YER SOLIGʻI — yerdan foydalanganlik uchun davlatga majburiy toʻlanadigan soliq turi. Iqtisodiy mohiyati boʻyicha yer rentasini ifoda etadi. Yerga mulkchilikning paydo boʻlishi bilan yuzaga kelgan. Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda davlat mulki hisoblanadigan yerdan foydalanganlik va fuqarolar mulk yerlari uchun davlat byudjetiga toʻlanadi.
Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida, mil. 3-a. dan Sosoniylar davlatida joriy qilingan. Keyingi ayerlarda zakot, xiroj, oʻlpon, tanob, ushr va b. nomlar b-n yuritilgan. Musulmon mamlakatlarida yer maydoni birligidan pulda yoki yer sifati hamda suv bilan taʼminlanish darajasiga qarab hosilning 1/4, 1/3, 1/2 qismi hajmida undirilgan. Oʻrta Osiyoda 8-a. boshida arablar tomonidan joriy qilingan.
Hoz. Oʻzbekiston hududida 19-a. boshlaridagi xonliklarda Yer soligʻi asosan pul shaklida olingan. Mas, Buxoro amirligida amir ixtiyorida mulk yerlari boʻlgan davlat (podsholik) yerlari amlok yerlar deb atalgan, unga ekin ekkan dehqonlar Ye. s. — xiroj toʻlaganlar. Yer soligʻini yigʻuvchi amlokdor deb atalgan. Xonlardan hadyaga olingan tanho yer egalari davlatga Yer soligʻi toʻlashdan ozod boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasida Yer soligʻini oʻz mulkida, egaligida va foydalanishida yer uchastkalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar toʻlaydilar. Yer soligʻiga doir munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tartibga solinadi.
Yer soligʻining stavkalari yer uchastkasining qaysi mintaqada joylashgani, sifati va suv bilan taʼminlanishi hisobga olingan holda ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, yer uchastkasining birligiga (ga, m2) soʻm hisobida tasdiqlanadi. Noqishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari uchun ularning qayerda joylashganligi, shahar va shaharchalarda hamda ularning hududlarida infratuzilmalarning rivojlanganiga qarab boʻlingan mintaqalar boʻyicha har xil stavkalar belgilanadi. Qishloq joylari uchun Yer soligʻi stavkalari sugʻoriladigan va lalmi-yaylov mintaqalari boʻyicha alohida belgilanadi. Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari barcha soliqlar oʻrniga (alkogol mahsulotlariga toʻlanadigan aksiz soligʻidan tashqari) yagona Yer soligʻi toʻlaydilar.
Qishloq xoʻjalik korxonalarida yer asosiy vosita va yerlarning sifati alohida ahamiyatga ega ekanligini hamda dehqonchilikning rivojlanish darajasini hisobga olib, sugʻoriladigan yerlar bonitet ballaridan kelib chiqib, 10 sinfga boʻlingan. Yer soligʻini hisoblashda bazaviy stavkalarga hukumat tomonidan tasdiqlangan koʻpaytirish koeffitsiyentlari qoʻllaniladi. Har bir tuman boʻyicha sugʻoriladi-g a n eng past sifatli yerlarga alohida bazaviy stavkalar belgilangan.
Mas, yagona yer soligʻi toʻlaydigan tovar ishlab chiqaruvchilar uchun sugʻoriladigan yerlarda 1-sinfga mansub 1 ga uchun soliqning bazaviy stavkasi Parkent tumanida 986,4 soʻm, Zangiota tumanida 1487,5 soʻm, Moʻynoq tumanida 668 soʻm qilib belgilangan. Yer soligʻini hisoblashda shu tumanlarda bazaviy stavkalar 5-sinfga kiradigan yerlarga 4,57, 6-sinfga kiradigan yerlarga 6,54, 10-sinfga kiradigan yerlarga 17,5 koeffitsiyentlariga koʻpaytiriladi (2002). Sugʻorilmaydigan lalmi va yaylov yerlari yogʻingarchilik bilan taʼminlanganligini hisobga olgan holda tekislik, adir, togʻ va togʻ oldi min-taqalariga boʻlinadi. Lalmi (mas, Toshkent viloyatida 1,19— 1,67 koeffitsiyentlari bilan har ga uchun 84,4 soʻmdan 167,5 soʻmgacha) va yaylov yerlarga (choʻl zonalari uchun 16—30 soʻm, 1,51—2,05 koeffitsiyentlari bilan adir va togʻ oldi zonalari uchun 25—34,2 soʻm) ham alo-hida soliq stavkalari bor.
Qishloq xoʻjaligi korxonalari imoratlar egallagan (Toshkent viloyatida bazaviy stavka 13285,6 soʻm, koeffitsiyenta 20,44), zovurlar, yoʻllar (24,4 soʻm/ga) bilan band boʻlgan va boshqa foydalanilmaydigan yerlari uchun ham Yer soligʻini toʻlaydilar. Aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllabquvvatlash maqsadida jismoniy shaxslarga yer uchastkalarining joylashgan joyiga qarab Yer soligʻi stavkalari 10—25 karra kam belgilanadi. Korxonalarning rivojlanishini ragʻbatlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllabquvvatlash maqsadida ularning ayrim guruhlariga davlat tomonidan Yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar berilgan. Yuridik va jismoniy shaxslar Yer soligʻini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda mahalliy byudjetga toʻlaydilar.
Arzit Latipov.