FOZIL YOʻLDOSH OʻGʻLI

FOZIL YOʻLDOSH OʻGʻLI (1872, Jizzax viloyati Baxmal tumani Loyqa qishlogʻi — 1955.17.3, Samarqand viloyati Bulungʻur sh.) — oʻzbek xalq shoiri, baxshi. Yoʻldosh Mulla Murod oʻgʻlining shogirdi. Bulungur dostonchilik maktabining eng yirik va soʻnggi vakili. Yetimlikda oʻsgan. Choʻponlik qilgan. Dostonchilikka havasi erta uygʻongan. Yoshligida doʻmbira chertishni, terma aytishni mashq qilgan. 20 yoshlarida ustozi Yoʻldosh shoirdan dostonchilik sirlarini oʻrgangan. Yosh baxshi xalq oʻrtasida ustozi uyushtirgan sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, 25 — 26 yoshlarida yetuk dostonchi sifatida tanilgan. Fozil Yoʻldosh Oʻgʻli Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yoʻldoshbulbul, Yoʻldosh shoir, Koʻldosh, Suyar kabi Bulungʻur dostonchilik maktabining peshqadam dostonchilaridan adabiy anʼanani qabul qilib olgan, uni puxta egallab, kjeak badihagoʻylik bilan boyitgan va oʻzbek dostonchiligini yangi bosqichga koʻtargan.

Fozil Yoʻldosh Oʻgʻli repertuari mavzu va janr jihatidan boy va rangbarang. U 40 dan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va yuksak mahorat bilan kuylagan. Undan «Alpomish», «Yodgor», «Yusuf bilan Ahmad», «Murodxon», «Rustamxon», «Shirin b-n Shakar», «Goʻroʻglining tugʻilishi», «Avazxonning oʻlimga hukm etilishi», «Malika ayyor», «Mashriqo», «Zulfizar», «Balogardon», «Intizor», «Nurali», «Jahongir», «Zevarxon», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Baxrom va Gulandom», «Oshiq Gʻarib» kabi 30 ga yaqin doston yozib olingan.

Shoir qaxramonlik, romanik, tarixiy dostonlar hamda kitobiy dostonlarning eng yaxshi namunalarini kuylab kelgan. «Alpomish» dostoni uning ijodida alohida oʻrin tutadi. Bu dostonning oʻzbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin variantlari orasida Fozil Yoʻldosh Oʻgʻli varianti eng mukammali va badiiy jihatdan barkamoli hisoblanadi. Unda shoirning yuksak dostonchilik mahorati toʻla namoyon boʻlgan. Fozil Yoʻldosh Oʻgʻli zamonaviy mavzularda xam qator doston va termalar yaratgan. Uning «Mamatkarim polvon», «Jizzax qoʻzgʻoloni», «Kunlarim» kabi dostonlari, «Jangchi oʻgʻlimga», «Elat botir», «Ota nasihati», «Qurollanint», «Er yigitlar, maydonga!», «Jahon tinglagay», «Bolalarimga», «Pushkinga» kabi termalari shular jumlasidandir.

Baxshi kuylagan xalq dostonlari Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Islom shoir, Poʻlkan, Abdulla shoir kabilar repertuari va original asarlari bilan birgalikda oʻzbek dostonchiligi va adabiyotiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Shoir merosi keng oʻrganilmoqda. Shoir dafn etilgan Bulungʻur sh. da muzey tashkil etilgan va unga haykal oʻrnatilgan.

Ad. Tanlangan asarlar, T., 1949; Intizor, Nurali, T., 1964; Murodxon. T., 1965; Balogardon, T., 1986; Malika ayyor, T., 1988; Alpomish, T., 1999; Rustamxan, M., 1972; Alpamыsh, L., 1982.

Ad.: Gʻoziboyev T., Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, T., 1968; Fozil shoir. Oʻzbek xalq ijodi boʻyicha tadqiqotlar, 3-kitob, T., 1973.

Toʻra Mirzayev.


Lotin alifbosida maqola: FOZIL YOʻLDOSH OʻGʻLI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: F harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XORAZM VILOYATI
TOSHKENT
JIZZAX VILOYATI
ALISHER NAVOIY
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты