YUNUSXOʻJA (? 1801) — mustaqil Toshkent davlati hokimi (1784 — 1801), Yu. Toshkentdagi 4 dahaning biri — Shayxontohur hokimi Ulugʻxoʻjaning oʻgʻli boʻlgan. Ulugʻxoʻja oʻzaro kurashlar avjga chiqib, xavf-xatar tugʻilgan paitda toʻrtinchi oʻgʻli — Yu. ni bir ishonchli kishi bilan Toshkentdan chiqarib yuborgan. U qozoqlar orasida yashagan. Otasining oʻlimidan soʻng shaharga yashirin kirgan. Yunusxoʻja avval otasiga tegishli Shayxontohurni egallashga va nufuzli kishilarni oʻz tarafiga tortishga erishgan. Shundan keyin Yunusxoʻja oʻzaro kurashlardan toliqqan raqiblarini, jumladan, Turobxoʻjani yengishga va 4 dahani birlashtirishga muvaffaq boʻlgan.
Yunusxoʻja shahar mudofaasini mustahkamlash va qoʻshin jangovarligini oshirishga qaratilgan choralarni amalga oshirgan. U shahar devorlarini hashar yoʻli bilan tuzattirgan, mustahkamlagan. 1800-yilgi maʼlumotlarga koʻra, devor quyi qismining qalinligi 1,8 m, ustki qismi 0,9 m atrofida boʻlib, aylanma uz. 18 chaqirimdan ortiq, devor bal. 7,9 m boʻlgan. Yunusxoʻja 6 ming kishidan iborat qoʻshin tuzib, askarlarni pilta miltiq, qilich, nayza, qalqon bilan qurollantirgan. Toshkent tarixida birinchi boʻlib toʻpdan foydalanishni joriy etgan.
Yunusxoʻja davrida belgilangan tartibga koʻra, har bir jondan bir oyda daromadiga qarab 5 tangadan 10 tangagacha, yerdan olingan hosilning qirqdan bir qismi olingan. Qoraqozonlar soliqlardan ozod qilingan. Shaharda dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdosotiq izga tushgan. Yunusxoʻja ichki va tashqi savdoning oʻsishiga eʼtibor bergan. Yunusxoʻjaning maʼmuriy boshqaruv, ichki va tashqi savdo, tashqi siyosati haqida yana q. Toshkent.