YUGNAKIY, Ahmad Yugnakiy (12-asr oxiri, Samarqand, Yugnak qishlogʻi — 13-asr 1-yarmi, ?) — shoir, mutafakkir. Tarjimai holi haqida deyarli maʼlumot yoʻq. «Hibat ulhaqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi») asari bizgacha yetib kelgan. Uning oxirida Adib Ahmad ismi tilga olinadi. Asar nusxalaridan biriga temuriy amaldorlardan Arslonxoja Tarxon tomonidan ilova qilingan 10 baytli masnaviyda Yugnakiy haqida baʼzi maʼlumotlar mavjud. Undan maʼlum boʻlishicha, Adib Ahmad Yugnak degan soʻlim va bahavo joyda tugʻilgan. Otasining oti Mahmud Yugnakiy boʻlgan. Kitobi adabdan iborat boʻlib,nomi —«Hibat ulhaqoyiq». Kitob koshgʻariy tilda sheʼriy yoʻl bilan yozilgan. «Qutadgʻu bilig»dan 1—2 a. keyin yaratilgan bu asar oʻzbek mumtoz adabiyotining noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy «Nasoyim ulmuhabbat» tazkirasida Yugnakiyni Oʻrta Osiyoning mashhur shayxlari qatoriga qoʻyib, uning tugʻma koʻrligi xususida soʻzlaydi, yana Navoiy Husayn Boyqaroʼtt oʻgʻli Badiuzzamonga yozgan xatlaridan birida ham «Hibat ulhaqoyiq»dan parchalar keltiradi. «Hibat ulhaqoyiq» asari shoir haqidagi maʼlumotlarni birmuncha toʻldirishga, Yugnakiy yashab ijod etgan davrni tahlil qilishga imkon beradi.
Yugnakiy tugʻilgan joy olimlar oʻrtasida koʻp tortishuvlarga sabab boʻlgan. Samarqand, Fargʻona va Turkistonda Yugnak degan joy borligi aytilsada, koʻpchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi tadqiqotlar bu fikrning toʻgʻriligini tasdiqlaydi. 12-asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim asSamʼoniy «AlAnsob» («Nasabnoma») kitobida yozadi: «Bu nisba (taxallus) «Yugʻanak»dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad alYugʻanakiy mashhurdirlar».
Shoir «Hibat ulhaqoyiq»ni tugatib, uni hukmdori Dod Sipohsolorbekka taqdim etadi. Mashhur sharqshunos olim Ye. E. Bertels bu asar qadimiy oʻzbek adabiy tilidan mumtoz oʻzbek adabiy tiliga oʻtishda bir koʻprik boʻlganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy soʻzlardan koʻra, arab va fors soʻzlarining koʻp qoʻllangani shundan dalolat beradi. Yugnakiy bu asari bilan oʻzbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan.
«Hibat ulhaqoyiq» 14 bob, 512 misradan iborat. Dostonning 1bobi Allohga hamd, 2bobi Muhammad (sav) naʼti va choryorlar taʼrifiga, 3bobi Dod Sipohsolorbek madhiga bagʻishlangan. 4bobda kitobning yozilish sabablari bayon qilingan. Dastlabki 4 muqaddima bobdan soʻng asosiy qismga oʻtiladi. 5bob — maʼrifatning foydasiyu jaholatning zarari, bbob — til odobi, 7bob — dunyoning oʻtkinchiligi, 8 bob — saxiylik va baxillik, 9 va 10boblar turli masalalarga bagʻishlangan boʻlib, 11bob — kitobning xotimasi (asarning 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan koʻchirilgan nusxasida 11 bob mavjud — 3 bob yo tushib qolgan, yo boshqalariga qoʻshilib ketgan).
Yugnakiy oʻzini shoir emas, balki adab muallimi, deb hisoblagan. Oʻziga xos axloq kitobi boʻlgan bu asarga Qurʼoni karim va Hadisi sharif maʼnolari singdirilgan. U islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan.
«Hibat ulhaqoyiq» ilk bor uygʻur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari koʻp boʻlib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha maʼlum qoʻlyozmalardan 3 tasi (biri uygʻur yozuvi, ikkinchisi arab va uygʻur yozuvi, uchinchisi esa arab yozuvi bilan bitilgan) toʻliq, qolganlari parchalardan iborat. 1444-yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480-yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning Toʻpqopi kutubxonasidagi nomaʼlum kotib tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalar eʼtiborli nusxalar hisoblanadi. Asarni 1marta turk olimi Najib Osimbek topib (inv. №4757), nashr ettirgan (qisqartirilgan nashri — 1906, toʻliq nashrlari 1916, 1925). Keyin 1951 va 1992-yillarda uni R. R. Arat soʻzboshi, izohlar va 6 ta nusxasining faksimilesi va Turkiyada 16-asrda koʻchirilgan arab yozuvidagi nusxasining tarjimasi bilan nashr ettirgan. Oʻzbekistonda asardan parchalar Fitrat, Oybek, P. Shamsiyev, S. Mutallibovlar tomonidan oʻzbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan majmualarda eʼlon qilingan. Soʻng u Q. Mahmudov tomonidan alohida kitob holida eʼlon qilindi (1968; 1971). Oʻtgan asr oxirlarida uygʻur olimlari H. Temur va T. Ayyub, qozoq olimlari E. Qurishjonov va B. Sogʻindiqovlar uni asl matni, tarjima va fotonusxalari bilan nashr ettirganlar. Shuningdek, Ye. E. Bertels, Fitrat, Fuod Koʻprulu, T. Takin, E. Rustamov, N. Mallayev, A. Qayumov, A. Hayitmetov, A. Rustamov, M. Imomnazarov, B. Toʻxliyev, N. Rahmonov, I. Haqqulov, G. Xoʻjanova va boshqalar Yugnakiy va «Hibat ulhaqoyiq» haqida u yoki bu darajada tadqiqot ishlarini olib borganlar.
As: Hibat ulhaqoyiq, T., 1968, 1971; Qadimgi obidalar, T., 1972; Qadimiy hikmatlar, T., 1987; XI—XIV asrning turkiy yodgorliklari, T., 1994.
Ad.: Alisher Navoiy, Nasoyim ulmuhabbat [Mukammal asarlar toʻplami], 17j., T., 2001; Abdurauf Fitrat, «Hibat ulhaqoyiq» [Tanlangan asarlar, 3 j. li], 2j., T., 2000; Mahmudov Q., Ahmad Yugnakiyning «Hibat ulhaqoyiq» asari haqida, T., 1972; M a l l a ye v N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, T., 1976; Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j. li], 1j., T., 1978; Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995; Xoʻjanova G., «Hibat ulhaqoyiq» haqiqatlari, T., 2001.
Ergash Ochilov.