XORAZM

XORAZM, Qadimgi Xorazm — Turon va Eron mintaqalari oraligʻida joylashgan tarixiy oʻlka va qad. davlat. X. hududi qadimda Amudaryo adoqlaridan jan. ga tomon Murgʻob va Tajan daryolarining yuqori oqimlarigacha choʻzilgan. Shu boisdan bu qad. tarixiy oʻlka fanda 2 xil: Kdd. Xorazm va Katta Xorazm nomlari bilan maʼlum. X. haqidagi ilk maʼlumotlar Avesto, Doro I ning Bixistun kitobalari, qad. yunon mualliflari (Gekatey, Gerodot, Strabon va b.) hamda ilk oʻrta ayerlarning arab geograflari asarlarida uchraydi.

«X.» atamasi (toponimi) Avestoda Xvairizem, qad. forsiychada Uvarazmis, lotinchada Xorasmiya va yunonchada Xorazmiya deb yuritilgan. Arabcha yozma manbalarda bu oʻlka Xvorazm talaffuzida tilga olinadi. «X.» atamasining semantikasi haqida bir qancha fikrlar mavjud. X. tarixining bilimdoni SP. Tolstoye «X.» atamasi talqinlari orasida eroncha «XurrXurshed» va «zmzem» soʻzlari asosida yuzaga kelgan nomning «Quyoshli oʻlka», «Quyoshli yer» deb atalishi haqiqatga eng yaqin etnonimdir deb taʼkidlasada, Xorazmni «Xvarri yoki Xarri (Xurriy) xalqi oʻlkasi», «quyosh (xalqi) yeri» deb izohlaydi. Sugʻdshunos olim M. N. Bogolyubovning fikricha, X. ayrimayrim 3 soʻzlardan tarkib topgan. Xu (Xush, Xash), var (vara) va zm (zim, zem). Eroniy tillarda Xu —«yaxshi» «maʼqul», (varvara) — «devor», «marza», «fob», «qalʼa», «qoʻra» degan maʼnolarni bildirgan. Zm (zim, zem) esa — «yer», «oʻlka», «diyor», «mamlakat» kabi maʼnolarni anglatgan. Demak, «X.» atamasi qanday shaklda qayd etilmasin, u «yaxshi qoʻrali yer», «ajoyib qalʼali oʻlka», «mustahkam qalʼalari bor diyor» degan maʼnoni anglatgan.

Avestoning «Yasht» qismida Xorazm «Ming irmoqli daryo», «Koʻllar va oʻtloqlarga boy oʻlka» sifatida madh etiladi. Qad. Xorazm hududi tabiiy jihatdan 2 mintaqaga ajralgan. Uning shim. qismida Amudaryo etaklarida sonsanoqsiz sersuvli oʻzanlar, shim. va shim. sharqqa tomon yastangan keng yaylovlardan iborat bepoyon pastgekisliklar, uning jan. qismida esa, Murgob va Tajan daryolari vodiylarining kattagina qismi togʻ va adirliklar va ulardan bosh olgan kattakichik daryojilgʻalar etaklarida yuzaga kelgan hosiddor yerlar joylashgan.

Qadimgi X. mintaqalari hududlarining oʻziga xos tabiati, shubhasiz, qad. aholining turmush tarzini belgilabgina qolmay, balki bu diyorda yuzaga kelgan qad. madaniyatlarning shakllanishi, rivoji va bir-biriga qorishuviga ham kuchli taʼsir etgan. Shu boisdan Xorazmning shim. qismi (Oqchadaryo deltasi)da mil. av. 4—3 ming yilliklarda ovchilik va baliq ovlash bilan kun kechirgan aholi (q. Kaltaminor madaniyati) yashagan boʻlsa, mil. av. 2myng yillikda esa chorvachilik va dehqonchilikning soddagina usullaridan xabardor boʻlgan qabilalar (q. Tozabogʻyop madaniyati va Suvyorgan madaniyati) istiqomat qilgan. Mil. av. 2ming yillikning 2-yarmiga borganda, xususan, uning oxiri va mil. av. 1-ming yillik boshlari (9—8-a. lar) da sugʻorma dehqonchilik mukammallashib, yaylov chorvachilik rivoj topgan (q. Amirobod madaniyati). Bu davrda Tozabogʻyop, Suvyorgan va Amirobod madaniyatlarini yaratgan qabilalarning qorishmasi asosida tarkib topgan Kavundi (Kavondi) qabilalari yashagan. Ular Xorazmning qad. aholisi massagetlarning bevosita ajdodlari boʻlgan. Koʻchmanchi chorvachilik, xususan, yilqichilikning rivoji X. aholisining ijtimoiy hayotiga ham kuchli taʼsir etib, suvoriylar tabaqasini shakllantirgan.

X. ning jan. qismida joylashgan vodiy va vohalar (Tajan, Herirud, Murgʻob va Gyoksur) da esa mil. av. 6 — 3ming yilliklardayoq oʻtroq sugʻorma dehqonchilik madaniyati qaror topib, taraqqiy qilgan. Bu davrlarda ushbu mintaqa aholisi qabilalar uyushmasiga birlashib, dehqonchilik xoʻjaligida motiga (ketmon)dan tashqari omochdan hamda turli xildagi kattakichik sugʻorish inshootlaridan ham foydalangan. Avval ular somonli guvalalardan bir xonali, soʻngra esa koʻchalar boʻylab guvala va xom gʻishtlardan bir necha xonali uylar bino qilib, atrofi devor bilan oʻralgan turar joy va istehkomli qishloqlar barpo etgan (q. Joytun madaniyati va Namozgohtepa).

Mil. av. 2ming yillik oxiri — 1-ming yillik boshlarida qad. sugʻorma dehqonchilik madaniyatining hududlari sharq va jan. sharq tomon kengayib, Herirud vodiysining yuqori oqimigacha yoyilgan. Shu boisdan Avestoda Xvairizem oʻlkasi Areyadan sharqda Hilmand vodiysida joylashgani haqida ishora qilinadi.

Arxeologik maʼlumotlarning guvohlik berishicha, aynan shu davrda Amudaryo etaklarida yashagan koʻchmanchi chorvador qabilalarning bir qismi jan. tomon siljib to shim. Hindiston hududlariga qadar borib oʻrnashgani kuzatiladi.

Miletlik Gekatey (mil. av. 6-a.) maʼlumotlari asosida Gerodot (mil. av. 5-a.) axomaniypar davridan avval girkanlar (Kaspiy dengizining jan. sharqi, Gurgon daryosi havzasi), parfiyaliklar (Shim. Xuroson), dranglar va tamanaylar (Gʻarbiy Afgʻoniston)ning hududlari bilan tutashgan keng oʻlkada xorazmiylar yashagani toʻgʻrisida maʼlumotlar keltiradi.

Gerodotning yozishicha, keyinchalik, oʻlka axomaniylarga qaram boʻlib qolgach, togʻ daralaridan oqib tushadigan Akes (Herirud) oʻzani darvozali toʻgʻon bilan bogʻlanib, xorasmiylar (xorazmiylar) ning ekin yerlari suvsiz qolgan. Ular shoh saroyiga borib arzidod qilib, suv uchun alohida soliq toʻlagach, shoh toʻgʻon darvozalarini ochishga buyurgan.

Mil. av. 6—5-a. larda X. Axomaniylar davlatining 16satraplik tarkibiga kirgan. Mil. av. 5-a. oxiri — 4-a. boshlarida esa, u aloxida satraplik hisoblangan. Mil. av. 3 — mil. 3-a. larda X. Sirdaryo havzasining oʻrta qismida 1. Qalʼaliqirdagi saroy xarobasi. Mil. av. 5—4asrlar; 2. Ayozqalʼa. 1-ming yillik oʻrtasi; 3. Tuproqqalʼa. Gipsdan ishlangan haykal parchasi. 3asr; 4. Tuproqqalʼa. Yogʻochga bitilgan qad. xorazmiy yozuvi. 3asr. tashkil topgan Qangʻ davlatining tarkibvda boʻlgan.

Tarixiy manbalarning taqqosiy tahlilidan maʼlum boʻlishicha, xorazmiylarning dastlabki vatani Baktriyadan jan. da Areyadan sharkda, Herirud va Hilmand daryolarining yuqori havzasida joylashgan (yana q. Xorazmiylar). Shubhasiz, xorazmiylar massagetlardan farkdi oʻlaroq, parfyanlar, margʻiyonaliklar, boxtariylar, areyaliklar, girkaniyaliklardek sugʻorma dehqonchilik va uning asosi hisoblangan sutorish inshootlar barpo etishda boy asriy tajribaga ega edilar. Ularning koʻp asrlik binokorlik va xunarmandchilikdagi tajribalari va amaliy koʻnikmalari tufayli asrlar osha Amudaryo etaklari obod etilib, yirik sugʻorish tarmoqlari va suv inshootlari — dambalar barpo etilgan, hunarmandchilikning barcha sohalari keng rivoj topgan.

Mil. av. 4-a. ning 2-yarmida Xorazmda mustaqil davlat qaror topadi. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, X. davlatiga afsonaviy qahramon Siyovush (Siyovaxsh) asos solgan. Mil. av. 328-y. bahorida Oʻrta Osiyoga yurish qilgan makedoniyalik Aleksandr (Iskandar) qarorgohiga muzokara qilish uchun X. hukmdori Farasman 1500 suvoriy bilan tashrif buyurgan. Fanda massagetlar konfederatsiyasi (turkumi) nomi bilan tilga olingan X. davlatini afsonaviy siyovushiylar, aslida esa afrigʻiylar sulolasi boshqargan. Davlat poytaxti dastlab Tuproqqalʼaaya boʻlgan. Keyinchalik (305-y.) esa Kot sh. ga koʻchirilgan. Beruniy xorazmshoxlardan 22 tasining nomini qayd qiladi. Aversi (beti)da tojdor xukmdor, reversi (sirti)da suvoriy tasviri tushirilgan dastlabki kumush tanga Tuproqqalʼadan topilgan. Tanga mil. av. 1-a. ga mansub. Numizmatik maʼlumotlardan ayon boʻlishicha, bunday shakldagi tangalar mil. 8-a. gacha zarb etilgan.

X. davlati Oʻrta Osiyoda tashkil topgan oʻziga xos eng qad. davlatlardan biri boʻlib, unda oʻtroq ziroatkor va koʻchmanchi chorvador aholining udumlari, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik kabi xoʻjaliklar boshqaruvini asriy tizimlari mujassamlangan edi.

Demak, X. aholisining iqtisodiy va ijtimoiy hayotida yuz bergan tadrijiy rivojlanish uning shim. va jan. qismlarida, avval biri ikkinchisidan tubdan farqlanuvchi 2 turdagi madaniyatlar shakllangan. Soʻngra esa ularning qorishuvi oqibatida Xorazmning oʻziga xos yuksak darajadagi madaniyati yuzaga kelib, ravnaq topgan.

Qadimgi Xorazm madaniyati. Kadimdan Gʻarbiy Osiyo, xususan, shim. sharqiy Eron hududlari bilan bevosita aloqador boʻlgan Xorazmning qad. mushtarak madaniyatining koʻpgina jihatlari, xususan, badiiy madaniyati — aholisining tili, urfodatlari, uyjoylarining tuzilish tartiblari, roʻzgʻorbuyumlari, zebiziynatlarida oʻz ifodasini topgan. Mas, Xorazmning jan. kismi qadimgi obidalarida (mil. av. 6—3ming yillik) somonli guvaladan bino qilingan sahni, ganch aralash loy suvoqli bir xonali uylar ichida oʻchoq, supa, gʻalla uchun oʻra (toʻla) boʻlgan. Chaqmoqtosh qurollari qirgʻich, oʻroq, randa, pichoq; suyakdan yasalgan igna, bigiz; yarmatosh; somonli loydan yasalgan sopol idishlar, baʼzilarining sirtiga qizil rang (angob) berilgan; tosh va sopoldan yasalgan ayol va turli xil hayvon haykalchalar; tosh suyak va chigʻanoqlardan yasalgan tumor, munchoq kabi taqinchoklar uchraydi.

Mil. av. 4—2ming yilliklarda esa turar joylar maydoni nihoyatda kengayib xom gʻishtli koʻp xonali uylardan iborat qishloqqa aylangan. Ularning girdi mudofaa devori bilan oʻralib, otashgoh, hovlilar, tor koʻchalar va markazida maydon paydo boʻlgan. Qurollarining aksariyati tosh va suyakdan, qisman misdan yasalgan, qoʻlda yasalgan sopol idishlar sirtiga qora rangli geometrik va jimjimador (gilam nusxa) naqshlar, hayvon va parranda tasvirlari tushirilgan. Soʻngra kulolchilik charxi kashf etilib, bikonik nusxa idishlar, qadah va vazalar paydo boʻlgan. Binokorlikda monumental imoratlar [ibodatxona, miyonsaroy (zal) va b. ] qad koʻtarib, qishloqlar esa ilk shahar shaklini ola boshlagan.

X. shim. qismining moddiy madaniyat obidalari (mil. av. 4—3ming yillik), asosan, ovchi va baliqchi qabilalarning ulkan chaylalari chaqmoqtoshdan qadama (mikrolit) qurollar, tagi tuxumsimon sopol idishlar, chigʻanoq va jilvir toshlardan yasalgan taqinchoqyaardan iborat. Mil. av. 2ming yillikda garchi sugʻorma dehqonchilik xonaki chorvachilik va podachilik paydo boʻlib, turli zot (mayda va yirik shoxli hayvonlar) bilan bir qatorda ot, tuya xonakilashtirilib, yilqichilik ancha rivoj topgan boʻlsada, turar joylar yarim yer toʻlabostirma shaklida boʻlgan. Taqinchoklari (uzuk, bilaguzuk, isirgʻalar) jez yoki mis kabi maʼdan boʻlsada, qurollarining aksariyati chaqmoqtoshlardan yasalgan. Bu davrda Xorazmning shim. qismida shubhasiz, na misdan yasalgan qurol va na guvala yoki xom gʻishtlardan bino qilingan turar joy mavjud edi.

Xorazmiylarning jan. dan shim. ga Amudaryo quyi oqimi tomon siljishi, ularning mahalliy qabilalar bilan qorishuvi oqibatida, tubdan yangi madaniyat shakllanadi. Amudaryo adogʻi (deltasi) oʻzlashtirilib, oʻlkada bir nechta monumental binolar (Koʻzaliqir va Qalʼaliqir kabi) qad. koʻtaradi. Mil. av. 4—3-a. larda X. iqtisodiy va madaniy jihatdan ravnaq topib, yirik sugʻorish kanallari (60—70 km. eni 30 — 40 m li sayoz) barpo etilib, yangi shaharlar, qoʻrgʻonqalʼalar (Jonbos qalʼa, Bozorqalʼa, Qoʻyqirilgan qalʼa) quriladi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo hamda sanʼat rivoj topib, poytaxt (Tuproqqalʼa) barpo etiladi. X. qalʼa va shaharlari toʻgʻri toʻrtburchakli va doirasimon shakllarda aniq reja asosida qurilgan. Ular qalin va baland mudofaa devor bilan oʻralib, tashqarisidan keng (10—15 m) va chuqur xandaq qazilgan. Qalʼa va shaharlarning mudofaa qudratini strategik jihatdan kuchaytirish maqsadida ularning tashqi devorlari bir yoki ikki qator shinak (nishon, tuynuk)lari, darvoza ogʻzi esa, gʻulomgardish (labirint) — ihota istehkomi bilan mustahkamlangan. Bunday mudofaa inshootlari majmui, shubhasiz, aniq rejalar asosida strategik jihatdan nihoyatda mustahkam qilib barpo etilgan. Mac, toʻrtburchakli qalʼalar (Jonbos qalʼa, Bozorqalʼa) devorlari boʻylab 2 qatorli shinaklardan nishonga 4 tomondan oʻq uzish uchun moʻljallangan boʻlsa, doira shakldagi qalʼa (Qoʻyqirilgan qalʼa)dan qamal vaqgida shinaklardan bir yoʻla 360 daraja yoʻnalishda oʻq uzilgan. Bunday uslub, harbiy taktikada doira boʻylab markazdan oʻqqa tutish deb yuritiladi.

Xorazmda shaharsozlik sanʼati, ayniqsa, monumental meʼmorlik mil. av. 1-ming yillik oʻrtalaridan to mil. 8-a. boshlarigacha oʻtgan davr ichida keng rivojlangan. Yirik qalʼalar, xususan, poytaxt shahar (Tuproqqalʼa, Kot) oʻlka ibodatxonasi (Hazorasp), maqbaralar (Chirikrabot) va b. turdagi jamoat binolari qad. koʻtargan. Tuproqqalʼada 3 minorali qarorgoh, muhtasham shohona saroy (sahni 280 kv. m), markaziy koʻchalar boʻylab joylashtirilgan hunarmandchilik turar joylari va bozor oʻrin olgan. Shaharda hunarmandchilikning turli sohalari: kulolchilik, temirchilik, misgarlik, qurolsozlik, zargarlik, binokorlik va toʻqimachilik yuksak darajada rivoj topgan. Tuproqqalʼa xarobalaridan topilgan turli xildagi ashyolar, xususan, tasviriy sanʼat asarlarining ayrim boʻlaklari, loydan ishlangan haykallar, devoriy rangli tasvir (chiltor chalayotgan ayol, qoʻlida anor tutgan maʼbuda Nohid), tabiat manzaralari va sopol haykalchalar, badiiy yuksak darajada yasalgan. Yogʻoch va charmga qad. xorazmiy yozuvida bitilgan hujjatlar oʻlka aholisi maʼnaviyatini asosi boʻlgan savodxonlik darajasidan dalolat berardi.

Ilk oʻrta (4—8-a. larda) meʼmorlik yanada rivoj topib, qalʼa, qasr va koʻshklar (Burgutqalʼa, Uyqalʼa, Qumbosgan qalʼa va b.) kvadrat yoki toʻrtburchak shaklda bino qilinib, burchaklari doirasimon burjlar bilan mustahkamlanadi. Bu davrda bunyod etilgan qalʼa va koʻshklar orasida meʼmoriy jihatdan, ayniqsa, Teshikqalʼa va Yakka Porson diqqatga sazovordir.

Xorazmda badiiy sanʼat ham rivoj topgan. Ayniqsa, zargarlik (oltin, kumush va jezdan turli xil taqinchoqlar: uzuk, bilaguzuk, isirgʻa va b.) ohangarlik va sarrojlik, ohanjoma (temir jiba, ot anjomlar) yasalgan, ip va ipakli guldor matolar toʻqilgan. Mil. av. 6—5-a. larda roʻy bergan yuksalish mil. 3-a. oxiri va 4-a. boshida tushkunlikka uchrab, xarobaga aylangan qator shaharu qalʼalar 5 — 6-a. larda yana jonlangan (Kavat qalʼa, Guldursun qalʼa, Kot va b), 10-a. oxirlarida Shimoliy Xorazmda Urganch sh. ning ahamiyati ortib, unda qator monumental binolar qad koʻtargan. Binokorlikda paxsa, xom gʻisht bilan bir qatorda pishiq gʻishtdan foydalana boshlangan (Koʻhna Urganch; Sulton Takashning maqbarasi, Faxriddin arRoziyning maqbarasi va b. shular jumlasidandir).

Ad.: Tolstov S. P., Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, T., 1964; Tolstov S. P ., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Masson V. M., Srednyaya Aziya i Drevniy Vostok, M., 1964; Istoriya Xorezma, T., 1976.

Abdulahad Muhammadjonov.


Lotin alifbosida maqola: XORAZM haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: X harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
YER
ERON
TARIX
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты