YUNESKO

YUNESKO — Birlashgan Millatlar tashkilotining maorif, fan va madaniyat masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkiloti — xalqaro hukumatlararo tashkilot; BMTning ixtisoslashgan muassasasi. Davlatlar oʻrtasida maorif, fan, madaniyat va kommunikatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish yoʻli bilan tinchlikka va xalqaro xavfsizlikka koʻmaklashish maqsadida 1946 yil tuzilgan. 188 mamlakat (shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi 1993-yil 26-oktyabrdan) aʼzo (2004). Tashkilot ustaviga koʻra, «… irqi, jinsi tili va dinidan qatʼi nazar, barcha xalqlar uchun adolatga, qonuniylikka, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumiy hurmatni taʼminlash maqsadida taʼlim, fan va madaniyatni rivojlantirish orqali xalqlar hamkorligiga» koʻmaklashish tashkilotning ustuvor vazifasidir. 400 ga yaqin xalqaro nohukumat tashkilotlar va jamgʻarmalar, xalqaro va hududiy birlashmalar YUNESKO bilan hamkorlik qiladi. YUNESKO byudjeti aʼzo mamlakatlar badallaridan tashkil topadi.

Tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlari yalpi savodsizlikka qarshi kurash, maorif tizimi va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, milliy madaniyatlarni oʻrganish va tarqatish, atrof muhitni va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, okeanografiya, geol., gidrologiya, sotsiologiya, kommunikatsiya va boshqalar sohalarda global ilmiy muammolarni hal etishda hamkorlik qilishdan iborat. Axborot va informatika — kommunikatsiya masalalari uning faoliyatida katta oʻrin egallaydi. Tashkilotga aʼzo mamlakatlarda YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyalar tuzilgan. YUNESKO ana shu komissiyalarga tayanib ish olib boradi. Uzbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi 1994-yil 29 dek. da tashkil etilgan boʻlib, uning tarkibi Uzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan. Bosh konferensiya YUNESKOning oliy organi hisoblanadi. 2 yilda 1-marta uning sessiyalari oʻtkaziladi. Sessiyalar oraligʻida Ijroiya kengashi (unga 58 davlat, jumladan, Oʻzbekiston 1997-yil oktyabr da aʼzo etib saylangan) ish olib boradi. Ijroiya kengashi har yili 2-marta yigʻiladi. Uning 155sessiyasining yakuniy yigʻilishi Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan (1998-yil 6 noyab.). Tashkilot qarorgohi Parijda, Bosh direktor (Konchiro, Massura, 1999-yildan) boshchilik qiluvchi Kotibiyat ham shu yerda joylashgan. Tashkilot 50 dan ortiq axborotnoma va 20 dan ortiq davriy nashrlar chiqaradi. Ulardan eng keng tarqalgani «YUNESKO kuryeri» jur. (30 tilda nashr qilinadi), «Kelajak» (taʼlim sohasidagi haftalik), «Muzey», «Ijtimoiy fanlar xalqaro oynomasi», «Tabiat va resurslar», «Mualliflik huquqi boʻyicha axborotnoma», «Taʼlim byurosi xalqaro axborotnomasi», «Impakt: fan va jamiyat» kabilardir. YUNESKO har 2 yilda bir marta jahonda taʼlim, fan, madaniyat va kommunikatsiya holati haqida maʼruzalar chop etadi. YUNESKO «Insoniyatning ilmiy va madaniy rivojlanishi tarixi» (6 jild), «Islom madaniyatining turli jihatlari» (6 jild), «Lotin Amerikasi davlatlari tarixi» (7 jild), «Karib havzasi davlatlari tarixi» (6 jild), «Afrika umumiy tarixi» (8 jild) kabi fundamental kitoblarni chop etmoqda. Shuningdek, 6 jildli «Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi tarixi» xalqaro hamkorlik doirasida yaratilmoqda, unda 1navbatda mazkur mintaqa davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston olimlari ishtirok etmoqda. Kitobning dastlabki 4 jildi 1992, 1994, 1996 va 1998-yillarda bosilib chiqdi. «Ipak yoʻli — muloqot yoʻli» jahon dasturi YUNESKOning Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixini oʻrganishga bagʻishlangan boʻlib, u BMTning madaniy taraqqiyot boʻyicha butun dunyo oʻn yilligi (1989—99 yillar) tadbiri doirasida oʻtkazildi. YUNESKOning saʼyharakati bilan butun insoniyat mulkini tashkil etuvchi buyuk madaniy va tabiiy yodgorliklar Jahon merosi roʻyxatiga olindi. YUNESKO Oʻzbekistonning Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishiga bevosita yordam koʻrsatish maqsadida bir qator oliy oʻquv yurtlarida YUNESKO kafedralari, shuningdek, YUNESKO maktablari tashkil etgan. YUNESKO doirasida Abu Rayhon Beruniy (1973), Abu Ali ibn Sino (1980) tavalludining ming yillik, Mirzo Ulugʻbekning 600-yillik (1994), Amir Temurning 660-yillik (1996) tantanalari nishonlandi. YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Amir Temur haftaligi oʻtkazilib, «Temuriylar davrida fan, madaniyat va maorifning gullabyashnashi» mavzuida ilmiy konferensiya va koʻrgazma tashkil etildi. Bu tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti I. Karimov, Fransiya Prezidenti J. Shirak ishtirok etdi (1996-yil 20— 26 apr.). Toshkent shahrining 2000-yilligi (1980), Xiva (1997), Buxoro (1997), Termiz (2002) shahrilarining 2500-yilligi, Shahrisabz shahrining 2700-yilligi (2002), Ahmad alFargʻoniyning 1200-yilligi, Imom Buxoriynning 1225-y. ligi (1998), «Alpomish» xalq dostoni yaratilganligining 1000-yilligi (1999), Avesto kitobi yaratilganligining 2700-yilligi (2001) nishonlandi. YUNESKO rahnamoligida Samarqand shahrida «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, Boysun tumanida folklor festivali oʻtkazib kelinmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti I. Karimov insoniy ideallarni eʼzozlagani, madaniy qadriyatlarni tiklash va saqlashdagi, ilmiy merosni oʻrganishdagi xizmatlari uchun YUNESKOning Abu Ali ibn Sino nomidagi oltin medali bilan mukofotlangan (1998).

Ad.: Saidov A. X., Xalqaro huquq, T., 2001; Xakimov R., Oʻzbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, T., 2001; Moʻminov Abdulxay, Oʻzbekiston va YUNESKOning xalqaro-huquqiy munosabatlari, T., 2003.


Lotin alifbosida maqola: YUNESKO haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Y harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
XITOY
YAPONIYA
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты