ESHITISH

ESHITISH — odam va hayvonlar organizmining tovush tebranishlarini qabul qilish xususiyati; mexanik, retseptor va nerv tuzilmalaridan tashkil topgan eshitish analizatorlari faoliyati tufayli roʻy beradi. Tovush taʼsirida odamda tovush signallari parametrini aks ettiruvchi Eshitish sezgisi paydo boʻladi; buning natijasida tovush tebranishlari chastotasi tovush balandligi tarzida qabul qilinadi. Organizmlarning Eshitish xususiyati ular evolyutsion rivojlanishi, yashash muhiti va tovush signallarining biologik ahamiyati bilan bogʻliq (q. Bioakustika). Evolyutsiya jarayonida Eshitish sistemasi dastlab hasharotlarda, keyinroq barcha umurtqalilarda paydo boʻlgan. Eshitish sut emizuvchilarda ayniqsa yaxshi rivojlangan. Tovush tebranishlari tashqi Eshitish yoʻli (tashqi quloq) orqali oʻtib, nogʻora pardani tebratadi. Tebranishlar oʻrta quloqdagi suyakchalar orqali ichki quloq suyuqligi (perilimfa va endolimfa) ga oʻtadi. Paydo boʻlgan gidromexanik tebranishlar chigʻanoq toʻsigʻi (asosiy, yaʼni bazilyar membrana)ni va unda joylashgan retseptor apparat (Korti organi) ni tebratadi. Bazilyar membrananing mexanik xususiyati uning uzunligi boʻylab bir xil boʻlmaydi: yuqori chastotali tebranishlar bazilyar membrananing ichki quloq chigʻanogʻi asosida, past chastotali tebranishlar esa uning uchki qismida maksimal amplitudaga ega boʻlgan tebranishlarni paydo qiladi. Shunday qilib, Korti organida tovush tebranishlari mexanik energiyasi retseptorlarni qoʻzgʻatadi, qoʻzgʻalish retseptorlardan Eshitish nervlari tolalariga beriladi. Nervlarda paydo boʻlgan bioelektr potensiallar E. sistemasi markazi boʻlimiga oʻtkaziladi. Eshitish signallari faqat havo orqali emas, balki kalla suyaklari orqali ham ichki quloqqa oʻtkazilishi mumkin.

Eshitish sezgirligi Eshitishning absolyut chegarasi orqali baholanadi. Bu chegara tovushning Eshitish mumkin boʻlgan minimal intensivligi ditsibal (db) hisobida belgilanadi. Qabul qilinadigan tovush tebranishlari chastotasi diapazoni Eshitish egri chizigʻi, gers yoki kilogers bilan ifodalanadi. Odam 10—20 gs dan 20 kgs gacha boʻlgan tovush tebranishlarini qabul qiladi, 10 gs dan past tebranishli tovushlar uzluksiz tovush tarzida qabul qilinmaydi. Odamda Eshitishning eng quyi chegarasi 1—3 kgs chastotaga teng. Juda yuqori tebranishli tovush toʻlqinlari — shovqin (mas, 140 db ogʻriq paydo qiladi; 150 db tovushga odam chiday olmaydi). Har xil hayvonlar turli diapazondagi tovush toʻlqinlarini (mas, hasharotlar 0,2 kgs — 500 kgs, baliqlar 50—100 gs — 3—5 kgs, delfinlar 100 gs —200 kgs) qabul qiladi. Umurtqali hayvonlardan qushlarning Eshitish sezgirligi sudralib yuruvchilarnikidan, sut emizuvchilarniki qushlar va sudralib yuruvchilarnikidan yuqori boʻladi.

Tovushni farqlash imkoniyati differensial chegara, yaʼni Eshitish mumkin boʻlgan tovush oʻzgarishining minimal chegarasi (intensivligi yoki chastotasi) bilan belgilanadi. Odamda tovushni farqlash differensial chegarasi (oʻrtacha diapazonda) intensivlik boʻyicha 0,3—0,7 db, chastota boʻyicha 2 — 8 gs ga teng. Tovush signallari kuchayishi bilan tovushni farqlash ham kuchayadi, uning differensial chegarasi esa kamayib boradi. Bunday holat nutq signallari va musiqa ohanglarini qabul qilishda ham namoyon boʻladi. Odamni musiqa ohanglari absolyut balandligini aniqlay olish qobiliyati absolyut Eshitish deyiladi. Boshqa begona tovushlar taʼsirida tovushni qabul qilish xususiyati yomonlashuvi, hatto butunlay yoʻqolishi mumkin (niqoblanish hodisasi). Kuchli tovushlar uzoq vaqt davomida taʼsir etganida Eshitish sezgirligi pasayadi (fiziologik adaptatsiya). E. sistemasi ikkala simmetrik joylashgan qismlarining oʻzaro taʼsiri tovush manbaini aniqlashga imkon beradi (binaural effekt). Bir qancha hayvonlar (koʻrshapalaklar, delfinlar, ayrim qushlar) obyektlarning fazoda joylashgan oʻrni, shakli, oʻlchamini aniqlashga imkon beradigan maxsus Eshitish sistemasi — exolokatsiya xususiyatiga ega. Ular oʻzlari chiqargan va obyektdan qaytadigan signallarni qabul qilishadi. Eshitishning fiziologik mexanizmlari uzilkesil hal etilmagan; Ad.:Sviker Eshitish, Feldkeller R., Uxo kak priyomnik informatsii, per, s nem., M., 1971; Fiziologiya sensornmx sistem, ch. 2, L., 1972; Almatov K. T., Allomuradov Sh ., Umumiyfiziologiya,T., 2004.


Lotin alifbosida maqola: ESHITISH haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: E harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
BIOLOGIYA
ESHITISH ANALIZATORLARI
NERV SISTEMASI
TOSHKENT


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты