YER MAGNETIZMI, geomagnetizm — 1) Yerning magnit maydoni;
2) geofizika boʻlimi. Yer magnit maydonining fazoda taqsimlanishini va vaqt davomida uzgarishini, shuningdek, u bilan bogʻliq ravishda Yerda va atmosferada sodir boʻladigan fizik jarayonlarni oʻrganadi. Magnit maydonining kuchlanishi T vektor bilan belgilanadi. Gvektorning miqdori Yer magnetizmi elementlari, yaʼni magnit maydonining ogʻish burchagi D, gorizontal tashkil etuvchisi Ya, egilish burchagi va vertikal tashkil etuvchisi Z bilan ifodalanadi. Yer magnetizmi elementlari toʻgʻri burchakli koordinatalar sistemasida quyidagicha joylashgan: X — geografik meridian, Y — geografik kenglik va Z — vertikal chiziq boʻylab yoʻnalgan koordinata oʻkdari. T vektorning X, Y, Z oʻklariga boʻlgan proyeksiyalari magnit maydonining shim., sharqiy va vertikal tashkil etuvchilari deb ataladi. T ning gorizontal tekislikdagi proyeksiyasi magnit maydonining gorizontal tashkil etuvchisi N ni hosil qiladi. T vektor joylashgan HOZ tekislik magnit meridiani tekisligi deyiladi. HOZ tekisligi bilan XOZtekisligi orasidagi burchak magnit maydonining ogʻish burchagi D ni va kuchlanishi (T vektor) bilan gorizontal tashkil etuvchisi N orasidagi burchak magnit maydonining egilish burchagi / ni tashkil etadi.
Yer magnetizmi elementlari kompas, magnit teodoliti, turli magnitometrlar, magnit tarozisi, magnit variometri va b. yordamida oʻlchanadi. Bundan tashqari, dengizda, havoda oʻlchash uchun kema, samolyot va vertolyotlarga maxsus asboblar oʻrnatiladi.
Yerning magnit maydoni doimiy va oʻzgaruvchan boʻladi. Doimiy magnit maydoni yer yuzining hamma joyida boʻlib, juda sekin, «asriy» oʻzgaradi. U Yer magnit maydonining 99% ini tashkil qiladi. Doimiy magnit maydonining mavjud boʻlishiga Yer ichki qatlamlarida boʻladigan turli jarayonlar sabab boʻladi. Oʻzgaruvchan magnit maydoni Yer magnit maydonining 1% ini tashkil etadi va yer atmosferasining yuqori qatlamlarida oqadigan elektr toklaridan vujudga keladi. Shu bilan birga, Yer magnit maydonining tasodifiy oʻzgarishlari mavjud. Tasodifiy oʻzgarishlar Quyoshda sodir boʻladigan chaqnash hodisalariga ham bogʻliq, ular magnit boʻronlariga sabab boʻladi, radioaloqalarni buzadi.
Kosmosda oʻtkazilgan i. t. lar Yer magnit maydoni koʻp miqdorda katta energiyali elektron va protonlarni qamrab olganligini koʻrsatadi hamda ularning energiyasi va konsentratsiyasi Yerdan uzoqdagi geomagnit kenglikka qarab oʻzgaradi. Yer goʻyo magnit maydoni b-n qamrab olingan ulkan radiatsion mintaqa bilan oʻralganday koʻrinadi. Ichki mintaqa 45° kenglik bilan chegaralanib, Yer sathidan 500—5000 km uzoqlikda joylashgan. Tashqi mintaqa 12000—32000 km balandlikda. Geomagnit maydonining variatsiyalari davriy va davriy boʻlmagan xillarga boʻlinadi. Davriy variatsiyalarga yillik, sutkalik variatsiyalar kiradi. Davriy boʻlmagan variatsiyalarga qisqa vaqtli kuchli magnit boʻronlari, toʻlqinlari kiradi. Bu variatsiyalar, asosan, toʻsatdan, tartibsiz ravishda roʻy beradi. Magnit toʻlqinlaridan hosil boʻladigan variatsiyalar, asosan, Quyoshdagi oʻzgarishlarga va fazodagi turli jarayonlarga bogʻliq. Yer magnit maydonining hosil boʻlish sabablary va unga bogʻliq boʻlgan hodisalarni geofizikaning magnitometriya sohasi oʻrganadi.
Yer magnit maydoni Yerning har bir nuqtasiga qoʻyilgan magnit miliga bir xil taʼsir etadi. Yer magnetizmini oʻrganish natijasida olingan maʼlumotlar har 5 yilda tuziladigan magnit xaritalarida tasvirlanadi. Izogon chiziqlarning bir xil qiymatga ega boʻlgan nuqtalarini birlashtiradi. Bu chiziklarning shimol va janubdagi tugun boʻlib yigʻilgan joylari shim. va jan. magnit qutblari deyiladi. Shim. vajan. qutblarni birlashtiruvchi izogon chiziklar magnit meridiani deyiladi. Shuningdek, magnit maydonining egilish burchagini tasvirlovchi izoklin chizik,lar magnit kenglik chiziklaridir. Nol miqdorga ega boʻlgan izoklin chiziq magnit ekvatori deb ataladi. Yer magnetizmini oʻrganish Yerning chuqur qatlamlarida boʻlayotgan tektonik jarayonlarni oʻrganish, kon qidirish, fazoda radio-toʻlqinlarning tarqalishini kuzatish kabi muhim masalalarni hal etishda ahamiyatli. Oʻzbekiston FA Seysmologiya in-tida zilzilalar oʻchogʻini aniqlash va yer qimirlashini oldindan bilish masalalarini hal etishda geomagnit variatsiyalardan keng foydalaniladi.
Qahhorbek Abdullabekov.