XOʻJAMBERDIBIY MADRASASI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1688, 1834); Ichan qalʼada, Polvon darvoza yaqinida. Dastlab tarkibida masjid, 10—12 hujrali, bir hovlili qilib toʻrtburchak tarhli (20×38 m) Xoʻjamberdibiy madrasasi qurilgan. 1834-y. Olloqulixon madrasasi qurilishi munosabati bilan Madrasa ikki hovlili qilib qayta qurilgan: shakli xurjunga oʻxshagani uchun «Xurjun Madrasa» deb ham atalgan. Avvalgi madrasadan masjid va unga yondosh hujralar saqlangan. Bir gumbazli oddiy darvozaxona (3,0×3,0 m) dan hovlilarga hamda Olloqulixon madrasasiga olib boruvchi yoʻlak (pandus)ga oʻtiladi. Shim. hovlida (11,7×9,8 m) 10 ta hujra va jan. hovlida (4×7 m) 6 ta hujra hamda darsxona (3,5×3,5 m) joylashgan; darsxona devoriga ishlangan mehrob undan masjid sifatida foydalanilganini koʻrsatadi. Bino qiyofasi Olloqulixon madrasasi meʼmoriy shakliga yaqinlashtirilgan, hujralar pastqam, balxi gumbazli, sodda bezaksiz; faqat eshik yogʻoch oʻymakorligida ziynatlangan.