FOTOAPPARAT

FOTOAPPARAT, fotokamera, suratga olish apparati — suratga olinadigan obyektlar optik tasvirini fotomateriallarning yoruglik sezgir qatlamiga tushiruvchi optikmexanik qurilma. Fotosuratga olishda obyektning optik tasviri optik tizimlar yordamida fotomaterialning yorugʻlik sezgir qatlamiga maʼlum vaqt oraligʻida proyeksiyalanadi. Natijada yoruglik sezgir qatlamda suratga olingan obyektning yashirin tasviri hosil boʻladi; fotomaterialga kimyoviyfotografik ishlov berilgandan soʻng suratga olingan obyektning koʻrinadigan negativ yoki pozitiv tasviriga aylanadi. Fotoapparatning havaskorlik, professional va maxsus xillari bor. Havaskorlik va professional Fotoapparat lardan kishilarni, peyzaj, sport musobakalarini suratga olishda, portretlar yasash va b. da foydalaniladi. Maxsus Fotoapparat larda fototexnika ishlari, aerofotosyomka, mikrosyomka va b. bajariladi. Fotoapparat fotomaterialda hosil boʻladigan tasvirlar oʻlchami (kadrlar formati)ga qarab mitti (13×17 mm), yarim formatli (18×24 mm), kichik formatli (28×28 va 24×36 mm), oʻrtacha formatli (45×60 dan 60×90 mm gacha) va yirik formatli (90×120 mm va undan katta) xillarga boʻlinadi.

Zamonaviy Fotoapparat larning asosiy uzellari: yoruglik oʻtkazmaydigan kamera (uning korpusi bikr, ikki tomonlama ochiladigan, teleskopik yoki buklama koʻrinishda boʻladi), obyekt tasvirini fotomaterial (fotoplyonka yoki fotoplastinka)ga tushirib beradigan obyektiv, fotoplyonka yoki fotoplastinkaning yorugʻlik sezgir qatlamiga yorugʻlik nurini oʻtkazishni taʼminlaydigan zatvor, ravshanlikka toʻgʻrilash mexanizmi, vidoiskatel (koʻrinish qidirgich), fotoplyonkani qayta oʻrash mexanizmi, fotoplyonka kassetasi, zatvor va chaqmoqlampa ishini sinxronlovchi sinxrokontakt, ekspozitsiya vaqtini yarim avtomatik aniklaydigan fotoeksponometr, zatvorni ishga tushiradigan avtomatik tepki.

Mil. av. 350-y. da yunon olimi Aristotel kichik teshik (mas, darcha) dan qorongʻi xonaga tushayotgan yorugʻlik nurlaridan xonaning qaramaqarshi devorida tashkaridagi, darcha oldidagi narsalarning yorugʻlik tasviri hosil boʻlishi mumkin, degan edi. 18 asr oʻtgandan keyin Leonardo da Vinchi bu hodisadan turli narsalarning tasvirini qogʻozga chizishda foydalangan. 1611-y. da nemis astronomi I. Kepler ikki linzadan iborat teleskopik tizimni yasadi. 1840-y. da avstriyalik olim I. Pesval bir necha linzadan iborat optik tizimni (obyektivni) hisoblab chikdi va uni nemis optigi P. F. Foixtlender yasadi. 19-a. 30-y. larida fransiyalik Jiro kassetasi katta boʻlgan yogʻoch fotokamerani koʻplab ishlab chiqardi. 1842-y. da Germaniyada metall korpusli Fotoapparat ishlab chikarila boshlandi. 1888-y. da amerikalik ixtirochi J. Istmen dunyoda birinchi marta rolikka oʻralgan fotoplyonka oʻrnatilgan Fotoapparat yaratdi. 1924-y. da «Leys» firmasi kichik formatli «Leyka» F. ni, 1970-y. larda ekspozitsion parametrlari yarim avtomatik va avtomatik oʻrnatiladigan, obyektivi avtomatik fokus lanadigan, fotozatvori elektron boshqariladigan, plyonkani tortish mexanizmi elektr yuritmali Fotoapparatlar yaratildi. Hozir fototasvirlarni bir zumda chiqarib beradigan, uyali telefon apparatiga «singdirilgan» F. lar mavjud.

Chet elda Fotoapparat ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 50 dan ortiq konsern, firma va z-dlar mavjud, jumladan: «Istmen kodak», «Polyaroid» (AQSH), «AlfaGevert» (GermaniyaBelgiya), «Nippon kogaku», «Kenon», «Minolta kamera», «Asaxi optikl», «Konisirovku foto» (Yaponiya), «Leys», «Rolley», «Karl Braun», «Minoks», «Pentakon» (Germaniya), «Xassel blad» (Shvetsiya), «Krasnogorsk z-di», «LOMO» birlashmasi (Rossiya), «Arsenal z-di» (Ukraina) va b.

Havaskorlik Fotoapparatdan «Kenon», «Nikon» (Yaponiya), «Pentakon» (Germaniya), «Kodak» (AQSH), «Zenit», «FED», «Zorkiy» (Rossiya), «Kiyev» (Ukraina), «Xasselblad» (Shvetsiya) koʻplab ishlatiladi.

Qoʻllaniladigan fotomaterialga qarab, Fotoapparatlar plyonkali va plastinkali boʻladi.

Baʼzida Fotoapparatdan koʻz ilgʻamas (fotoqatlamda qayd qilinadigan) ultrabinafsha yoki infraqizil nurlarni suratga tushirishda foydalaniladi. Bunday hollarda koʻzguli obyektiv yoki nurlarga moye keluvchi linza komponentlari, shaffof materiallar: kvars, flyuorit, litiy ftoridli (ultrabinafsha nurlar uchun); natriy xlorid, kremniy, germaniyli (infraqizil nurlar uchun) obyektiv ishlatiladi. Obyekt tasvirini biror tor spektral intervalda olish yoki fotosyomkada surat badiiy yaqqol chiqishi uchun obyektivda olib qoʻyiladigan turli yoruglik filtrlari qoʻllaniladi. 20-a. oxiri va 21-a. boshlaridan raqamli Fotoapparat qoʻllanila boshlandi.


Lotin alifbosida maqola: FOTOAPPARAT haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: F harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



FOTOGRAFIYA
KINOGA OLISH APPARATI
TOSHKENT
YORUGʻLIK
KADRLAR TAYYORLASH MILLIY DASTURI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты