ETNOGENEZ

ETNOGENEZ (etno… va …genez) xalqning kelib chiqishi. Tarix fanidagi mavjud ilmiy metodologik ishlanmaga koʻra, Etnogenez deb ilgaridan mavjud boʻlgan bir necha etnik komponentlar asosida yangi etnos (elat)ning vujudga kelishiga aytiladi. «Etnogenez» tushunchasi fanga ilk marotaba 20-asr ning 20-y. larida N. Ya. Marr tomonidan kiritilgan.

Har bir xalqning tarixi uning Etnogenezi va etnik tarixi bilan uzviy bogʻliqsir. Etnogenez etnik tarixning maʼlum bosqichlarida vujudga kelib maʼlum bir etnosning elat, xalq boʻlib shakllanishiga qadar boʻlgan davrda davom etadigan tarixiy va etnomadaniy jarayondir. Odatda, biror bir xalqning Etnogenez ini, uning etnik qatlamlari tarkibini aniqlamay turib, u xalq haqida, u tarkib topgan hudud va uning davlatchiligi haqida biror ilmiy tasavvur yaratish mumkin emas.

Etnogenez jarayonida etnosni belgilovchi hududiy omillar: til va etnik nom birligi, etnomadaniy birlik, ijtimoiyiqtisodiy va xoʻjalik, etnik nom (etnonim) hamda oʻzlikni anglash birligi, siyosiy uyushma birligi, din umumiyligi va boshqalar qator etnik alomatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu etnik alomatlar va belgilarning barchasi sodir boʻlgandagina etnos — xalq shakllanadi, yaʼni Etnogenez jarayoni yakunlanadi.

Ammo amalda bu etnik alomatlar barchasi Etnogenez jarayonida, yaʼni muayyan bir vaqtda hozir boʻlishi yoki bir davrda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin boʻlmagan. Jumladan, maʼlum bir xalqning tashkil topishida til birligi bosh rol oʻynagan boʻlsa, ikkinchi bir elatning shakllanish jarayonida xoʻjalik, uchinchisida esa moddiy madaniyat yetakchi belgi boʻlgan.

Ilmiy adabiyotlarda koʻrsatilishicha, Etnogenez jarayonning 2 usuli mavjud:

1) tub yerli (avtoxton) etnik komponentlarning oʻzaro yaqinlashuvi, ularning qoʻshilib, birgalikda taraqqiy etib borishi;

2) shakllangan yoki shakllanayotgan etnik birlikka boshqa hududlardan koʻchib kelgan komponentlarning mahalliy aholiga qoʻshilishi. Odatda, yangi etnosning shakllanishi jarayonida, yaʼni Etnogenez bosqichida va undan keyin ham har xil tarixiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga koʻra, uning tarkibiga yangiyangi etnik qatlamlar qoʻshilib boradi. Yangi etnos vujudga kelgach, oldingi etnik komponentlar asta-sekin yoʻqolib tarix maydonidan batamom chiqib ketadilar (mas, saklar, massagetlar, toxarlar va boshqalar) yoki qisman (etnik tarkibi oʻzgargan holda) saqlanib qoladilar. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki yangi etnik birlikning shakllanish jarayonining oxiriga yetishi bilan ham etnik jarayon toʻxtab qolmaydi. Shakllangan etnik birlikka turli davrlarda yangiyangi komponentlarning qoʻshilishi yoki undan ajralib chiqib ketish hollari etnik birlik shakllangandan keyin ham davom etadi.

Darhaqiqat, dunyoda hech bir xalq yoʻqki, u oʻz Etnogenez jarayonining ilk bosqichlaridan to millat darajasiga koʻtarilgunicha boshqa etnik qoʻshilmalarsiz rivojlangan boʻlsa. Jumladan, oʻzbek xalqining Etnogenezi bunga yaqqol misoldir. Oʻzbek xalqi Etnogenez ining ilk bosqichlaridan to xalq sifatida shakllanib boʻlguniga qadar uning asosiy tarkibini tashkil etgan avtoxton sugʻdiyxorazmiy va qadimiy turkiy qatlamlardan tashqari oʻziga turli davrlarda xilmaxil miqdorda mahalliy va tevarak atroflardan kelib qoʻshilgan etnik guruhlarni singdirib borgan. Demak, yer sharidagi barcha xalqlar kelib chiqishi jihatidan koʻp etnik qatlamlidir.

Etnogenezni tadqiq qilishda (ayniqsa, uning dastlabki bosqichlarini) etnologiya, etnik antropologiya, arxeologiya, etnolingvistika, folklor materiallarni jalb qilgan holdagi kompleks yondashuvni talab qiladi.

Etnogenezga oid bugungi kunda turlituman qarashlar va konsepsiyalar mavjud.

Jumladan, ayrim mutaxassislar (L. N. Gumilyov) etnosni biofizik voqeiylik deb biladilar va shu bois Etnogenez tizimini tabiiy jarayonlar bilan bogʻliq deb hisoblaydilar. Mazkur konsepsiyaga koʻra, etnos biosferaning tarkibiy qismi boʻlgani bois undagi qonuniyatlarga boʻysunadi, Etnogenez esa biosferada sodir boʻladigan jarayonlarning bir qismi deb hisoblanadi.

Ad.: Bromley Yu. V., Ocherki teorii etnosa, M., 1982; Alekseyev V. P., Istoricheskaya antropologiya i etnogenez, M., 1989; Gumilev L. N., Etnogenez i biosfera zemli, M., 1992; Sadoxin A. P., Etnologiya, M., 2000; Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.

Adhamjon Ashirov.


Lotin alifbosida maqola: ETNOGENEZ haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: E harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TARIX
OʻZBEKLAR
TOSHKENT
MILLAT
YER


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты