YOMGʻIR CHUVALCHANGLARI

YOMGʻIR CHUVALCHANGLARI, yer chuvalchanglari — kam tukli halqalilar sinfiga mansub chuvalchanglar bir necha oilasining umumiy nomi. Tanasining uzunligi bir necha sm dan tropik turlari 2,5 m gacha. Oʻzbekistonda uchraydigan turlari 15—20 sm dan oshmaydi. Tanasidagi halqalar soni 80 dan 450 gacha. Har bir halqasida 4 juftdan yoki undan koʻproq tuk bor. Tuklar Yomgʻir chuvalchanglari oʻrmalaganida tayanch boʻladi. Maxsus sezgi organlari rivojlanmagan, biroq terisida juda koʻp sezgir hujayralari bor. Terisi orqali nafas oladi. Qon aylanish sistemasi tutash, yuragi boʻlmaydi. Qoni qizil, uning tarkibida gemoglobin bor. Nerv sistemasi bitta halqum usti nerv tugunidan va qorin nerv zanjirini hosil qiluvchi birmuncha mayda qorin nerv tugunlaridan iborat. Chiriyotgan organik qoldiklar bilan oziklanadi. Tuprokda yashaydi, yomgʻirdan soʻng tuproq yuzasiga chiqqanligi sababli «Yomgʻir chuvalchanglari» nomini olgan. Germafrodit, tuxumini pillaga qoʻyadi. Yomgʻir chuvalchanglari in qazib tuproqni yumshatadi, uning chuqur qatlamlariga havo oʻtishi va suv shimilishiga imkon beradi; tuproq qatlamlarini aralashtiradi; oʻsimlik qoldiklari chirishini tezlashtiradi; tuproqni gumusga boyitib, unumdor qiladi. Yomgʻir chuvalchanglari aralashoʻrmon, oʻrmonchoʻl va qora tuprokli nam iklimli mintaqalarda ayniqsa koʻp (1 m2 tuproqda 300 dan ortiq) boʻladi. Yomgʻir chuvalchanglari Oʻrta Osiyo mintaqasida asosan ariklar yaqinida, sugʻoriladigan nam tuprokli yerlarda uchraydi. Yomgʻir chuvalchanglarining 1500 ga yaqin, jumladan Oʻzbekistonda 20 dan ortiq turi maʼlum. Sugʻoriladigan yerlarda Nicodrilus caliginosus, Oxtolasium lacteum keng tarqalgan. Ayrim Yomgʻir chuvalchanglari biologik gumus olish maqsadida koʻpaytiriladi.


Lotin alifbosida maqola: YOMGʻIR CHUVALCHANGLARI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
TOSHKENT
XITOY
OKEAN
NAFAS


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты