ERITMALAR — nisbiy miqdorlari keng oraliqda oʻzgarishi mumkin boʻlgan 2. va undan ortiq komponent (tarkibiy qism)lardan tashkil topgan qattiq yoki suyuq gomogen sistemalar. Har qanday eritma erigan modda va erituvchidan iborat; undagi molekula yoki ionlar baravar tarqalgan boʻladi. Eritmalarda erituvchi bilan erigan moddalarni bir-biridan farqlash zarur. Odatda, erituvchi sifatida sof holda ham, eritmada ham agregat holati oʻzgarmagan modda olinadi. Mas, biror tuzning suvdagi eritmasidagi erituvchi suv. Agar 2 modda bir-birida erigunicha suyuq agregat holatda boʻlsa, eritmada miqdori koʻproq komponent erituvchi sifatida qabul qilinadi. Suv bilan spirt eritmasida bu moddalarning qaysi biri eritmada moʻlroq boʻlsa, shuni erituvchi deb olinadi. Eritmalar tarkibining bir xilligi ularni kimyoviy moddalarga yaqinlashtiradi. Baʼzi moddalar erituvchilarda eriganida issiqlik ajralishi yoki yutilishi ular orasida kimyoviy taʼsir mavjudligiga dalil boʻladi. Eritmalar tarkibining oʻzgarib turishi ularning kimyoviy birikmalardan farq qilishini koʻrsatadi. Bundan tashqari, Eritmalar tarkibidagi alohida komponentlarning xossalarini aniqlash mumkin, kimyoviy birikmalarda esa buni aniqlab boʻlmaydi. Eritmalar tarkibining oʻzgarib turishi ularni mexanik aralashmalarga yaqinlashtirsa, tarkiblarining bir xilligi ulardan farkdantiradi. Shu bois ham Eritmalar mexanik aralashmalar bilan kimyoviy birikmalar oraligʻidagi moddalar deb qabul qilinadi.
Kristallning suyuqlikda erib, eritma hosil boʻlishi individual modda molekulalarining oʻzaro taʼsiri buzilib, eritma komponentlari orasida yangi molekulalararo bogʻlanish vujudga kelishi bilan tavsiflanadi. Kristall yuzasidan ajraladigan molekulalar diffuziya tufayli erituvchining butun hajmi boʻylab baravar tarqaladi. Molekulaning qattiq jism yuzasidan ajralishi bir tomondan — erituvchi molekulalari tortishish kuchiga berilishi tufayli roʻy beradi. Mazkur jarayon kristallning butunlay erib tugashiga qadar davom etishi mumkin, lekin bunga ayni vaqtdagi aks jarayon — kristallanishning boshlanishi toʻsqinlik qiladi. Konsentratsiyaning oshishi qayta kristallanishni tezlashtiradi. Maʼlum muddatdan soʻng kristallning erish tezligi qayta kristallanish tezligiga tenglashib dinamik muvozanat vujudga keladi: Erimagan modda eritmadagi modda, yaʼni vaqt birligida qancha molekula erisa, shuncha molekula eritmadan ajralib chiqadi. Eriyotgan modda bilan muvozanatda boʻlgan eritma toʻyingan eritma deb ataladi. Hajm birligidagi konsentratsiyasi toʻyingan eritmanikidan kam boʻlgan eritma toʻyinmagan eritma hisoblanadi. Eritmada kristallanish markazi boʻlmasa, uni shunday sovitish mumkinki, bunda erigan moddaning konsentratsiyasi eruvchanligidan yuqori boʻlib qoladi, natijada eritmaning oʻzi oʻta toʻyingan holatga oʻtadi. Bunday eritma oʻta toʻyingan eritma deyiladi.
Suyuq eritmalarning oʻziga xos xususiyatlarini osmos, toza erituvchi bugʻ bosimining pasayishi, krioskopik va ebulioskopik nuqtalarning oʻzgarishi orqali oʻrganiladi. Eritmalarning tuzilishi uni tashkil qilgan komponentlarning xossalari bilan aniqlanadi. Agar komponentlar kimyoviy tuzilishi, molekulalarning oʻlchami va boshqalar omillar boʻyicha yaqin boʻlsa, tuzilishi prinsip jihatdan sof suyuqliklar tuzilishidan farq qilmaydi. Erituvchining molekulalari bilan oʻzaro taʼsirlashuvi koʻpchilik modda (elektrolit)larda aks jarayon boʻlgan dissotsiatsiya bilan bogʻliq. Tuzlar, kislota va asoslar qutbli erituvchilarda eriganida qisman yoki butunlay ionlarga parchalanadi, bu jarayon Eritmalarda zarralar sonining koʻpayishiga sabab boʻladi. Agar erituvchi suv boʻlsa, gidratlar, boshqa modda boʻlsa, solvatlar vujudga keladi. Bu jarayonlar tegishlicha gidratlanish va solvatlanish deyiladi. 1887 yil D,M. Mendeyayeev oʻzining gidratlanish nazariyasini olgʻa surgan. Uning shogirdi I. A. Kablukov (umrining oxirlarida Toshkentda yashab, ilmiy ishlar olib borgan) oʻz ustozi ishlarini davom etdirdi.
Amaliyotda koʻproq toʻyinmagan Eritmalardan foydalaniladi. Ularda erigan modda konsentratsiyasi toʻyingan Eritmalar dagiga qaraganda kamroq boʻladi. Eritmada erigan modda miqdori eritma konsentratsiyasini belgilaydi. Erigan modda miqdori koʻp boʻlgan Eritmalar konsentrlangan Eritmalar, kam erigan (konsentratsiyasi nisbatan kam boʻlgan) Eritmalar suyultirilgan Eritmalar deyiladi.
Eritmalar odam, hayvon va oʻsimliklar hayotida muhim rol oʻynaydi. Oziqovqatlar hazm qilinishidan oldin Eritmalarga oʻtkaziladi. Barcha fiziologik suyukliklar Eritmalardan iborat. Eritmalar oʻsimliklarning oʻsishida va hosildorligining oshishida muhim ahamiyatga ega. Oʻsimliklar hosilini Eritmalarga oʻtkazish sanoat texnologiyasining asosidir. Dengiz, okean, daryo, koʻl suvlari ham Eritmalar, ularni tuzlardan tozalash, kimyoviy ishlash va boshqalar ham Eritmalar texnologiyasi bilan bogʻliq. Polimerlar, lokboʻyoqlar, sirt faol moddalar, sovun va boshqalar koʻp tonnajli mahsulotlar ham Eritmalar bilan bogʻliqligi ularning xalq xoʻjaligida tutgan oʻrni muhimligidan dalolat beradi.
Ad:. Sovremennme problemm ximii rastvorov, M., 1986; Fialkov Yu. Ya., Rastvoritel kak sredstvo upravleniya ximicheskim protsessom, M., 1988.
Qudrat Axmerov.