil sanoat sohasi asosan paxtani qayta ishlash korxonalaridan iborat boʻlib, yalpi sanoat mahsulotining qariyb 4/5 qismi shu sohaga toʻgʻri kelgan. 1920-y. lardan paxta tozalash z-dlari, pillakashlik, yigiruv-toʻquv, tikuvchilik, charm-galantereya, poaybzal f-kalari qurila boshladi, respublikaning oʻzida yetishtirilgan xom ashyodan tayyor mahsulot i. ch. maqsadlarida mayda tarqoq hunarmandlarni birlash-tirib, sanoat asosi yaratildi. 1926-y. da Toshkentda «Qizil tong» tikuvchilik fkasi, 1927-y. da Toshkent poyabzal fkasi, 1928-y. da Toshkent koʻn z-di, 1926-y. da Fargʻona tikuvchilik fkasining birinchi navbati (10000 urchuq va 300 toʻquv dastgohi) ishga tushirildi. Fargʻona (1927), Samarqand (1927), Buxoro va Margʻilon (1928) pillakashlik f-kalari, Samarqand shoyi toʻqish fkasi (1930) ishga tushirilishi bilan Oʻzbekistonda ipakchilik sanoati poydevori yaratildi. 1937-y. da toʻqimachilik sanoati gigantlaridan biri — Toshkent toʻqimachilik kombinati ishlay boshladi. 2-jahon urushigacha boʻlgan davrda trikotaj sanoati tarmogʻida Qoʻqon ip yigiruv-paypoq toʻquv kombinati, Fargʻona va Toshkentda trikotaj buyumlari f-kalari ishga tushirildi. Urushdan keyingi yillarda Yengil sanoat tarmoqlari yanada rivojlandi, bu sanoatning texnika bazasi takomillashtirildi.

60-y. larda respublikada trikotaj i. ch. ancha taraqqiyotga erishdi, Toshkent «Malika» trikotaj i. ch. birlashmasi, Andijonda ichki trikotaj buyumlari fkasi qurildi. 70—80-y. larda Xivada gilam kombinati, Buxoro toʻqimachilik kombinatining 1-navbati, Andijon toʻqimachilik kombinati, viloyatlarning kichik shaharlari va tuman markazlarida nisbatan kichik quvvatli yigiruv, toʻquv, yigiruv-toʻquv f-kalari ishga tushirildi. Respublikada Yengil sanoatning eng yangi sohasi boʻlgan chinni va fayans buyumlari Toshkent (1952), Samarqand (1970), Kuvasoy (1978) chinni z-dlari, Angren keramika kombinati (1967)da ishlab chiqariladi.

Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi bilan Yengil sanoat tarmoqlari yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Respublika hukumati qaroriga koʻra tarmoqdagi deyarli hamma korxonalar davlat tasarrufidan chiqarish dasturiga koʻra ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlariga va mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirildi. 1991-y. da respublika Yengil sanoati vazirligi tugatilib, uning negizida majmuada davlat boshqaruvini amalga oshiradigan, Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan davlat uyushmasi — «Oʻzbekengilsanoat», 1998-y. 30-martda pillachilik va ipakchilik tar-moklariga rahbarlikni amalga oshiradigan «Oʻzbek ipagi» uyushmasi tashkil qilindi (q. Ipakchilik sanoati). 2000-y. 4-martda koʻn-poyabzal sanoati korxonalari «Oʻzbekcharmpoyabzal» uyushmasiga birlashdi.

1991—2000-y. larda tarmoq boʻyicha 22 loyiha amalga oshirildi, jumladan Koreya Respublikasining «Kabul Tekstaylz» firmasi ishtirokida Toshkent va Toʻytepa shaharlarida joylashgan «Kabul-Oʻzbek Ko» (quvvati yiliga 47,0 ming t yigirilgan paxta ip va 24 mln. m gazlama), Fargʻona toʻqimachilik kombinatini qayta jihozlash asosida «KabulFargʻona K°» (loyiha qiymati 110 mln. AQSH dollari) qoʻshma korxonalari ishga tushirildi. Namanganda Turkiyaning «Aston» firmasi bilan hamkorlikda «Asnam tekstil» (quvvati yiliga 30,2 ming t yigirilgan ip), «Timas» va «TIMI» firmalari bilan «Kosonsoy-Tekmen» (yillik quvvati 4,2 mln. m jun va movut gazlamalar) qoʻshma korxonalari, Qarshida «Pashtete», Gurlanda «Gurlanteks», Andijonda «Anteks» toʻqimachilik majmualari va b. qurildi va ishga tushirildi (ularning yillik quvvati 18,0 mln. dona tikuvchilik va trikotaj buyumlari). «Fargʻonapoyabzal» aksiyadorlik jamiyati bilan Germaniyaning «Salamander» firmasi ishtirokida «Oʻzsalaman» qoʻshma korxona ishga tushirildi (1995, yillik loyiha quvvati 500 ming juft poyabzal).

Hoz. davrda Oʻzbekiston Yengil sanoat s koʻp tarmoqli indoʻstrial majmua boʻlib, uning tarkibida paxta tozalash z-dlari, toʻqimachilik, trikotaj, pillakashlik, shoyi toʻqish, tikuvchilik, koʻn-poyabzal, gilamchilik, chinni-fayans buyumlari va attorlik mollari i. ch. sohalarida 150 ga yaqin korxona bor. Shulardan 14 tayen 1994—2000-y. larda chet el kapitali ishtirokida tashkil qilingan qoʻshma korxonalardir [(bu korxonalar tarmoqda ishlab chiqarilgan umumiy mahsulot hajmining 20,6% ni, eksportga chiqarilgan mahsulot hajmining 88,1% ni beradi (2000)]. Respublika sanoat mahsuloti umumiy hajmida Yengil sanoat hissasi eng katta salmoqqa ega va 2000-y. da 20,1% ni tashkil qildi (1995-y. da 19%).

«Oʻzbekengilsanoat» davlat uyushmasi tomonidan respublika Yengil sanoatni rivojlantirishning 2000 — 2005-y. larga moʻljallangan dasturi ishlab chiqilgan. Dasturda Oʻzbekistonga chetdan ilgʻor texnologiyani keltirish, chet el investitsiyasini jalb etish, bank kreditidan foydalanib yangi zamonaviy korxonalar qurish, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish, eksport imkoniyatlarini oshirish va b. belgilangan. Dasturga koʻra 2000—2005-y. larda ipgazlama tarmogʻida 33 ta korxonani qayta jihozlash, 17 korxonani qurib bitkazish, tikuvchilik-trikotaj tarmogʻida 5 korxonani qayta jihozlash, 1 korxonani qurib tugallash moʻljallangan. Respublika hududida qayta ishlanadigan paxta tolasi hajmi 1999-y. dagi 110,2 ming t dan 2005-y. da 476,4 ming t ga yetkaziladi, ip gazlama i. ch. ni 1,8-marta, gilam i. ch. ni 2,7-marta, trikotaj matolarini 2,9-marta, tibbiyot momigʻini 30,9-marta, trikotaj buyumlari i. ch. ni 1,5-marta koʻpaytirish koʻzda tutiladi, qoʻshimcha 37,7 ming dan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Yengil sanoat tarmoqdaridagi ilmiy-texnologik, loyihalash, konstruktorlik muammolari bilan «Yengilsanoat» loyiqa inti (Toshkent), «Shoyi» tadqiqot inti (Margʻilon sh.) va uning Toshkentdagi shoʻbasi, Respublika kiyimlar modellari uyi, Respublika poyabzal modellari uyi, Respublika trikotaj mahsulotlari modellari uyi va b. shugʻullanadi.

Tarmoqdardagi korxonalar uchun injener-texnik kadrlar Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoati inti va uning shoʻbalari, Toshkent kimyo-texnologiya in-ti, Toshkent politexnikumi va viloyatlardagi kollejlarda tayyorlanadi. Yengil sanoat jahondagi koʻpgina mamlakatlarda, jumladan Italiya, Fransiya, Chexiya, AQSH, va b. da gʻoyat taraqqiy etgan va shu mamlakatlar eksportida muhim oʻrinda turadi (yana q. Koʻn-poyabzal sanoati, Trikotaj sanoati, Toʻqimachilik sanoati, Chinni-fayans sanoati).

Nuriddin Musayev, Erkin Alimboyev.


Lotin alifbosida maqola: YENGIL SANOAT haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
ROSSIYA
XITOY
FRANSIYA
BUYUK BRITANIYA


Добавить комментарий