FILIPPIN

FILIPPIN (Philippines), Filippin Respublikasi (tagalcha Republika ng Pilipinas, ing. Republic Philippines) — Jan. Sharqiy Osiyodagi davlat, Tinch okeandagi Filippin arxipelagida joylashgan. Mayd. 300 ming km2. Aholisi 84,526 mln. kishi (2002). Poytaxti — Manila sh. Maʼmuriy jiqatdan 74 viloyat (province)ra boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Filippin — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1987-y. maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (2001-y. dan Gloriya Makapagal Arroyo xonim), u toʻgʻri umumiy ovoz berish yoʻli bilan 6 y. muddatga saylanadi, 2muddatga qayta saylanishi mumkin emas. Prezident hukumat boshligʻi ham hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni F. Kongressi (2 palatali parlament — senat va vakillar palatasi), ijrochi xrkimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Filippin arxipelagi 7107 oroldan iborat, shundan 800 tasida odam yashaydi. Yiriklari: Luson, Mindanao, Samar, Negros, Palavan, Mindoro, Sebu, Leyte. Mamlakat yer yuzasining aksariyati togʻli (eng baland joyi — 2954 m, Mindanao o. dagi Apo vulkani). Harakatdagi va soʻngan vulkan koʻp. Teztez zilzila boʻlib turadi. Hududning 1/4 qismi pasttekislik. Togʻlar oraligʻida soyliklar va dengiz sohillarida ensiz tekisliklar joylashgan. Foydali qazilmalardan temir rudasi, xromit, marganes, nikel, mis, shuningdek, simob, oltin, kumush, turli qurilish materiallari bor. Iklimi tropik va subekvatorial mussonli. Oʻrtacha oylik t-ra 24—28°, togʻlarda 19°gacha. Yillik oʻrtacha yogʻin miqdori 1000—4000 mm. Tayfunlar boʻlib turadi. RioGrandedeMindanao, Agusan, Kagayan va b. daryolari sersuv va seroyetona. Koʻl kam, eng kattasi Luson o. dagi Bay koʻli.

Tuprogʻi, asosan, laterit tipli qizil va sariq, togʻlarda togʻkashtan, dare vodiylarida allyuvial tuproq. 10 ming tur oʻsimlikning 40% endemik. Hududining 46% tropik urmondan iborat. Qimmatbaho yogʻoch olinadigan doim yashil daraxt turi koʻp. Dengiz sohillarida mangro urmonlari mavjud. 1200 m dan baland joylar butazor va oʻgloq bilan band. Hayvon turi kup emas. Iirik sut emizuvchilar yoʻq. Bugʻuning bir necha turi, yovvoyi tungʻiz, mangust uchraydi. Qushlarning 750 dan ortiq turi yashaydi. Sudralib yuruvchi hayvon kup. MayonVolkanyo, Kanlaon, MauntApo va b. milliy bogʻlari va quriqxonalari bor.

Aholisi. Filippinda oʻzaro yaqin til va shevalarda soʻzlashuvchi 90 dan ziyod elat va qabilalar yashaydi. Ularning yiriklari: bisayya, tagal, ilok, bi . kol, pampangan, pangasinan va b. Bundan tashqari, xitoy, osiyolik, yevropalik va amerikaliklar ham bor. Shahar aholisi 56%. Rasmiy tillar — tagal va ingliz tillari. Dindorlari xristian, islom dinlariga eʼtiqod qiladilar. Yirik shaharlari: Manila, KesonSiti, Sebu, Davao.

Tarixi. Filippin xududida mil. av. 2ming yillikda Osiyo qitʼasidan, mil. av. 1ming yillikda Hindixitoydan borgan, keyinroq Indoneziyadan kelgan jan. mongoloidlar mahalliy negravstraloidlarni siqib chiqarganlar, qisman ular b-n qorishib ketganlar. 14—15-a. larda Indoneziya orqali Luson, Sebu o. larida, Sudu arxipelagida islom dini tarqaldi. Bu yerlarda mayda tarqoq hokimliklar, Sulu arxipelagida esa Xolo sultonligi vujudga keldi. 1521-y. Magellan boshchiligidagi Ispaniya ekspeditsiyasi Filippin o. lariga yetib keldi. Bu ekspeditsiyani Maktano hokimi Lapulapu tormor etgach (F. da uni mustaqillik uchun kurashning birinchi qahramoni sifatida eʼzozlaydilar), Ispaniya 1564-y. Legaspi boshchiligida yana ekspeditsiya yubordi. Uning otryadi Filippinning markaziy va shim. qismidagi asosiy orollarning sohillarini bosib oldi, aholining koʻpchiligini (jan. dagi musulmonlardan tashqari) xristian diniga kiritdi. 1756—63 y. lardagi 7 y. lik urush davrida ingliz qoʻshinlari Manila sh. va bir qancha joylarni bir yilgacha egallab turdilar. 19-a. ning 2yarmida xorijiy sarmoya yordamida savdosanoat ishlari rivojlana boshladi, ziyolilar voyaga yetdi. Islohot tarafdorlari (X. Risal, M. del Pilar va b.) dastlabki vatanparvarlik tashkilotlarini tuzdilar. 1892-y. A. Bonifasio va b. rahbarligida Katipunan deb ataluvchi yashirin vatanparvarlik tashkiloti vujudga keldi, tez orada keskin choratadbirlar koʻrish tarafdori boʻlgan ziyolilar bu tashkilotga qoʻshildi. Katipunan chaqirigʻi bilan milliy ozodlik inqilobi (1896—98) boshlandi. Inqilobchilar 1897-y. 22-martda mustaqil respublikani eʼlon qildilar. AQSH 1898-y. apr. da Ispaniya mustamlakalarini egallash uchun urush boshladi. 1898-y. 12-iyunda Filippin 2marta mustaqil deb eʼlon qilindi. 1899 — 1901-y. lardagi Amerika — Filippin urushi natijasida AQSH F. ni bosib oldi. 1934-y. F. muxtoriyatga ega boʻldi. 2-jahon urushi yillarida Filippin hududini Yaponiya okkupatsiya qildi. 1946-y. 4-iyulda Filippin mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. Filippin 1945-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1992-y. 22 yanv. da tan olgan va oʻsha yil 13 apr. da diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 12 iyun — Mustaqillik kuni (1898).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Liberal partiya, 1946-y. tuzilgan; Millatchilar partiyasi, 1907-y. asos solingan, 1972-y. taqiqlangan, 1978-y. yana faoliyat boshlagan; F. kommunistik partiyasi, 1930-y. tashkil etilgan; «Filippin vatanparvar ommasining demokratiya uchun kurashi» partiyasi, 1997-y. tuzilgan; LakasXristian demokratlar milliy ittifoqi — partiya bloki, 1992-y. tashkil etilgan. Filippin kasaba uyushmalari kongressi, 1975-y. asos solingan, 39 tarmoq kasaba uyushmasini birlashtiradi.

Xoʻjaligi. Filippin — agrarindustrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. ning ulushi 22%, sanoatniki 32%, xizmat koʻrsatish sohasiniki 48%.

Qishloq xoʻjaligida kichikkichik dehqon xoʻjaliklari koʻpchilikni tashkil qiladi. Yirik plantatsiya xoʻjaliklari ham bor. Q. x. ga yarokli yerlar 9 mln. gektar (mamlakat hududining 30%), shundan 1 mln. gektar yer sugʻoriladi. Dehqonchilik ustun. Eksport uchun shakarkamish, abaka, geveya, kokos palmasi, yer yongʻoq, kofe, kakao, tamaki, tropik va sitrus mevalar yetishtiriladi. Asosiy oziq-ovqat ekinlari — sholi, makkajoʻxori, batat, maniok, sabzavot. Chorvachiligi rivojlangan: qoramol va buyvol, choʻchqa, echki, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Oʻrmonlarda qimmatbaho eksportbop pushti va kizil daraxt yogʻochlari tayyorlanadi.

