YETTI IQLIM

YETTI IQLIM — tarixiy-geografik tushuncha. Yerni yunon va Oʻrta asr Sharq fanida mintaqalarga boʻlish usuli. Keng maʼnoda yerning tabiiy, siyosiy va maʼmuriy boʻlinishlari tarixiga ham aloqador. Qadimda Yer sharini yaxlit tasavvur etish bilan birga, uni maʼlum qismlarga ajratib ham oʻrganganlar. Rivoyatlarda Nuh paygʻambar Yer yuzini 3 qismga ajratib, 3 oʻgʻliga — shim. dagi oʻlkalarni Yofasga, oʻrtadagi mamlakatlarni Somga va jan. dagi joylarni Homga bergan deyiladi. Qadim zamonning afsonaviy qahramoni Afridun esa, Yer yuzini sharq — gʻarb yoʻnalishida taqsimlab, uni oʻgʻillariga belgilabdi: sharqiy yerlarni Turga, oʻrtadagi joylarni Erajga va gʻarbiy qismni Salimga.

Abu Rayhon Beruniyning «Geodeziya» asarida qad. eronliklar Yerni 7 qismga boʻlib, har bir qismni «kishvar» deb ataganliklari qayd etilgan. Yerni 7 kishvarga boʻlish siyosiy-geografik uslubga asoslangan edi. Ularning tasavvurida 7 kishvar 7 doirada: 1 doira markazda, kolganlari uning atrofida tutash joylashtirilgan. Markaziy doira (toʻrtinchi kishvar)dan Iroq, Fors, Jabal, Xuroson, Sijiston, Zabuliston, Toxariston oʻlkalari oʻrin olgan.

Yetti iqlim tushunchasi dastlab yunon fanida vujudga kelgan, oʻrta asrlarda musulmon Sharqi ilm-fanida keng tarqalgan. Umuman, «iqlim» istilohi yunoncha «klima»dan olingan va yer yuzining quyosh nurlariga nisbatan qiyaligi degan maʼnoni anglatgan. Beruniy «Geodeziya» asarida «Ular (yunonlar) odam yashaydigan yerni aniqroq boʻlgan (kecha va kunduz orasidagi) tafovutga muvofiq bir-biriga (parallel) boʻlgan chiziqlar bilan 7 iqlimga boʻlganlar. U chiziqlar Mashriqda maʼmur yerlarning eng uzogʻidan tortib Magʻribning oxiriga boradi. Ular birinchi iqlimning oʻrtasidan boshlab eng uzuni 13 soat boʻladigan yoz kuni, ikkinchi iklimning oʻrtasini eng uzuni 13 yarim soat boʻladigan yozning kuniga ilashtirdilar. Shunday qilib, iqlimning oʻrtasini yarim soatdan oshirib borib, eng uzuni 16 soat boʻladigan yoz kuniga ilashtirdilar», deb yozadi. Maʼlum boʻladiki, yunonlar Yerni astronomik uslubda, yaʼni Quyosh nurining Yerga qiya tushishi asosida ekvatordan shim. tomonga Yetti iqlimga boʻlganlar va ularning chegaralari eng uzun yoz kuni yarim soatdan farq qiladigan joydan oʻtgan. Sharq geogr. sida yunon fanidagi «yetti iklim» tushunchasi qabul qilingan. Chunonchi, yunonlar Yetti iqlimga yerning ular tushunchasidagi aholi yashaydigan obod qismini (Sharqiy yarim sharning shim. pallasini) kiritganlar va uni «eykumena» yoki «oykumena» (yun. «oykeo» — obod qilmoq) deb ataganlar. Sharq geogr. sida mazkur tushuncha arabcha «maʼmura» (obod joylar) yoki «rubʼi maskun» (Yerning odamlar yashaydigan choragi) degan soʻzlar bilan ifoda etildi. Dunyoning obod qismi, asosan, Yetti iqlim doirasida joylashgan, deb tushunilgan boʻlsada, uning chegaralariga birmuncha anikliklar kiritildi, mazmunan boyitildi. Mas, yunon olimlari Marin Tir va Klavdiy Ptolemey oykumenaning chegaralarini jan. da ekvatordan, shim. da 63° sh. k. gacha deb bilganlar. Muxammad ibn Muso Xorazmiy ham Yetti iqlimning jan. chegarasini jan. da ekvatordan hisoblagan, lekin shim. ni-hoyasini 48° sh. k. da ifodalagan.

Abu Rayhon Beruniy oʻz kuzatishlari va hisob-kitoblari asosida fandagi iqlimlar toʻgʻrisidagi tafovutli fikrlarga barham berdi. Beruniy Yetti iqlimning jan. chegarasini 12° 39ʻ 5» sh. k. dan oʻtkazdi va undan ekvatorgacha boʻlgan oraliqni «birinchi ikdimning nariyogʻidagi yerlar» deb atadi. Keyingi iklimlarni shunga parallel ravishda shim. ga davom ettirib, yettinchi iqlimning shim. chegarasini 50° 24ʻ 34» sh. k. gacha yetkazdi. Abu Rayhon Beruniy Yetti iqlim doirasidagi yerlarni obod joylar deb, Yetti iqlimdan shim. dagi va birinchi iqlimdan jan. dagi maʼlum yerlarni obodonligi nisbatan kamroq yerlar qatoriga kiritdi.

Yetti iqlim tushunchasi mohiyatidan Yer yuzasini tabiiy-geografik zonalarga boʻlishning dastlabki eng oddiy koʻrinishi boʻlsada, biroq undan ancha farq qiladi. Zero hoz. tabiat zonalarini aniqlashda relyef, iqlim, tuproq, oʻsimlik va hayvonot olami ham eʼtiborga olinadi. Shunga qaramasdan Yetti iqlim tushunchasi Sharq geogr. sida 19-a. gacha saqlanib keldi.

Yetti iqlimga boʻlishning oʻz davri uchun bevosita ilmiy amaliy ahamiyati bor edi. Qoʻlyozmalarda iqlimlar vositasida mamlakatlar, shaharlar va b. turli joylarning geografik oʻrni ifodalangan. Shahar va qishloqlar roʻyxati tuzilgan, koʻpincha ular ikdimlar tartibida joylashtirilgan. Bunday jadvallar Muhammad ibn Muso Xorazmiyning «Kitob surat alarz» («Yer surati»), Abu Rayhon Beruniyning «Al-Qonun ul Masʼudiy» («Maʼsud qonuni»), Ulugʻbekning «Ziji jadidi Koʻragoniy» («Koʻragoniy yangi astronomik jadvali») asarlarida mavjud. Iqlim chiziqlari yoki koʻrsatkichlari xaritalarda ham belgilangan.

Omonullo Boʻriyev.


Lotin alifbosida maqola: YETTI IQLIM haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
YER
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
BERUNIY
General Chernyayevning Toshkentga bosqini


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты