FEʼL

FEʼL — harakat bildiruvchi soʻzlar turkumi va shu turkumga oid har bir soʻz. Grammatikada «harakat» soʻzi keng tushunchali boʻlib, nafaqat harakatni, balki holat yoki hodisani ham bildiradi, mas: yugurmoq, sakramoq, yigʻlamoq, uxlamoq, oʻylamoq, sevmoq, tinchimoq, qurimoq, koʻpaymoq va b.

Feʼllar lugʻaviy maʼnoga ega yoki ega emasligiga koʻra 2 turga boʻlinadi: mustaqil Feʼllar, yordamchi Feʼl lar. Mustaqil Feʼllar, xuddi boshqa mustaqil soʻz turkumlariga oid soʻzlar kabi, lugʻaviy maʼnoga ega boʻladi, gapning mustaqil boʻlagi vazifasida kela oladi va h. k. (q. Soʻz turkumlari). Yordamchi Feʼllar lugʻaviy maʼnoga ega boʻlmaydi. Ular turli yordamchi vazifalarda kelib, turli qoʻshimcha maʼnolar ifodalash uchun xizmat qiladi. Yordamchi Feʼllar oʻz vazifasiga koʻra 3 asosiy turga boʻlinadi:

1) feʼl yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi Feʼl lar: qil, et, ayla, boʻl (qabul qilmoq, taklif etmoq, tamom boʻlmoq kabi);

2) Feʼlning analitik shaklini yasash uchun xizmat qiluvchi yordamchi Feʼllar (bular, odatda, «koʻmakchi F. lar» deb yuritiladi). Feʼlning bunday shakllari turli grammatik, modal va b. maʼnolarni ifodalaydi: oʻqib boʻldi, koʻrib qoldi, qoʻrqib ketdi va b. ;

3) bogʻlama vazifasini bajaruvchi yordamchi Feʼl lar. Mac, qil, boʻl: sportchi boʻlmoq, oʻqituvchi boʻlmoq.

Hoz. oʻzbek tilida yordamchi Feʼl lardan farklanuvchi «toʻliqsiz Feʼl» (lugʻaviy maʼnosini tamomila yoʻqotgan, hoz. oʻzbek tilida maʼlum bir grammatik maʼno va vazifalarda qoʻllanuvchi Feʼl)ning edi, ekan, emish, esa shakllari ham qoʻllanadi.

Feʼl turkumi, boshqa soʻz turkumlari kabi, oʻziga xos soʻz yasalishi va shakl yasalishi tizimiga ega (q. Soʻz yasalishi, Shakl yasalishi). Yasama Feʼllar la, lan, lash, lantir, lashtir affikslari hamda qil, et (ayla) yordamchi Feʼl lari bilan hosil qilinadi: olqishlamoq, ruhlanmoq, birlashmoq, jabr qilmoq, ruxsat etmoq.

Feʼllar oʻziga xos murakkab grammatik kategoriyalar tizimiga ega. Xususiy maʼnolari bilan oʻzaro farklanuvchi, bir umumiy maʼnosiga koʻra birlashuvchi shakllar tizimi Feʼlning grammatik kategoriyalarini hosil qiladi. Oʻzbek tilida Feʼlning quyidagi grammatik kategoriyalari bor: nisbat kategoriyasi, boʻlishliboʻlishsizlik kategoriyasi, mayl kategoriyasi, zamon kategoriyasi, shaxsson kategoriyasi.

Nisbat kategoriyasi — harakatning subyekt va obyektga munosabatini koʻrsatuvchi grammatik kategoriya. Harakatning subyekt va obyektga munosabatini koʻrsatishiga koʻra nisbat kategoriyasining 5 turi farklanadi: bosh nisbat; oʻzlik nisbati; orttirma nisbat; majhul nisbat; birgalik nisbati. Har bir nisbat shakli maxsus qoʻshimcha yerdamida yasaladi. Faqat bosh nisbat maxsus yasovchi (koʻrsatkich)ga ega emas. Bosh nisbat harakatning ega bilan ifodalangan shaxs yoki predmet tomonidan bajarilishini bildiradi: oldi, keldi, soʻrayapti va b. Oʻzlik nisbati shakli (i) n, (i)l qoʻshimchalari yerdamida yasaladi va harakatning subyektning oʻziga obyekt sifatida karatilganligini yoki subyektning oʻzi doirasida yuzaga kelishini (bajarilishini) bildiradi: maqtanmoq, koʻrinmoq, tugʻilmoq va b. Orttirma nisbat shakli dir, ir, t affikslari yerdamida yasaladi va obyektsiz Feʼlni obyektiv F. ga aylantiradi, obyektli Feʼldan yasalganda esa unga yana obyekt qoʻshilganini bildiradi: keltir, kuldir, ichir, oʻqit va b. Majhul nisbat shakli (i)l, (i) n qoʻshimchalari bilan yasaladi va asosiy eʼtiborni harakatning bajaruvchisiga emas, balki obyekt bilan harakatning oʻziga qaratilishini bildiradi: keltirildi, tozalandi. Bu nisbat shakli obyektsiz (oʻtimsiz) Feʼl lardan yasalganda, shaxssizlik maʼnosi ifodalanadi: (koʻprikdan) oʻtildi, (mehmonga) borildi va b. Birgalik nisbati sh affiksi yerdamida yasaladi va harakatning birdan ortiq shaxs tomonidan, birgalikda bajarilishini bildiradi: (yer) haydashdi, (meva) terishdi va b. Demak, nisbat shaklining oʻzgarishi bilan harakatning subyekt yoki obyektga munosabatida oʻzgarish boʻladi. Boʻlishli boʻlishsizlik kategoriyasi — harakatning tasdiq yoki inkori maʼnosini ifodalovchi shakllar tizimi. Bu kategoriyaning oʻzaro zidlik hosil qiluvchi 2 jihati bor: boʻlishlilik va boʻlishsizlik. Boʻlishli Feʼlning maxsus koʻrsatkichi yoʻq (nol koʻrsatkichli). Boʻlishsiz Feʼl shakli esa ma affiksi yerdamida yasaladi: keldi (boʻlishli shakl) — kelmadi (boʻlishsiz shakl). Boʻlishsizlik (inkor) maʼnosi «yoʻq» soʻzi va «emas» toʻliqsiz Feʼli bilan ham ifodalanadi: borgani yoʻq, borgan emas.

Mayl kategoriyasi — harakatning voqelikka munosabatini soʻzlovchi nuqtayi nazaridan belgilovchi grammatik kategoriya. Oʻzbek tilida maylning quyidagi turlari bor:

1) buyruqistak mayli: ayt, aytgin, ayting kabi;

2) shart mayli. Bu mayl shakli sa affiksi yerdamida yasaladi: borsam, borsang, kursa kabi;

3) shartli mayl — bajarilishi shart ergash gapdan anglashilgan harakatning bajarilishiga bogʻliq boʻlgan (shartlangan) harakatni bildiruvchi mayl. Bu mayl shakli (a) r edi, maye edi yerdamida yasaladi va bu shakldagi Feʼl bosh gapning kesimi boʻlib keladi: Vaqting boʻlsa, kinoga borar edi k. Imkoning boʻlsa, bunday qiynalib yurmas eding;

4) maqsad mayli. Bu mayl shakli moqchi affiksi yerdamida yasaladi va harakatni bajarishbajarmaslik maqsadini bildiradi: soʻramoqchiman, oʻqimoqchiman, aytmoqchi emasman;

5) ijro mayli — harakatholatni uning bajarilishi (ijrosi) bilan kar uch zamondan birida ifodalaydigan mayl. Bu mayl turi zamon va shaxsson koʻrsatkichlari orqali shakllanadi: oʻqidim, oʻqiyapman, oʻqiyman; koʻrganman, koʻrgansan, koʻrgan.

Zamon kategoriyasi — harakatning nutq paytiga munosabatini bildiruvchi grammatik kategoriya. Harakatning nutq paytiga munosabatiga koʻra Feʼlning 3 zamon turi farqlanadi: oʻtgan zamon — keldi, oldim; hoz. zamon • — kelyapman, kelyapti; kelasi zamon — kelaman, olasan va b.

Shaxsson kategoriyasi — harakatning 3 shaxs (soʻzlovchi, tinglovchi, oʻzga)dan biriga oidligi maʼnosini bildiruvchi grammatik kategoriya: keldi m (birinchi shaxs, birlik), keldik (birinchi shaxs, koʻplik), kelding (ikkinchi shaxs, birlik), keldingiz (ikkinchi shaxs koʻplik).

Oʻzbek tilida Feʼlni maʼlum bir vazifaga xoslovchi shakllar ham mavjud. Bular: sifatdosh (q.), ravishdosh (q.), harakat nomi (q) shakllaridir.

Bulardan tashqari F. ning turli modal maʼno, takror maʼnosi va b. maʼnolarni bildiruvchi shakllari ham bor. Ular maxsus qoʻshimchalar, koʻmakchi feʼllar yerdamida hosil qilinadi: keta qol, ketib qoddi, keta koʻrmoq, turtkilamoq, qoʻrqinqiramoq, kulimsiramoq va b.

Feʼllar qanday grammatik shaklda qoʻllanishiga qarab gapning turli boʻlagi vazifasida keladi. Mas, mayl, zamon, shaxsson paradigmasiga mansub shakllardan birida qoʻllanganda — kesim vazifasida; sifatdosh, ravishdosh shakllarida — anikdovchi, hol vazifasida; harakat nomi shaklida esa ot turkumiga oid soʻzlarga xos vazifalarda keladi.

Azim Hojiyev.


Lotin alifbosida maqola: FEʼL haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: F harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
TOSHKENT
SOʻZ TURKUMLARI
IBN SINO
ALISHER NAVOIY


Добавить комментарий