Sanoatida konchilik rivojlangan: nikel, rux, mis, temir, marganes, xrom rudalari, shuningdek, toshkoʻmir, neft, simob, oltin, kumush qazib olinadi. I. ch. sanoati qand, sholi oklash, tamaki, yogʻmoy, meva konservalash, kopra, arqon va b. korxonalardan iborat. Yogʻochsozlik, mebel va koʻn-poyabzal sanoati ham rivojlangan. Sanoatning kimyo, radioelektronika tarmoklari yuksak surʼatda taraqqiy etmokda. Metallurgiya, metallsozlik, mashinasozlik (jumladan, avtomobil yigʻish), televizor, radiopriyomnik, elektr asboblar, mineral oʻgʻit, rezinatexnika buyumlari ishlab chiqaradigan, neftni qayta ishlaydigan, neft kimyosi, toʻqimachilik, tikuvchilik, «oyna, sement z-dlari bor. Hunarmandchilik kds. tarmoq hisoblanadi. Yiliga oʻrtacha 26,4 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari: Manila, Sebu, Davao. Yuklar, asosan, dengiz transportida tashiladi. T. y. uzunligi 0,9 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 161 ming km. Asosiy dengiz portlari: Manila, Sebu, Batangas, Davao. Manilada xalkaro aeroport bor. Filippin chetga kandshakar, kopra, kokos moyi, metall rudalari, yogʻoch, mashina va uskunalar, kimyoviy moddalar chiqaradi, chetdan neft va neft mahsulotlari, mashina va uskuna, transport vositalari oladi. Yaponiya, AQSH, Avstraliya, Indoneziya, Singapur, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni b-n savdo qiladi. Pul birligi — Filippin pesosi.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Vrachlar un-t va tibbiyot intlarida tayyorlanadi. Filippinda oʻrta maktablarning yarmidan koʻprogʻi va boshlangʻich maktablarning bir qismi xususiy. Davlatga karashli va xususiy maktablarda pul toʻlab oʻqiladi. Boshlangʻich maktabda oʻqish majburiy va bepul boʻlib, unga bolalar 7 yoshdan qabul qilinadi va 6 y. oʻqitiladi. Oʻrta maktablarda oʻkish muddati 4 y. Darslar ingliz va mahalliy tagal tillarida olib boriladi. Hunar taʼlimi boshlangʻich maktab negizidagi q. x., sanoat, savdo maktablarida amalga oshiriladi. Boshlangich maktablarning oʻqituvchilari ped. kollejlarida tayyorlanadi. Ularning eng kattasi Maniladagi Filippin normal (ped.) kollejidir. Oliy oʻquv yurtlarining kupi xususiy. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Maniladagi Katolik SantoTomas un-ti (1611), Manila un-ti, Uzok, Sharq un-ti (1928), Sharq un-ti (1946), KesonSiti sh. dagi Filippin un-ti (1908). Yetakchi ilmiy muassasalar un-tlar xuzurida tashkil etilgan. Davlat ilmiy muassasalari — Yadro tadqiqotlari markazi (1958), F. taraqqiyot akademiyasi (1973), Kokos palmasi i. t. instituta, Filippin fanlar akademiyasi (1976) va b. Xalkaro sholi i. t. instituta bor. Untlar xuzurida yirik kutubxonalar, Manilada Milliy kutubxona ishlaydi. Manilada SantoTomas muzeyi (1682), F. Milliy muzeyi (1901) va Metropoliten sanʼat muzeyi mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Filippinda bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Yiriklari: «Balita» («Yangiliklar», tagal tilida chikadigan kundalik gaz., 1972-y. dan), «Manila bulletin» («Manila byulleteni», ingliz tilida chiqadigan kundalik gaz., 1972-y. dan), «Manila ivning post» («Manila oqshom pochtasi», ingliz tilida chikadigan kundalik kechki gaz., 1975-y. dan), «Manila tayms» («Manila vaqti», ingliz tilida chiqadigan kundalik gaz., 1945-y. dan), «Piplz djornel» («Xalq gazetasi», tagal va ingliz tillarida chikadigan gaz., 1979-y. dan), «Tempo» («Surʼat», tagal va ingliz tillarida chikadigan kundalik gaz., 1983-y. dan), «Yunayted deyli nyus» («Kun yangiliklari», ingliz va xitoy tillarida chiqadigan kundalik gaz., 1973-y. dan), «Sulong» («Olgʻa», oylik byulleten). F. yangiliklar agentligi — davlat axborot mahkamasi boʻlib, 1973-y. dan faoliyat koʻrsatadi. Radioeshittirish 1952-y. dan, telekoʻrsatuv 1953-y. dan boshlangan. Mamlakatdagi barcha radio va telestyalar faoliyati «Neshnl telekommyunikeyshne kommishn» hukumat mahkamasi tomonidan nazorat qilinadi.

Adabiyoti. Filippin xalklari va elatlari adabiyoti tagal va b. mahalliy tillarda, shuningdek, ispan va ingliz tillarida rivojlanib kelmoqda. Filippin xalq ogʻzaki ijodiyoti va, ayniqsa, qaxramonlik dostonlarida malayya va indonezyava adabiy anʼanalarining taʼsiri seziladi. 16—19-a. lardagi Ispaniya hukmronligi davrida ispan tilida diniynasihat ruhidagi adabiyot vujudga keldi. Zamonaviy tagal adabiyoti ning asoschisi F. Baltasar (taxallusi Balagtas)ning «Florante va Laura» dostoni (1838) mashhur. 1856-y. M. de Kastroning tagal tilida bosilib chiqqan birinchi romani «Urban va Felisa» (1863)dan keyin 20-a. ning 1yarmida V. ErnandesPenya, L. K. Santos romanlari, X. Korasan de Xesus, A. V. Ernandes sheʼrlari, A. V. Ernandes, D. Rosario, F. Galauran hikoyalari paydo boʻldi. 2-jahon urushidan keyin sheʼriyat va hikoya navislik yanada rivoj topdi. A. V. Ernandesning «Shayton yigʻi», «Vahshiy qushlar», F. Galauranning «Bir qisim guruch», N. Karavananing «Kizil uydagi farishta» romanlari ijtimoiy va maishiy mavzularga bagashlandi.

Ispan tilidagi adabiyot rivojida X. Risal romanlari («Menga tegishma», «Flibustyerlar») katta ahamiyatga ega boʻldi. 20-a. ning 1yarmida S. Apostol, F. Gerrero, K. M. Rekto va b. larning vatanparvarlik sheʼriyati mashhur boʻldi. Xuddi shu davrda X. G. Vilya, M. E. Argilya, N. V. M. Gonsales, K. Bulosan kabilar ingliz tilida novella va sheʼrlar yaratishdi. 2jaxrn urushidan keyingi davrda E. Okampo, N. Xoakin, E. L. Tyempo va b. adiblar yetishib chikdi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Mahalliy aholining anʼanaviy uylari qoziqlar ustiga chaylasimon qilib quriladi, usti palma bargi bilan yopiladi. Mustamlaka davrida shaharlar, istehkomlar, cherkov va saroylar barokko hamda klassitsizm uslubida qurila boshladi (Luson o. dagi SanNikolas cherkovi, 17-a. ; Maniladagi SantoTomas un-ti, 1608—15 i.). 19-a. 2yarmi va 20-a. 1yarmida Manila sh. da Yevropa va Amerika meʼmorligi uslubida binolar barpo etildi. Filippin meʼmorlaridan P. Antonio, S. Konsyo, L. V. Loksin, A. Nakpil oʻz ijodida ispan meʼmorligi uslubidagi bino va inshootlarni millim ruxda bezashga ahamiyat bera boshladilar (Panay o. Iloilo sh. dagi Miagao ibodatxonasi; Maniladagi Filippin madaniyat markazi, 1969, meʼmor L. V. Loksin).

Filippin hududida mil. av. 2—1ming yillikka oid sanʼat yodgorliklari saklanib qolgan. Qadimdan yogʻoch va bambuk oʻymakorligi, toʻqimachilik, metallsozlik, kashtachilik, zargarlik kabi kasblar mashhur boʻlgan. Maniladagi SanAgustin cherkovining oʻymakor yogʻoch eshiklari (1606) va SanIgnasio cherkovining ibodat qilinadigan qismidagi oʻyma naqshlar Filippin sanʼatining ilk namunalaridir. 19-a. ning 2yarmi va 20-a. ning 1yarmida dastgoh rangtasviri (X. de Luna, F. Idalgo, F. Amorsolo), haykaltaroshlik (G. Tolentino) paydo boʻddi. F. Roxas portret va manzara, X. Risal rangtasvir va haykaltaroshlik sohasida unutilmas asarlar yaratishdi. F. Amorsolo asos solgan «Anʼanavii maktab» 20-a. oʻrtalariga kelib Filippin rassomlari akademiyasiga aylandi. 50—60k. larda K. V. Fransisko ijodi kamol topdi. U afsona va rivoyatlarga, ozodlik harakati qaxramonlariga, shuningdek, dehqonlar, baliqchilar, konchilar hayotiga bagʻishlangan koʻpgina devoriy rayem va manzaralar yaratdi. A. MagsaysayXo ismli ayol rassom qishloq xotinqizlarining lobar siymosini tasvirlovchi goʻzal asarlari bilan eʼtibor qozondi. V. Manansala, R. Tabuena, M. Malang Santos, U. Yonson, E. Okampo, A. R. Lus, F. Sobel kabi rassomlar, X. Alkaptara va A. M. Imao, N. Abue kabi haykaltaroshlar milliy realistik anʼanalarni davom ettirdilar.

Musiqasi. Marosim (harbiy, toʻy), mehnat va b. xalq qoʻshiq hamda raqslari azaldan davom etib keladi. Togʻlik va musulmon xalqlarning qad. musiqasi deyarli oʻzgarishsiz saklangan. 16 — 18-a. larda xristian diniga kirgan va ispanlar taʼsirida boʻlgan xalqlarda esa biroz mahalliylashgan ispancha raqslar (xota, xabanera) tarqala boshlagan. Cholgu asboblari: bambuk va yogoch fleytalar, gonglar, gitarasimon kudyapi, gitgit (skripka turi) va b. lar. Rondalya deb ataluvchi torli milliy orkestr shuhrat qozongan. Professional musiqa 19-a. dan rivoj topdi. 1916-y. F. universiteti huzurida konservatoriya ochildi, keyinroq Manila va KesonSiti sh. larida musiqa muassasalari va jamoalari tashkil topdi. Kompozitorlar orasida X. Silos, X. Estelya, A. Molina, F. Buenkamina, Filippin de Leon, J. A. Dadap va b. mapghur. Manilada Milliy filarmoniya jamiyati, «Bayanixan» (1956), «Filippineskas» (1958), «Barangay» ashularaqs ansambllari, Filippin universitetining «Madrigal» kamer xori, Manila simfonik orkestri, F. Madaniyat markazining orkestri, Konsert orkestri ishlaydi. Milliy musika kengashi, kompozitorlar jamiyati mavjud.

Teatri. Qadimdan davom etib kelayotgan va ashula, raqslar bilan oʻtadigan taomil, rasmrusumlar va ularda gavdalantiriladigan mehnat jarayonlari, toʻy udumlari teatr sanʼati uchun manba boʻlgan. Filippin professional teatri xitoy, hind, indonez, keyinroq ispan va amerika madaniyati taʼsirida shakllandi. 19-a. oʻrtalarida Manilada havaskorlik teatrlari: Eskosur truppasi (1848) va Lopes Aris truppasi (1852) vujudga kelib, ularda ispan tilidagi sevgi pyesalari (sarsuelalar) sahnalashtirildi. 1914-y. Manilada ingliz tilidagi «Litl tietr» tashkil topdi. Uning aktyorlari ham, tomoshabinlari ham asosan, Manila un-tining talaba va muallimlari edi. Filippin mustaqillikka erishgach, tagal tilidagi dramaturgiya va teatr rivojlana boshladi. «Barangay teatr gildiyasi» (1939), F. aktyorlar lab. (1959), Meralko teatri, Raj Soliman teatri va b. yarim professional jamoalari milliy sanʼat (moromoro, sarsuela va b.) anʼanalarini jahon teatrining eng yaxshi namunalari yutuqlari bilan birga qoʻshishga intiladi. 1972-y. Manilada koʻchma bolalar teatri tashkil etildi. Kinosi. 1919-y. rejissyor va aktyor X. Nepomuseno milliy kino firma tashkil etganidan soʻng kinofilmlar doimiy ishlab chiqarila boshladi. Tagal tilida «Qishloqi qiz» nomli dastlabki badiiy film yaratildi. «Uch maqtanchoq» (1926) ovozeiz filmlar orasida eng yaxshisi buldi. 1932-y. dastlabki ovozli filmlar («Qallob», rej. J. P. Musser; «Oltin xanjar», rej. X. Nepomuseno) chikarildi. 30-y. lardagi eng yirik kino birlashmalari — «Sampagita» va «LVN» chiqargan filmlarda milliy tarix va mifologiya syujetlaridan foydalanildi. shuningdek, «Yirtilgan bayroq», «Zulmat va nur» komediyalari ham yaratildi. 1946-y. tashkil etilgan «Premyer prodakshn» studiyasi koʻngilochar ruxdagi filmlar bilan bir qatorda togʻli qabilalar hayotini tasvirlovchi filmlarni ham suratga oldi. 50—60-y. larda «Xarana», «Dunyoning oxirigacha» (ikkalasining rej. J. de Leon), «Parij romanei», «Badayo» (ikkalasining rej. L. V. Avelyana) ekranga chiqarildi. 20-a. oxirlarida yaratilgan «Qaqroq yerni sugʻor» (rej. O. Buenaventura), «Narkotik chayqovchilarini oʻldiringlar» (rej. J. Estrada) filmlari dolzarb zamonaviy mavzularga bagʻishlangan. 1960-y. larning oʻrtalaridan Manila kinofestivali utkazib kelinadi.


Lotin alifbosida maqola: FILIPPIN haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: F harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI
YER
ROSSIYA
FRANSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты