GVINEYa

GVINEYa (Guinee), Gvineya Respublikasi (Republique de Guinee) — Gʻarbiy Afrikadagi davlat. Mayd. 246 ming km2. Aholisi 7,4 mln. kishi (1990-y. lar oxiri). Poytaxti — Konakri sh. Maʼmuriy jihatdan 8 viloyat (provinsiya)ga, viloyatlar 35 prefekturaga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Gvineya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-y. 23 dek. da kuchga kirgan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident (L. Konte; 1998-y. qayta saylangan). U umumiy yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 y. muddatga saylanadi va yana bir marta qayta saylanishi mumkin. Konun chiqaruvchi hoki-miyatni Millat majlisi (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Tabiati. Gvineya hududi subekvatorial mintaqada. Qirgʻoqlari parchalangan. Relyefi, asosan, oʻrtacha baland (800—1000 m) va past togʻlar, yassi platolardan (300—400 m) iborat. Eng baland joyi — Nimba togʻi, 1752 m. Okean sohili tor pasttekislik. Foydali qazilmalardan boksit, temir, olmos, oltin va b. bor. Iklimi ekvatorial-musson, issiq, yozi sernam. Eng issiq oyning (mart yoki apr.) oʻrtacha t-rasi 27—30°, eng baland joylarida 23° gacha, eng salqin oyniki (avg.) 24—26°, balandliklarda 18° gacha. Oʻrtacha yillik yogʻin 1200—4000 mm. Yomgʻirli mavsum mamlakat shim. da 5 oy, jan. da 7—10 oy. Daryolari koʻp va sersuv. Asosiy daryolari: Gambiya, Bafing, Niger va Konkure. Gvineya hududi qizil, qizil-sariq tuproqli. Eng koʻp oʻsimligi — savanna. Sohilda mangra oʻrmonlari bor. Gvineyada tartibsiz ovlash natijasida fil, gippopotam, kiyik, yovvoyi choʻchqa, qoplon, gepard kabi hayvonlar kam qolgan. Maymun, ilon, har xil qush, baliq, hasharotlar (jumladan, setse pashsha) juda koʻp.

Aholisi. Gvineyada fulbe, malinke, susu va b. xalqlar yashaydi. Davlat tili — fransuz tili. Aholining 89% musulmon, 1,5% xristian, qolgani mahalliy dinlarda. Shahar aholisi 25,6%. Yirik shaharlari: Konakri, Kindia.

Tarixi. Hoz. hududining bir qismi Gana (taxm. 4—13-a. lar) va Mali (taxm. 13— 16 a lar) kabi oʻrta asr davlatlari tarkibiga kirgan. 1725-y. da Gʻarbiy Afrikaning shim. dan kirib kelgan koʻchmanchi chorvador fulbe kabilasi Futa-Jallonda harbiy feodal davlat tuzgan. 15-a. oʻrtalarida Gvineyada dastlabki yevropaliklar paydo boʻlgan. Koʻp oʻtmay uning qirgʻoq boʻyi yerlari mustamlakachilar qoʻl ostiga oʻtgach, ular 19-a. gacha minglab mahalliy aholini qul qilib Amerikaga olib borib sotgan.

19-a. da fransuzlar G. ni tobe etish uchun keskin kurash olib bordi. Fransiya bu kurashda gʻalaba qozondi va 1880—90-y. larda uni bosib oldi. 1895-y. Fransiya Gvineyasi nomi bilan alohida mustamlakaga aylantirildi. Gvineya xalqi mustamlakachilarga qarshi uzoq vaqt kurashib keldi. 19-a. ning 70—90-y. larida malinke xalqining kurashini, Futa-Jallondagi qoʻzgʻolonlarni (1900) fransuzlar qiyinchilik bilan bostirdi. 1904-y. da G. Fransiya Gʻarbiy Afrikasi tarkibiga qoʻshib olindi. Hukumatni fransuz gubernatori boshqardi. 1-jahon urushidan soʻng Gvineyada yevropaliklarning banan, ananas, kofe plantatsiyalari paydo boʻla boshladi. Keyinchalik sanoat korxonalari (asosan konchilik sanoati) vujudga keldi. 2-jahon urushidan soʻng Gvineyada milliy ozodlik harakati avj olib ketdi. 1945—46 y. larda mamlakatda siyosiy partiyalar, toʻgaraklar tuzildi. Afrika Demokratax Birlashmasining seksiyasi sifatida 1947-y. da tashkil topgan G. Demokratik partiyasi mustamlakachilikka qarshi boʻlgan barcha kuchlarni birlashtirish vazifasini oʻz zimmasiga oldi. 1958-y. 2 okt. referendumiga muvofiq Gvineya mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. 1978-y. dan 1984-y. gacha Gvineya Xalq Revolyutsion Respublikasi deb ataldi. 1984-y. apr. da G. Respublikasi nomini oldi. Gvineya 1958-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1993-y. 24-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami —2 okt. — Mustaqillik kuni (1958).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmasi. Gvineya xalqi birlashmasi (1992-y. da tuzilgan), Birlik va taraqqiyot partiyasi (1992-y. da tuzilgan), Taraqqiyot va yangilanish uchun ittifoq partiyasi (1998-y. da tuzilgan). Gvineya mehnatkashlari kon-federatsiyasi (1984-y. tuzilgan) mamlakatning yagona kasaba uyushmasi markazidir.

Xujaligi. Gvineya — kon sanoati nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. ulushi 28%, sanoat ulushi 27,5% (jumladan, kon sanoati ulushi 23,9%)ni tashkil etadi. Mustaqillikka erishgach, Gvineya milliy iqtisodiyoti ancha tez oʻsa boshladi. Ajnabiylarga qarashli kompaniyalar, banklar, elektr st-yalar, bir qancha korxonalar davlat ixtiyoriga olindi.

Qishloq xoʻjaligi — G. iqtisodiyotining negizi. Mehnatga qobiliyatli aholining 74% q. x. da band. Asosiy q. x. ekinlari — kofe, banan, ananas, sholi; shuningdek oqjoʻxori, makkajoʻxori, tariq, maniok, batat, yer yongʻoq va b. ekinlar ham ekiladi. Eng muhim texnika ekini — yogʻli palma. Chorvachilik — q. x. da qoloq tarmoq; qoramol, qoʻy va echki boqiladi, baliq ovlanadi. Elektr energiyaning koʻpini gugurt-tamaki va toʻqimachilik k-tlari, gʻisht, mebel, avtomobil va velosiped yigʻish, konserva, yogʻ, sabzavot-meva konservalash, yogʻoch tilish z-dlari bor. T. i. uz. —662 km, avtomobil yoʻllari uz. — 28,4 ming km. Muhim avtomagistrali Konakri, Kindia, Kankan, Beyla, Nzerekore sh. lari orqali oʻtadi. Yirik dengiz portlari: Konakri, Kamsar. Mamlakat ichkarisida yuklarning kupi Milo daryosida tashiladi. Gvineya chetga alyuminiy oksidi, kofe, banan, olmos, oltin, boksit, palma yogʻi, ananas, temir ruda chiqaradi. Chetdan asbob-uskuna, q. x. mashinalari, avtomobil, neft mahsulotlari, metall buyumlar, oziq-ovqat va b. oladi. AQSH, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Kamerun b-n savdo qiladi. Pul birligi — G. franki.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy muassasalari. Gvineyada aholini emlash va kambagʻallarga tibbiy xizmat — bepul. Shifokorlar Konakri politexnika intining tibbiyot f-tida va chet ellarda tayyorlanadi. Mustaqillik eʼlon qilingan paytda katta yoshli aholining 90% savodsiz, odiy oʻquv yurtlari yoʻq edi. 1968-y. da savodsizlikni tugatish milliy boshqarmasi tuzildi, boshlangʻich maktabda milliy tillar oʻqitila boshladi. 7 yoshdan boshlab bolalar uchun 6 y. lik majburiy boshlangʻich taʼlim joriy etildi. Oʻrta maktab 6 y. lik. Hunartexnika taʼlimi malakali ishchilar tayyorlaydi. Oliy uquv yurtlari: Konakri politexnika in-ti. Kankan politexnika in-ti, Fulayya q. x. in-ti. I.-t. ishlari Konakri i.-t. va hujjatlashtirish in-ti, Kindia mikrobiologiya in-ti, Kankan sholi, Kindia meva in-tlari, okeanshunoslik, geliofizika va tropik iqlim sharoitida konstruktiv materiallarni sinash i. t. markazida olib boriladi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekursatuvi. Gvineyada bir qancha gaz. va jur. lar nashr etiladi. Yiriklari: «Jur-nal ofisyel de Gine» («Gvineya rasmiy gazetasi», fransuz tilidagi hukumat xabarnomasi, oyiga 2-marta chiqadi), «Xoroyya» («Qadr-qimmat», fransuz tilidagi haftalik gaz., 1961-y. dan chikadi), «Fonike» (oylik jur., 1974-y. da asos solingan). Gvineya matbuot agentligi 1960-y. da tuzilgan. Gvineya radioeshittirish va telekursatuvi xizmati hukumatga qarashli. Milliy telekursatuv 1977-y. maydan buyon berib boriladi.

Adabiyoti. Gvineya xalklari folklor namunalariga boy. Yozma adabiyotida qasida tarzida yozilgan dostonlar keng tarqalgan. Tarixiy va diniy mavzulardagi qasidalardan baʼzilari (Muhammad Ali Tyamning «Xoja Umar hayoti», 1935) xalq orasida mashhur.

Gvineya adabiyotida yangi poeziya qad. anʼanalar asosida fransuz tilida tarkib topdi. Keyta Fodeba siyosiy mavzudagi «Afrikada tong», «Yarim kecha» (1950) dostonlarini xalq afsonalari asosida yaratgan. Ray Otra (Mamadu Traore) mustamlakachilikka karshi sheʼrlar yezdi («Ozodlik sari» tuplami). Oʻz ijodini avtobiografik qissa («Qora bola», 1953) bilan boshlagan Kamara Ley «Qirolning qarashi» modernistik romanini, «Haykal koʻzlari» hikoyasini nashr ettirdi. «Faralako», «Assiatu sentyabrda» romanlarining muallifi E. Sisse mustaqillik uchun kurash gʻoyasini ilgari surgan. A. Fanturening «Tropiklar doirasi» va «Saxel qoʻshinidagi kishi» romanlarida mustamlakachilikdai keyingi voqelik muammolari koʻtarilgan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Gvineya xalqlarining qad. turar joylari yumaloq shaklda qurilib (oʻtovga oʻxshash), tomi qamish bilan yopilgan. 2-jahon urushidan keyingi binolar qurilishida zamonaviy meʼmorlik namunalari yaqqol koʻrindi. Bu binolarda xonalarni quyoshdan saklovchi bugʻot, panjaralardan foydalanilgan. Mustaqillik yillarida Konakrida jamoat va sanoat binolari: politexnika in-ti, stadion, radiomarkaz, bosmaxona va b. qurildi.

Gvineya hududidan odam va hayvonlarning haykalchalari, uyma bezakli va buyalgan yogʻoch buyumlar, odamlarning yogʻoch shakllari (afsonaviy hayvon boshli, geometrik shaklli), yogʻoch va suyakdan yasalib turli rangga boʻyalgan niqoblar (diniy marosimlarda kiyilgan) topilgan. Qamishdan buyum yasash (turli rangga boʻyalgan sumka, yelpigʻich, savat va b.), geometrik hoshiyali rangdor matolar tuqish rivojlangan. Gvineyada professional sanʼat rivojlanmagan.

Teatr sanʼati qad. Qishloq bayramlarida yuzi va tanalari boʻyalgan, serhasham kiyim va niqoblardagi raqqoslar oʻyini koʻpincha teatr tomoshalariga aylanib ketadi. 1948-y. G. shoiri K. Fodeba Parijda «Afrika baleti» ansamblini tuzdi. Shu asosda «G. Afrika baletlari» tashkil topdi (1958). 1964-y. da «Joliba» millim ansambli tuzildi. Har yili badiiy havaskorlar toʻgaraklarining koʻrigi oʻtkaziladi. Viloyatlarda bahordan kuzgacha drama, folklor, balet, qoʻshiq musobaqalari oʻtkazish odat tusiga kirgan.

Mamlakatda yiliga 2—3 film yaratiladi. 30 ga yaqin kinoteatr bor.


Lotin alifbosida maqola: GVINEYa haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
OKEAN
ROSSIYA
XITOY
FRANSIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты