«YUSUF VA AHMAD» — oʻzbek xalq dostoni. 16—17-asrlarda Xorazmda yaratilgan. Doston dastlab ogʻzaki anʼanada yaratilgan boʻlib, keyinchalik (18-asr) turkman shoiri Qurbonali Maʼrufiy qalamiga mansub yozma varianti yuzaga kelgan. Dostonning ogʻzaki variantlari xalqchil gʻoyalarni oʻz holicha saqlab qolganligi bilan alohida ajralib turadi. Asarda oʻzbek xalqining qahramonlik, sevgisadoqat, yordiyor mehri, tinchlik uchun kurash gʻoyalari ifodalangan. Doston turkman, qoraqalpoq, qozoq, uygʻur xalqlari orasida ham mashhur. Dostonda Isfahon yurti hukmdori Boʻzoʻgʻlonxonning oʻz jiyanlari (opasingil bolalari) Yusuf bilan Ahmadni Isfahondan haydashi, ularning Urganch shahrida panoh topishi va voyaga yetishi, hiyla yoʻli bilan Misr podshohi Goʻzalshohga asir tushishi, 7 yillik tutqunlikdan keyin oʻz yurtiga qaytishi va dushmanlaridan oʻch olishi voqealari goʻzal bir badiiy yoʻsinda tasvirlangan.
Dostonning Xorazm varianti nemischa tarjimasi bilan birgalikda venger olimi H. Vamberi tomonidan dastlab undan olingan parchalar holida Leypsig shahrida (1867), soʻng toʻla ravishda Budapeshtda (1911) chop etilgan. 1927-yilda Fozil Yoʻldosh oʻgʻli va Poʻlkan shoirdan Hodi Zarif yozib olgan variant esa, 1987-yilda B. Sarimsoqov tomonidan nashr etilgan. Sharqshunoslik instituti qulyozmalar fondida dostonning juda koʻp qoʻlyozma nusxalari va litografik nashrlari, Til va adabiyot in-tining folklor arxivida esa, xalq baxshilaridan yozib olingan variantlari mavjud.
Ad.:Jirmunskiy V. M.,Zarifov H., Uzbekskiy narodnsh geroicheskiy epos, M., 1947; Jumaniyozov R., Dongqozongan doston, T., 1993.
Toʻra Mirzayev.