GENETIKA VA OʻSIMLIKLAR EKSPERIMENTAL BIOLOGIYASI INSTITUTI, Oʻzbekiston FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi ilmiy tadqiqot instituti — genetik injeneriya, biotexnologiya, genetika, oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi, q. x. ekinlari agrobiologiyasi boʻyicha yirik ilmiy va muvofiqlashtiruvchi markaz. 1997-y. da Oʻzbekiston FA Genetika in-ti va Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining qoʻshilishidan tashkil topgan (Genetika in-ti 1992-y. da Oʻrta Osiyo fitopatologiya i. t. in-ti, Oʻzbekiston FA in-tlari tarkibidagi bir necha turli lab. lar bazasida tashkil etilgan). Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan. In-t tarkibida 20 lab., 0,8 ga maydonli fitotron, ilmiy jihozlarni taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻlimi, Fargʻona filiali, Sirdaryo tayanch punkti, 2 eksperimental baza va Piskent tumanida Doʻstbekov nomidagi jamoa xoʻjaligi bor. In-tga dala tajribalari uchun 23 ga, keng mikyosdagi dala tajribalari uchun 600 ga yer (Sirdaryo viloyatida) ajratilgan. In-t faoliyatining asosiy yoʻnalishlari: molekulyar-genetik va gen injeneriyasi tadqiqotlarini qoʻllagan holda transgen oʻsimliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar olish biotexnologiyasini yaratish boʻyicha idoralararo «Gen injeneriya markazi» dasturini amalga oshirish; genetika yutuqlari negizida gʻoʻza, bugʻdoy, makkajoʻxori va b. ekinlarning yangi navlarini yaratish, respublikada tarqalmagan ekinlar introduksiyasi; oʻsimliklar genetik resurelarini saqlash va ulardan foydalanish sohasida fundamental tadqiqotlar oʻtkazish; oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi sohasida shoʻrga, qurgʻoqchilikka chidamlilik mexanizmlarini aniqlash, ontogenezni boshqarish boʻyicha tadqiqotlar olib borish; q. x. da pestitsidlarni qoʻllashning viruslar, mikroorganizmlar, hayvonlar va oʻsimliklar irsiy apparatiga taʼsirini oʻrganish; mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan pestitsidlar, oʻstirish stimulyatorlari, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari sinovini tashkil etish va b.
In-tda yirik ilmiy yoʻnalishlar va maktablar shakllandi; miqdoriy belgilarga koʻra gʻoʻza genetik kolleksiyasi, qimmatli xoʻjalik belgilarining irsiylanishi va oʻzgaruvchanligi oʻrganildi (akad. J. A. Musayev); sitoembriologik, genetik, kariologik, anatomik usullar bilan jahon gʻoʻza genofondi kolleksiyasi yaratildi (akad. A. A. Abdullayev), gʻoʻza, mosh, bodring transgen oʻsimliklari olindi (A. Abdukarimov); yangi gʻoʻza navlarini yaratishda geterozis hodisasidan, radiatsiya va kimyoviy mutagenezdan foydalanish yoʻllari (N. N. Nazirov, O. Jalilov), gʻoʻza genomi tuzilmasi va funksional faolligi oʻrganildi (A. P. Ibrohimov) va b. In-tda gʻoʻzaning 30 dan ortiq r-nlashtirilgan navlari yaratilgan (Toshkent gʻoʻza navlari, AN gʻoʻza navlari, Yulduz va b.). In-t faoliyati F. M. Mauyer, S. S. Sodiqov, S. X. Yoʻldoshev, S. M. Mirahmedov, V. S. Shardakov, V. L. Golodkovskiy, J. A. Musayev, A. A. Abdullayev, M. V. Muhammadjonov, A. A. Abdukarimov, O. J. Jalilov, I. A. Vlasova, A. P. Ibrohimov, H. S. Samiyev va b. olimlar nomi bilan bogʻliq. In-tda aspirantura bor. Ilmiy toʻplamlar nashr etadi.
Abdusattor Abdukarimov.