FUQAROLIK HUQUQI — huquq sohasi; yuridik jihatdan teng boʻlgan subyektlar oʻrtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi va mustahkamlovchi huquq normalari yigʻindisidan iborat. Fuqarolik huquqi oʻzining predmeti hisoblangan mulkiy va shaxsiy munosabatlarni tartibga solishda ishtirokchilarining tengligini eʼtirof etishga, mulkning daxleizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga bironbir kishining oʻzboshimchalik b-n aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligiga, fuqarolik huquqlari toʻsqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan hukuqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini taʼminlash zarurligiga asoslanadi. Fuqarolik huquqida mulkiy munosabatlar asosiy oʻrinni egallaydi. Mulkiy munosabatlar jumlasiga mulkni egallash, undan foydalanish va uni tasarruf etish, majburiyatlarni bajarish b-n bogʻliq munosabatlar va sh. k. kiradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Fuqarolik huquqi boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlarni ham tartibga soladi. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy munosabatlar jumlasiga shaʼn, qadrqimmat, ishchanlik obroʻsi, intellektual mulk obyektlari bilan aloqador munosabatlar kiradi. Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat F. h. ning subyektlari hisoblanadi. Fuqarolik huquqining obyektlariga ashyolar, shu jumladan, pul va qimmatli qogʻozlar, boshqa buyumlar, molmulk, shu jumladan, mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, sanʼat asarlari va intellektual faoliyatning boshka natijalari, shuningdek, shaxsiy nomulkiy xuquqlar va b. moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi F. h. ning asosiy manbaini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va FK tashkil etadi.