ER-XOTIN (OʻzRda, huquqiy holati) — oʻzaro nikohda turgan shaxslar. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida roʻyxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar Er-xotin hisoblanadi va shu paytdan eʼtiboran ular oʻrtasida Er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. Oʻzbekiston Respublikasi oila qonunchiligiga binoan, faqat FHDYO organida qayd etilgan nikohgina E,x. lik huquq va majburiyatlarini keltirib chiqaradi. Diniy rasmrusumlarga binoan tuzilgan nikoh hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Er-xotinning huquq va majburiyatlari 2 ga: shaxsiy huquq va majburiyatlar; mulkiy huquq va majburiyatlarga boʻlinadi.
Er-xotinning shaxsiy huquq va majburiyatlariga Er-xotinning oilada tengligi, familiya tanlash huquqi, bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini birgalikda hal qilish, mashgʻulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari kiradi. Er-xotinning oilada tengligi oila huquqining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asosan, «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar» (46-modda). Oilada ham erkak va ayollar siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy masalalarda teng huquq hamda majburiyatga egadirlar. Boʻlajak Er-xotinlar nikohni qayd ettirish uchun FXDYO organiga ariza berganidan soʻng, ularga oʻzaro kelishuv asosida familiya tanlash huquqi beriladi. Qonunchilik oʻzaro rozilik, tenglik asosida er yoki xotinning familiyasini umumiy familiya qilib tanlashlariga imkoniyat beradi. Bir tomon familiyasining oʻzgarishi 2tomonning ham familiyasining oʻzgarishiga olib kelmaydi. OʻzR Konstitutsiyasining 64-moddasiga koʻra, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Ushbu norma Oila kodeksining 21modsasida ham belgilangan boʻlib, unga koʻra, bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini Er-xotin birgalikda hal qilishlari lozim boʻladi. Bu borada ular oʻrtasida rozilik boʻlmasa, er yoki xotindan biri yoki ikkalasi birgalikda vujudga kelgan nizoni hal qilish uchun tegishli davlat organiga murojaat etish huquqiga egadir. Er-xotin mashgʻulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlarida teng hisoblanadi. Oilada mashgʻulot turi, kasb tanlash masalalari kelishilgan holda hal qilinadi. Ammo ularni uzilkesil hal qilish Er-xotinning har biriga tegishli boʻlgan huquq hisoblanadi.
Er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari 2 asosda: qonun va shartnoma asosida vujudga keladi. Qonun asosida vujudga keladigan mulkiy huquqlariga Er-xotinning nikohgacha boʻlgan har birining xususiy mulki, ularning umumiy birgalikdagi mulklari, aliment huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadigan mulkiy huquqlari kiradi. Er-xotin har birining xususiy mulkiga: er va xotinning nikohga qadar oʻziga tegishli boʻlgan molmulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan molmulki kiradi. Er-xotinning xususiy mulkidan tashqari ularning shaxsiy foydalanishdagi buyumlari ham mavjud boʻlib, ular qimmatbaho buyumlar va zebu ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyimbosh, poyabzal va shahrik.)dir. Ular garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablagʻi hisobiga olingan boʻlsa ham, ulardan foydalanib kelgan er yoki xotinning xususiy mulki hisoblanadi. Er va xotinning nikoh davomida orttirgan molmulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, boʻlajak Er-xotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan molmulklari agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha xol koʻrsatilmagan boʻlsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi (Oila kodeksi, 23-modda).
Er-xotinning umumiy molmulkini boʻlish E. x. dan birining talabiga koʻra, ular nikohda boʻlgan davrda ham, nikohsan ajrashgandan keyin ham, shuningdek, kreditor er va xotindan birining umumiy mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy molmulkni boʻlish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksida nikoh shartnomasi normalangan (29-modda). Unga binoan, Er-xotinlar yoki boʻlajak Er-xotinlar nikohda boʻlgan davrida va (yoki) Er-xotin nikohdan ajratilgan taqdirda, oʻzlarining mulkiy huquq hamda majburiyatlarini nikoh shartnomasiga asosan kelishib, belgilab olishlari mumkin. Shartnoma shartlariga binoan, Er-xotinlar umumiy birgalikda, xususiy, aliment huquq va majburiyatlarini belgilab, oʻzgartirib, bekor qilishlari mumkin.
Er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek, xotin homiladorlik davrida va oʻrtada bola tugʻilgandan boshlab 3 yil davomida, oʻrtada bolaga qaragan yordamga muhtoj xotin (er) yordam berishga qodir boʻlgan er (xotin)dan sud tartibida taʼminot (aliment) olish huquqiga ega.
Shoira Yoʻldosheva.