XOʻJAHAYRON GAZKONDENSAT KONI — Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi kon. Muborak t. y. stansiyasidan 15 km shim. gʻarbda. 1959-y. da ochilgan. 1978-y. da foydalanishga topshirilgan. Kon relyefi choʻl tekisligidan iborat. Xoʻjaxayron strukturasi Muborak koʻtarilmasida joylashgan boʻlib, shim. sharqqa choʻzilgan braxiantiklinaddan iborat. Burma asimmetrik tuzilishga ega, oʻki yoysimon egilgan, qabariq tomoni jan. ga yoʻnalgan. Xoʻjahayron gazkondensat konida jami 4 ta burgʻi qudugʻi qazilgan, yura, bur, paleogen, neogen va toʻrtlamchi davr yotqiziqlari ochilgan. Sanoat miqyosidagi gaz uyumlari bilan bogʻliq boʻlgan gorizontlar boʻsh ohaktoshlardan tuzilgan, ayrim joylarida zich, gʻovakli ohaktosh qatchalari mavjud. Uyum qatlami gumbazli tipga mansub. Ushbu gorizontlar 1697 —1710 m chuqurlikda ochilgan. Gorizontning quyi qismidan (1720—1718 m) gaz suv bilan birga chiqadi. Qatlam suvlari minerallashgan, natriyxlor koeffitsiyenta miqdori 0,9—0,92. Hoz, kunda kondan foydalanilmoqda.