YONGʻOQ

YONGʻOQ (Juglans regia L.) — yongʻoqdoshlar oilasiga mansub daraxtlar turi, yongʻoqmevali daraxt. Yovvoyi holda Kichik Osiyo, Bolqon yarim oroli, Kavkaz, Eron, Xitoy, Koreya ya. o., Afgʻonistonda oʻsadi. Oʻrta Osiyo togʻlarida tabiiy yongʻoqzorlar koʻp. Jahondagi koʻpgina mamlakatlarda ekma yongʻoqzorlar barpo qilingan. Yo. Oʻzbekistonning togʻli zonalarida va deyarli barcha sugʻoriladigan mintaqalarida oʻstiriladi. Boʻyi 15— 30 m, yoʻgʻonligi 1,5—2 m gacha boradi. Shoxshabbasi qalin, keng sharsimon yoki qubbasimon, ildiz tarmogʻi baquvvat, 4 m va undan ortiq chuqurlikka boradi. Bargi yirik (20—40 sm), 5—11 bargchalardan tuzilgan murakkab barg, hushboʻy (efir moyli). Guli bir uyli, ayrim jinsli, changchisi (otalik guli) — kuchalasi oʻtgan yilgi novdada toʻdatoʻda, urugʻchisi (onalik guli) yangi novda uchida va barg qoʻltigʻida bitta yoki 2—3 tadan, ayrim navlarida 5—10 donadan shingil shaklida joylashadi. Mevasi — yongʻoq, dumaloq yoki choʻziqroq, poʻchogʻi qattiq, yumshoq, gʻalvirak tuzilishga ega. Bir dona yongʻogʻi 5—23 g atrofida (magʻzi 40—75%). 150—200 yil xrsil beradi, 300—400-yil yashaydi. Yongʻoq yorugʻsevar oʻsimlik. Yer osti suvlari yuza boʻlmagan, lekin nami yetarli, karbonatli, qumoq, shagʻalli tuproklarda yaxshi usadi. Vegetatsiya davri 165 — 210 kun. Apr. — mayda gullaydi, mevasi sent. — okt. da pishadi. Yongʻoqzorlardan 30—50 s/ ga hosil olish mumkin. Yongʻoq bargi, poʻsti, poʻstlogʻida katta miqdorda oshlovchi moddalar, magʻzi tarkibida 45 — 72% yogʻ, 8—21% oqsil, 20% uglevodlar, vitamin V, S, provitamin A va b. moddalar bor. Yo. asalli oʻsimliklardan hisoblanadi. Yongʻoq magʻzi yeyiladi va qandolatchilikda, bargi va meva qobigʻi esa tibbiyot va parfyumeriyada ishlatiladi; magʻiz moyidan oziqovqat sifatida, lok tayyorlashda, yuqori sifatli sovun, bosmaxona siyohi va tush olishda, yogʻochi va gʻuddasidan mebel, mashinasozlik sanoatida foydalaniladi. Bargi, poʻstlogʻi va mevasining yashil qobigʻidan gazmol, jun, gilam tayyorlashda ishlatiladigan boʻyoqlar, oshlovchi moddalar (vitamin konsentratlari) tayyorlanadi. Ihota va agrooʻrmon melioratsiya daraxtzorlari barpo etishda, manzarali bogʻdorchilikda ahamiyati katta. Yongʻoq, asosan, yongʻogʻidan va payvandlash yoʻli bilan koʻpaytiriladi. Payvand qilingan daraxti ertaroq (4—6 yili), yongʻogʻidan oʻsgan koʻchatlar 6—10yilda hosilga kiradi. Toʻnkasidan chiqqan yangi novdalar ham yaxshi oʻsib, 3—4yili hosil beradi. Koʻchati 10×10 yoki 12×12 m oraliqda oʻtqaziladi. Yongʻoqzorlar har yili gektariga 120 kg azot, 60—90 kg fosfor hisobidan har 3 yilda bir marta gektariga 30—40 t hisobidan goʻng bilan oʻgʻitlanadi. Navlari. R. R. Shreder nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik i. t. intining Boʻstonliq (Xumson) filialida Yongʻoqning koʻpgina navlari yaratilgan. Oʻzbekistonda asosan quyidagi navlari ekiladi. Boʻstonliq — daraxti bal. 16 m gacha boradi. Mevasi yirik (13,3 g), tuxum shaklida, poʻchogʻi och sariq, yupqa. Magʻzi poʻchogʻidan oson ajraladi. Magʻzi chiqishi 48,6%. Tarkibida 68,8% yogʻ va 2,2% qand bor. Gʻalvirak (yupqa poʻchoq) — daraxti 16 m gacha. Mevasi oʻrtacha (9—9,5 g), tuxum shaklida, poʻchogʻi oqishsariq, yupqa. Magʻzi poʻchogʻidan oson ajraladi, tarkibida 68,8% yogʻ va 3% qand bor. Antiqa — daraxti 9 m gacha, guli oldinmakeyin ochiladi, erta koʻklamda gullaydi, lekin yoz oylarida ham qayta gullashi mumkin. Dastlab tukkan hosili sent. oxirlarida, soʻnggisi dastlabkisidan 6—7 kun keyin pishadi. Mevasi oʻrtacha (10—10,5 g), yassiyumaloq, poʻchogʻi oqishsariq. Magʻzi poʻchogʻidan yaxshi ajraladi, tarkibida 67,1 % yogʻ va 3% qand bor. Oʻzbekistonda Yongʻoqning yana Konsoy, Pioner, Vatan, Yubiley, Doʻrmon1, Doʻrmon2 va b. navlari oʻstiriladi. Asosiy zararkunandalari: yongʻoq qurti, yongʻoq galla kanasi, barg oʻrovchilar. Ularga qarshi kurashda insektitsidlar, 0,5% li ohakoltingugurt qaynatmasi va b. qoʻllaniladi.

Ad.: Toʻychiyev M., Yongʻoq, T., 1971; Kamolov Sh., Oʻzbekistonning tabiiy yongʻoqzorlari, T., 1971.

Abdushukur Xonazarov, Rixsivoy Joʻrayev.


Lotin alifbosida maqola: YONGʻOQ haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XITOY
ERON
YER
OSIYO
ROSSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты